07:30 / 12.08.2021
2 332

O‘zbekistonga faqat xorijlik murabbiylar kerak


O‘zbekistonning istalgan yoshdagi terma jamoasiga zudlik bilan chet ellik murabbiylarni olib kelish kerak degan fikrdaman.
Mana, bugun O‘zbekiston U-15 terma jamoasi Tojikiston U-15 terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, 3:6 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Balki bu o‘rtoqlik o‘yini, rasmiy bellashuv emas-ku dersiz, lekin o‘rtoqlik bahsidayam 6ta gol o‘tkazish uyatdan boshqa narsa emas!

Bir oy oldin Misrda o‘tkazilgan U-20 Arab Kubogida qatnashgan yoshlarimiz guruhdan chiqa olmay qaytgandi. O‘sha musobaqada Tojikiston U-20 terma jamoasi guruhdan chiqishni uddalagandi. Biz esa shunchaki uchta o‘yin o‘tkazib qaytganmiz. U-20 Arab Kubogiga terma jamoani Ildar Magdeyev bilan Dmitriy Kim olib ketgandi.

Bugun mag‘lub bo‘lgan O‘zbekiston U-15 terma jamoasi bosh murabbiyi esa Server Jeparov hisoblanadi.
Bu mag‘lubiyatlar bekorga bo‘layotgani yo‘q. Chunki O‘FA terma jamoalarga malakasi yuqori bo‘lmagan murabbiylarni qo‘yyapti.

Masalan, Jeparov o‘z vaqtida kuchli futbolchi bo‘lgan, bunga shubha yo‘q. Lekin murabbiylik sohasida nimaga erishdi? U qaysidir klub o‘rinbosarlari yoki U-18 jamoasini boshqardimi? "Dubl" bilan chempion bo‘ldimi? O‘smirlar bilan shahar chempionatini yutdimi? Yo‘q.

Yoki Ildar Magdeyev futbolni tugatib qanaqasiga birdaniga terma jamoa bosh murabbiyi bo‘lib qoldi? Yoki bu qo‘lingda litsenziya bo‘lsa ishing tayin deganimi?

Bunday sharmandali natija O‘FAda terma jamoalar bilan ishlash noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatyapti. Vaziyatni to‘g‘rilash uchun nima qilish kerak? Zudlik bilan chetdan ishtiyoqi baland, "tanish-bilish", "soqqani bos", "o‘zingnikini tiqishtir", "roditellar gapiga kir" kabi futbolimizning qon-qoniga singib ketgan "zamonaviy o‘zbek futboli atamalari"dan uzoq murabbiylarni olib kelish kerak. Ularning ishiga hech kim aralashmasin, o‘zlariga qo‘yib beraylik. Kimni chaqirsa o‘zi hal qilsin.

To‘g‘risi, shaxsan menda o‘zimizning mahalliy murabbiylarga ishonch yo‘q. Murabbiylarimiz o‘zbek futbolida revolyutsiya qiladigan darajada kuchli deb o‘ylamayman. Shu bois O‘FA har bir terma jamoa uchun - xoh erkaklar, bolalar, ayollar, xoh futzal bo‘lsin eng avvalo chetdan murabbiy qarashi kerak.

Muallif: Xayrulla Xoliqov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonga faqat xorijlik murabbiylar kerak