20:20 / 17.08.2021
3 003

Shomurodov zo‘rmi yoki Abraxam yoxud Mourinoni kimga imkon beradi?

Shomurodov zo‘rmi yoki Abraxam yoxud Mourinoni kimga imkon beradi?
“Roma”ning mavsumoldi transferlari ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda. Joze Mourino Rim klubini qabul qilib olganidan keyin tarkibni kuchaytira boshladi. Yangi mavsum boshlanishi oldidan portugaliyalik murabbiy jamoaga darvozabon Ruy Patrisiu, himoyachilar Rojer Ibanes, Brayan Reynolds, Matias Vina va hujumchi Eldor Shomurodovni oldi.

Endi “Roma” yana bir transferni rasman e’lon qildi va “Chelsi”ning iste’dodli hujumchisi Temmi Abraxam “Roma” sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. Ayni paytda ko‘plab mutaxassislar Joze Mourino jamoasida asosiy hujumchi kim bo‘lishini muhokama qilmoqda. Umuman olib qaraganda, har ikki hujumchining bir-biridan ustun tomonlari yetarli.

Transfer summasi asosiy tarkibga kafolatmi?
“Roma” Eldor Shomurodov uchun 20 million yevroga yaqin mablag‘ sarfladi va o‘zbek futbolchisiga yiliga 2 million yevro maosh beradigan bo‘ldi. Temmi Abraxam esa, rimliklarga 40 million yevroga tushdi va maoshi ham shunga yarasha besh million yevroni tashkil qilmoqda. Bu “Roma” darajasidagi klub uchun katta transfer va katta maosh hisoblanadi.

Moliyaviy nuqtai nazardan Abraxamning tarkibdagi joyi kafolatlangan. Chunki klub qimmatbaho o‘yinchini zaxirada saqlab o‘tirishdan manfaat ko‘rmaydi. Agar Joze maydonda ikkita hujumchi bilan harakat qiladigan bo‘lsa, ikkinchi joyga Shomurodov asosiy da’vogar. Jamoada “Real”dan ijaraga olingan Borxa Mayoral borligini ham unutmaslik kerak.

O‘yin sifati bo‘yicha ustunlik Eldor Shomurodovda!
O‘yin borasida ko‘pchilik Shomurodovning imkoniyatlarini kengroq baholamoqda. Bu borada hamyurtimizning angliyalik futbolchidan ustun tomonlari quyidagicha: Eldor o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini yuqori saviyada o‘tkazdi va yozgi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham to‘purarlik mahoratini namoyish qilmoqda. Abraxam esa, o‘tgan mavsumning ikkinchi qismida o‘zini ko‘rsata olmadi va jarohati ham vaziyatni chuqurlashtirib, “Chelsi”dagi joyini yo‘qotdi.

Eldor Shomurodov “Jenoa”ga o‘tganidan keyin yarim yil davomida A Seriyaga moslashib oldi. Temmi hali Italiya futboliga ko‘nikishi, italyanchani o‘rganishi va mahalliy sharoitga moslashishi kerak. Bu esa vaqt talab qiladigan masala.

Shu omillarni hisobga olgan holda o‘yinchi sifatida Eldorning foydasi ko‘proq tegadi.

Iste’dod ustunmi yoki mehnatkashlik?
Salohiyat bobida Temmi Abraxam ustun. Angliyalik charm to‘p ustasi tug‘ma talant, Eldordan uch yoshga kichik va anchadan beri Yevropaning eng iste’dodli hujumchilari qatorida tilga olinadi. Shomurodovning yo‘li biroz boshqacha. Eldor har qanday marraga mehnat bilan erishish timsoli. O‘zbek hujumchisi tinimsiz mehnat, o‘z ustida ishlash va mashaqqatli mashg‘ulotlar evaziga o‘sishga erishayotgani ko‘p bor tan olingan.

“Roma”dagi mavsum “Iste’dod ustunmi yoki mehnatkashlik?”, degan savolga javob topib berishi kerak.

To‘purarlik mahorati
Raqib darvozasiga ko‘p gol urish masalasida ham ustunlik Abraxam tomonida. U juda ko‘p gol urishi mumkin. “Aston Villa”da o‘ynagan paytda 40 uchrashuvda 26 ta gol urishga erishgan. Shomurodovda to‘p kiritishda barqarorlik yetishmaydi. “Rostov”da ketma-ket gol ura boshlaganidan keyin bir necha oy raqib darvozasiga yo‘l topa olmadi. “Jenoa”ga o‘tganidan keyin ham golsiz seriya kuzatildi.

Himoyaviy o‘yin
Bu borada katta ustunlik Shomurodov tomonida. Eldor A Seriyaning eng mehnatkash hujumchilaridan biri ekani tan olingan. U hujumkor futbolchi bajaradigan vazifalardan tashqari orqaga qaytib, himoyachilarga katta yordam beradi. Abraxam esa bo‘sh himoyalanishi, pressinglarni boy berishi va ortga qaytmasligi uchun ko‘p bor tanqid ostiga olingan. Statistakalar shuni ko‘rsatmoqdaki, Shomurodov o‘tgan mavsumda har bir o‘yinda Abraxamga qaraganda besh marta ko‘p raqibdan to‘pni olib qo‘ygan.

Ularni birga o‘ynatish kerak
Joze Mourinoda bu ikki hujumchidan bir vaqtning o‘zida foydalanish imkoni bor. Shomurodov sherik bilan o‘ynashga ko‘nikkan hujumchi. Biroq, Joze Mourino keyingi paytda bir nafar markaziy hujumchidan foydalanyapti. Eldor esa ana shunday o‘yinlarning ikkitasida qatnashib, bittadan gol urdi va golli pas oshirdi.

Temmi Abraxam klassik markaziy hujumchi hisoblanadi. Eldorning ustunligi hujum markazidan tashqari, u qanotlardan hujumga o‘tish, hujumchi ortida o‘ynash ko‘nikmasini yaxshi o‘zlashtirgan.

Nima bo‘lganda ham, bu yog‘i Joze Mourinoning taktikasi va tanloviga bog‘liq bo‘ladi. Shunday ekan, bizlarni juda qiziqarli mavsum kutmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov zo‘rmi yoki Abraxam yoxud Mourinoni kimga imkon beradi?