22:04 / 22.08.2021
3 104

"Katanes terma jamoamizda boshida nimadir qila olmasligi mumkin, lekin...". Mutaxassis fikri

"Katanes terma jamoamizda boshida nimadir qila olmasligi mumkin, lekin...". Mutaxassis fikri
Mutaxassislarning O‘zbekiston milliy terma jamoasiga tayinlanishi kutilayotgan yangi bosh murabbiyi Srechko Katanes borasidagi fikrlarini e’tiboringizga havola qilishda davom etamiz. Ayni paytda "Turon" jamoasida Igor Shkviringa ko‘maklashayotgan sobiq futbolchi, O‘zbekiston terma jamoasida bir nechta uchrashuvlarda maydonga tushgan Shuhrat Rahmonqulov Srechko Katanes va boshqa mavzularda munosabatini bildirdi.

Srechko Katanetsning tayinlanishi haqida
- Avvalo har qanday xorijlik murabbiy kelgach vaqt berish kerak. O‘z vaqtida MXSK klubida to‘p tepganmiz. O‘shanda jamoani chempion qilish uchun bir necha yil vaqt ketgan. Eng yaxshi futbolchilar yig‘ilgan bo‘lsa ham, natija darrov kelmagan. Mazkur jarayon oson emas. Murabbiy va futbolchilar bir-birini tushunib olishi lozim. Rahbariyat hamda murabbiylar o‘zaro til topishib ketishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bilasiz, futbolda mayda kamchilik bo‘lmaydi. Katanes terma jamoamizda boshida nimadir qila olmasligi mumkin. Olib kelindimi, sharoit va vaqt berilsin. Hamma narsani o‘z fursati bor. Sloveniyalik murabbiy oz muncha pulga kelmayotgani aniq. Rahbariyat hamma narsani taroziga solib ko‘rgan, deb o‘ylayman. Iroqda ishlagan bo‘lsa ham, eng yaxshi futbolchilarini yig‘ib, Yevropalarda yig‘in o‘tkazgan. Iroqda yashamagan, deb o‘ylayman.

Shuhrat Rahmonqulov qaysi murabbiy boshqarishini kutayotgandi? Mazkur savolga murabbiy quyidagicha javob berdi.
- O‘zimizni murabbiylarga imkoniyat beriladi, deb o‘ylagandim. O‘zbekistonda yaxshi mutaxassislar bor. Oldimizdan oqqan suvning qadri yo‘q. Klub misolida aytaman, Viktor Kumikovni "Andijon"ga chaqirishdi. Bundan biroz murabbiy sifatida ranjidim. U kelib nima qilib berardi? Shuncha yil O‘zbekistonda ishlab nima olib kirdi? Yosh murabbiylardan Yorqin Nazarov endi yaxshi ishlab kelayotgandi. U ham yerdan chiqqan qo‘ziqorinmas. O‘z vaqtida sobiq ittifoq o‘smirlar terma jamoasiga chaqirilgan. Yaxshi murabbiylar qo‘l ostida to‘p tepgan. Hammasi iziga tushayotgan pallada o‘rniga boshqa murabbiyni olib kelishdi.

O‘zbekistonlik murabbiylarni ozroq vaqt bo‘ldimi yoki tanaffus yuzaga keldimi, xorijga tajriba oshirgani yuborish zarur. Katanes olib kelindimi, yuqorida aytganimdek, fursat berish kerak. Eshitishimga qaraganda, juda talabchan ekan. Yevropadan bizga qandaydir yangilik olib kirsa, bundan faqat xursand bo‘lamiz. Bu futbolimiz ravnaqi uchun muhim. Shuningdek har bir klub murabbiylari qo‘ldan kelgancha Katanetsga yordam berishini istardim. Masalan, bir klubdan 1 ta futbolchi, boshqa klubdan 4 ta futbolchi chaqirsa, murabbiylar hafa bo‘lmasligi darkor. Deylik, "seni chaqirmadi, uni o‘rniga boshqa futbolchini chaqiribdi, baribir seni o‘ynatmaydi", degan gaplar o‘rniga barcha birlashishi shart.

Futbolchi terma jamoaga ko‘zi yonib katta ishtiyoq bilan borsin-da, chunki bu o‘z nomi bilan terma jamoa. Murabbiy shuncha futbolchilar orasidan uni chaqirdi. Kengaytirilgan tarkibga kirgan 25 nafar futbolchidan 20 nafarini olib qolsa, qolgan 5 ta futbolchi hafa bo‘lishni boshlaydi. Natijada uning klubdagi murabbiyi ranjiydi. U futbolchini olib qolib, menikini qaytarib yuboribdi, "keyingi safar chaqirsa, bahona qilib yubor, borma, undan ko‘ra o‘zimizni klubga yordaming tegsin", deydi. Mana shunday yo‘l bilan futbolchining ongini o‘zgartirib qo‘yadi. Qo‘pol gapirganda har bir murabbiy o‘zining klubini o‘ylaydi. Mana shunday narsalar bo‘lmasligi lozim.

Ektor Kuper kelgach Osiyo kubogiga tayyorlash uchun vaqt kam edi. Qaysidir ma’noda qit’a musobaqasi jahon chempionati yo‘lida qurbon qilindi, deya olamiz. Katanes bilan ham shunday holat takrorlanishi xato bo‘lmaydimi? Mazkur savolga murabbiy quyidagicha javob berdi va bugungi avlod haqida ham aytib o‘tdi.

- Terma jamoaga kelib, bir kalla ustun raqiblarni yutib, darhol natija qilish oson ish emas, qiyin. To‘g‘ri, uni oldida terma jamoani tayyorlash uchun vaqt yetarli. Osiyo kubogida ham biror natija qila olmasa, fojia yasamasdan, qo‘llab-quvvatlashda davom etish ma’qul. Bunday katta turnirlar futbolchilarimizning darajasini bilib oladigan payt hisoblanadi. Katanes kim nimaga qodirligini o‘shanda bilib oladi. Birinchidan hozirgi avlod haqida gapirsak, qani Jeparovlar? Odil Ahmedov ham faoliyatini yakunlash arafasida, yoshi o‘tib qoldi.

Ularning o‘rnini bosadigan futolchilar chiqmayapti. Nostandart qarorlarga ega, bitta pas bilan golli vaziyatga olib chiqadigan ijrochilar sanoqli qolgan. Bu bilan o‘zimizning futbolchilarni kamsitmoqchi emasman, lekin bitta zo‘r avlod chiqmayapti-da. Misol uchun, bitta klubda yaxshi iqtidorli kelajagi porloq futbolchi chiqib qolsa, kuchli klubga ketmasdan, qolib ketaveradi. Top-klublar so‘radimi, berish lozim. Vodiyda, umuman, O‘zbekistonda iqtidorlar juda ko‘p. Ularning ko‘pi yo‘qolib ketdi.

Murabbiyning bitta xatosi, o‘sha klub so‘raganda bermasligi o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Futbolchining ustozi "Bunyodkor"ga beraman desa, ota-onasi "Paxtakor"ga deydi. Natijada o‘rtada nizo yuzaga keladi. Bola qolib ketadi. Akademiyalarimizni ko‘paytirishimiz maqsadga muvofiq bo‘lardi. Hozirda chempionatimizda "sayohatchi" legionerlar ko‘payib ketgan. Agarda akademiyalarimiz "Bunyodkor" yoki "Nasaf" kabi ishlasa, raqobat yuzaga kelsa, saviyasiz legionerlarni keragi bo‘lmay qoladi.

Murabbiydan terma jamoamiz haqidagi fikrlari bilan bir qatorda, "Turon" haqida ham so‘radik.

- "Turon" klubi tashkil topganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramasdan, qisqa vaqt ichida ko‘p ishlarni amalga oshira olishdi. Superligaga chiqishdi, qo‘ldan kelgancha harakat qilishmoqda. Buning uchun klub rahbarlariga minnatdorchilik bildiraman. Igor Shkvirinni yordamga chaqirdi. Jamoani uchrashuvlarga munosib tayyorlashga urinyapmiz. Xudo xohlasa hammasi ijobiy tomonga o‘zgaradi, deb o‘ylayman, chunki klubda hamma o‘z ishini sidqidildan bajaryapti. Ko‘p klublarda faoliyat olib bordim. Har bir xodim o‘z ishini qilishi kerak ekan.

"Turon"da shu narsani ko‘rdim. Professionalikka intilishmoqda. Ma’lum bir maktab ko‘rmagan futbolchilar ham bor. Ko‘cha futbolidan kirib kelgan hamma futbolchi ham professionalikka rioya qilmaydi. Bu yerda futbolchilarda harakat bor. Akademiyamizni keyingi yildan yanada yaxshiroq yo‘lga qo‘yamiz. Hozir ham yo‘q emas. Yanada yaxshiroq bo‘lishi uchun tinimsiz mehnat qilishmoqda. Rahbariyat akademiyaga katta e’tibor qaratmoqda. Ularning maqsadi mahalliy futbolchilar bilan yaxshi jamoa tuzish. Bosqichma-bosqich OCHLga chiqadigan darajaga keltirishmoqchi.

Bu yil biroz qiyinroq bo‘lyapti. Mavqeyimizni ko‘tarib olsak, keyingi yil boshqacha "Turon"ni ko‘rasizlar. O‘rinbosarlarimiz o‘z chempionatlarida ikkinchi o‘rinda ketishmoqda. Legionerlarning o‘rnini bosadigan futbolchilar yetishib chiqmoqda. O‘yinlarini ko‘rdik. To‘g‘ri tarbiyalasak, mevasini olamiz. Bizga o‘rtamiyona legioner kerak emas. O‘zimizning yosh va mahalliy yigitlarni pishitsak bo‘ladi. Ularni xorijdan kelgan futbolchilardan kam joyi yo‘q. Faqat tajriba va ishonch bildirish lozim, tamom.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Katanes terma jamoamizda boshida nimadir qila olmasligi mumkin, lekin...". Mutaxassis fikri