16:10 / 24.08.2021
1 903

Ro‘ziqul Berdiyev: "Superligadagi natijalarimiz ertaga futbolchilarning kayfiyatiga ta’sir qilmaydi"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Superligadagi natijalarimiz ertaga futbolchilarning kayfiyatiga ta’sir qilmaydi"
OFK kubogi chorak finalidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Ahal" uchrashuvidan oldin matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev va Husayn Norchayev ishtirok etdi.

"Ertangi o‘yinga tayyorgarligimiz ko‘ngildagidek o‘tdi. Futbolchilarimiz har tomonlama tayyor. Raqibimiz "Ahal" ajoyib jamoa. Ularning o‘yinlarini ko‘rganda haqiqatdan ham futbol o‘ynashini, turli sxemalardan foydalanishlarini, individual kuchli futbolchilarga egaligiga amin bo‘ldik. O‘ylaymanki, qiziqarli bahs kutmoqda. Maydonda bor kuchimizni ishga solib kerakli natijaga erishishimiz zarur", - deydi Ro‘ziqul Berdiyev.

- "Ahal" jamoasini yetarlicha o‘rganib chiqdik. Munosib hozirlik ko‘rdik. Muxlislarni xursand qiladigan natija qayd etishga harakat qilamiz, - deydi Husayn Norchayev.

- "Nasaf"da bir necha yillardan beri faoliyat ko‘rsatib kelyapsiz. Turkman futbolining qaysi jihatlari bizdan ortda yoki ustun?
- Aytish kerakki, Turkman jamoalari bilan oldin ham bir necha marotaba to‘qnash kelganmiz. Ularning milliy terma jamoa o‘yinlarini ko‘p kuzatamiz. Bizga o‘xshash tomonlari bor. Texnikaga tayangan holda taktik futbol ko‘rsatadi. Menimcha futboldagi mentalitet bir-biriga o‘xshash. Alabatta darajasi turlicha bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda futbol o‘yinlari yaxshi tashkil qilinib barqaror o‘tib kelmoqda. Ularda pandemiya sababli ichki chempionat bahslari o‘tkazilayotgani yo‘q. Qaysidir ma’noda jamoamizga asqotishi mumkin. O‘zbekiston va Turkmaniston tabiati ham deyarli bir xil. Issiqda ham, sovuqda ham futbol o‘ynay olishadi. Shunga yarasha yigitlarni maksimal darajada tayyorlashga harakat qildik. Raqibning ikkita o‘yinlarini ko‘rib chiroyli futbol ko‘rsatishiga guvoh bo‘ldik. Bosh maqsadimiz yurtdoshlarimizni g‘alaba bilan xursand qilish.

- "Nasaf" OFK kubogida g‘olib chiqish uchun Superligani qurbon qilyapti degan gaplar qanchalik haqiqatga yaqin?
-Har xil gaplarga ishonaverish kerakmas. Har bir musobaqadagi o‘yinlarga maksimal darajada harakat qilyapmiz. Qaysidir o‘yinda yutyapmiz yoki ochko yo‘qotmoqdamiz. Bor imkoniyatimizni ishga solmoqdamiz. Muxlislardan bunday gaplarga e’tibor bermasliklarini so‘rab qolardim.

- Superligadagi natijalar jamoaning kayfiyatiga ta’sir qilayotgani yo‘qmi?
- So‘nggi turlarda Superliganing yetakchi jamoalari bilan o‘ynadik. O‘ylaymanki, ertangi bahsda yigitlarning kayfiyatiga ta’sir qilmaydi. Jamoani ichida bo‘lganim uchun futbolchilar har tomonlama tayyor ekanligini ko‘rib turibman.

- Legioner mahalliy futbolchidan bir bosh ustun bo‘lishi kerak. "Nasaf"ga yozgi transferlar oynasi vaqtida yangi xorijlik futbolchi kelib qo‘shildi. Andriya Kaluderovich jamoaga qay darajada qo‘shilib keta oldi? Ertangi o‘yinda uning qanchalik yordami tegishi mumkin? Legioner borasida sizda havotir bormi?
- Yangi legionerimiz jamoaga kirishib ketdi. Har qanday chetdan kelgan futbolchini yaxshi qabul qilishimiz kerak. Biz shunga e’tibor qaratamiz. Andriyada tajriba bor. Unlan Superligada to‘purar bo‘lishni talab qilmasligimiz mumkin. Lekin kerakli o‘yinda yordam bersa bo‘lgani. Ertangi bahsga yuqori kayfiyatda tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shunday ekan xavotirga o‘rin yo‘q. Eng yaxshi tayyorgarlikka ega futbolchilarni tushiramiz. Darvozabonimiz jarohat olgan, bilasizlar. Abduvohid Ne’matov kamida bir yoki ikki oyni o‘tkazib yuborishi ehtimoli bor.

- "Nasaf" ayni paytda xalqaro maydonda ishtirok etayotgan O‘zbekistonning yagona jamoasi bo‘lib turibdi. Tabiiyki muxlislar klubdan chempionlikni kutadi. Bu futbolchilarga ortiqcha bosim yuklamaydimi?
- Menimcha yo‘q. OFK kubogida yaxshi start oldik. Ikkinchidan oradan ancha vaqt o‘tdi. Jamoamizning qanchalik imkoniyatga egaligini yaxshi bilamiz. Futbolchilarning ruhiy tayyorgarligini yaxshi olib borishga intilmoqdamiz. Ertaga ham bosimni yengishga tayyormiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Superligadagi natijalarimiz ertaga futbolchilarning kayfiyatiga ta’sir qilmaydi"