Srechko Katanes boshchiligidagi murabbiylar shtabidan Ravshan Haydarov ham joy olishi haqida xabarlar tarqaldi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi Srechko Katanes Toshkentga kelganiga bugun oltinchi kun bo‘ldi. Biroq hozircha ushbu mutaxassis bilan shartnoma imzolangani yo‘q. Ma’lum bo‘lishicha, yangi murabbiy o‘zbek futbolidagi shart-sharoitlarni o‘rganyapti, stadionlarni ko‘ryapti va kerak paytda o‘z maslahatlarini beryapti.
Toki shartnoma imzolanmas ekan, bosh murabbiy deyish ham biroz noqulay. Chunki har narsa bo‘lishi mumkin. Lekin faraz qilamiz, shartnoma imzolandi va Katanes ishga kirishdi. Uning murabbiylar shtabida kimlar bo‘ladi?
Sloveniyalik murabbiy o‘zining ikki nafar yordamchisi bilan tashrif buyurdi. Shuningdek unga mahalliy murabbiy ham ko‘maklashadi. Bu - Ravshan Haydarov. Ma’lumki, Ravshan Haydarov hozirda O‘zbekiston U-22 terma jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi. U bilan shu paytgacha terma jamoada ishlab kelgan to‘liq tarkib ham milliy jamoaga o‘tadi deyishyapti. Ya’ni, bu o‘rinda shifokorlar, massajchilar, administrator va boshqa murabbiylarni nazarda tutyapmiz.
Shunday bo‘ldi ham deylik, bu tanlov qanchalik o‘zini oqlaydi? Quyida shu haqda ba’zi fikr-mulohazalarni bildiramiz.
Katanetsga mahalliy murabbiy kerakmi?
Murabbiylar turlicha bo‘ladi. Ayniqsa xorijliklar. Kimdir murabbiylar shtabini to‘liq o‘zi bilan olib keladi. Jamoada faqat o‘zi kabi xorijliklar ishlaydi. Masalan, Ektor Kuper bilan shunday bo‘lgandi. Kimdir esa o‘zi bilan faqat ikki yo uch nafar yordamchisini olib keladi va yangi ish joyida unga mahalliy murabbiyni berishsa e’tiroz bildirmaydi.
Srechko Katanes murabbiylar shtabida mahalliy murabbiy bo‘lishi kerakligini o‘zi xohladimi yoki O‘FA sizga shu kishi yordam beradi deb Haydarov variantini taqdim etdimi, ochig‘i bizga ma’lum emas. Aytaylik, Katanes Toshkentga kelishidan oldin ba’zi savollar muhokama qilib olingan va menga mahalliy murabbiy kerak, chunki futbolchilarni va umuman futbolingizni yaqindan bilmayman degan bo‘lishi mumkin. Va shundan so‘ng O‘FA rahbariyati bu borada bir qarorga kelib, Ravshan Haydarov nomzodini ma’qullagan bo‘lsa kerak.
Haydarov necha yoshda, Katanes-chi?
Ravshan Haydarov shu yilning 15 iyul kuni 60 yoshni qarshi oldi. Buni qarangki, Srechko Katanes 16 iyulda tug‘ilgan va 58 yoshga to‘ldi. Biz nima uchun yosh haqida gapiryapmiz? Odatda bosh murabbiyning yordamchilari o‘zidan kichik bo‘ladi. Masalan, "Manchester Siti"da Mikel Arteta bir-ikki mavsum Gvardiolaga yordamchilik qildi va shundan so‘ng "Arsenal"ga borib mustaqil faoliyatini boshladi.
Bu o‘rinda yordamchi murabbiy ish paytida bosh murabbiyga yordam berish bilan birga o‘zi ham mustaqil nimanidir o‘rganib boradi va shu orqali tajriba to‘playdi. Aytaylik, Katanes 58 yoshda, Ravshan aka esa undan ikki yosh katta. Shunday bo‘lgach, Haydarovning terma jamoa murabbiylar shtabida ishlashi birinchi g‘alatilikni keltirib chiqaradi. Albatta, bular muallifning shaxsiy fikri va bunday bo‘lmasligi ham mumkin.
Balki Katanes uchun yordamchilarining yoshini ahamiyati yo‘qdir. Lekin erta-indin mashg‘ulot paytida Katanes Haydarovga qarab, "Fishkani bunday qo‘ying, darvozani nariroq suring" deb baland ovozda gapirishiga ishonmayman. Chunki bu yerda yosh farqi bor, o‘zaro hurmat bor. Har holda Katanes o‘zidan ikki yosh katta murabbiyni, bo‘lib ham O‘zbekistonning turli yoshdagi jamoalarini boshqargan murabbiyni tergamasa kerak.
Yordamchi murabbiy - bosh murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi ko‘prik
Yordamchi murabbiy kim? Avvalo bosh murabbiyning yordamchisi. Shuningdek, u bosh murabbiy bilan futbolchilar o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lishi kerak. Aytaylik, Katanes yangi murabbiy, ko‘p futbolchilarimizni tanimaydi, ularning oilaviy ahvolidan va biror muammosi bor-yo‘qligidan xabari yo‘q. Bu o‘rinda unga kim yordam beradi? Albatta, mahalliy yordamchi murabbiy.
Masalan, qaysidir futbolchining nimadir zarur ishi yoki muammosi chiqib qoldi, chunki bu holat barcha bilan sodir bo‘lishi mumkin. Shunday payt futbolchilar to‘g‘ri bosh murabbiyga borib gapirishga iymanadi va yordamchi murabbiydan foydalanadilar. Bu o‘rinda futbolchi muammosi haqida yordamchi murabbiyga og‘iz ochadi va yordamchi murabbiy o‘z paytida bosh murabbiyga yetkazadi.
Yangi tuziladigan O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabida Ravshan Haydarov yordamchi bo‘lgani bilan bir necha yillardan buyon bosh murabbiy sifatida ishlab kelayotgani bois futbolchilar Ravshan akaga ham gapirishga iymanishlari mumkin. Bu o‘rinda yoshroq murabbiy bo‘lsa, ular bemalol ichidagini aytadi. Ehtimol, bu u qadar jiddiy masala emasdir, lekin erta-indin shunday muammo bo‘lib qolmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.
Beraylik yoshlarga imkoniyat!
Ravshan Haydarovga nisbatan hurmatimiz baland. U kishi qariyb 20 yildan beri turli terma jamoalar bilan ishlab kelmoqda. Bir qator yutuqlarga erishgan. Biroq Ravshan Haydarov U-22 terma jamoamiz bosh murabbiyi bo‘la turib, milliyda Katanetsga yordamchilik qilishi g‘alati ko‘rinadi. Qachonki futbolda hamma faqat o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lmas ekan, o‘zbek futboli bundan foyda topmaydi.
Masalan, Haydarov faqat U-22ga javob bersin, Kapadze faqat U-19ga. Terma jamoani esa Katanetsning o‘ziga qo‘yib beraylik. Kerak bo‘lsa, faqat xorijliklar ishlasin. Futbolchilarni o‘zi topsin, o‘zi tanlasin, o‘zi o‘ynatsin, natija uchun ham o‘zi javob bersin. Atrofida maslahatgo‘ylari bo‘lmasin. Agar Katanetsning o‘zi menga mahalliy murabbiy kerak desa, beraylik yoshlarga imkoniyat! Topaylik biror klubda yoki jamoada ishlamayotgan yosh murabbiyni. Axir har yili litsenziya oladigan o‘nlab murabbiylar chiqyapti-ku.
Muallif: Xayrulla Xoliqov
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi