23:16 / 29.08.2021
2 570

Viktor Jalilov: "Natijalar va jamoa o‘yinida Babayanning yordami tegyapti"

Viktor Jalilov: "Natijalar va jamoa o‘yinida Babayanning yordami tegyapti"
Coca Cola Superliga 16-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Navbahor” (0:1) uchrashuvidan keyin namanganliklar bosh murabbiyi Viktor Jalilov o‘yin haqidagi fikrlarini bildirdi.

- Juda shiddatli va turlicha o‘yin guvohiga aylandik. “Nasaf” har ikki bo‘limda bir nechta xavfli vaziyatlarni yaratdi, lekin ulardan foydalana olmadi. Albatta, darvozabonimiz murakkab holatlarda jamoamizni qutqardi. Ikkinchi bo‘limda zahiradan futbolchilarni maydonga tushirish orqali o‘yinimizni kuchaytirdik. Qizil kartochka ham ishimizni yengillashtirdi. O‘sha vaziyatdan keyin o‘yinni nazorat qildik va albatta, zahira almashtirishini omadli tarzda amalga oshirdik, kuchga to‘la futbolchi maydonga tushib, gol urdi. “Nasaf”dagi charchoq alomatlari ham o‘z so‘zini aytdi, shekilli, - dedi Viktor Jalilov.

- Avvalgi o‘yindan keyin legionerlarni tanqid qilgandingiz. Bugun esa ulardan biri gol urdi. Sizningcha, tanqid ularga ta’sir qildimi?
- Gap bizning tanbeh berishimiz yoki tanqid qilishimizda emas. Keyinchalik xotirjam tarzda gaplashib oldik, vaziyatni tushuntirdik. Kosta o‘sha o‘yindan keyin jarohat olgani sababli, so‘nggi ikkita mashg‘ulotda qatnashgandi xolos. Aftidan, hordiq unga ijobiy ta’sir qilgan shekilli, zahiradan o‘yinga qo‘shilib, bor kuchini sarfladi. Umuman olganda, ha, tanqidlar ham foyda beradi, albatta.

- Ayni paytda klubning siz va futbolchilardan qarzdorligi yo‘qmi?
- Bu borada muammo yo‘q. Namangan viloyati hokimi “Navbahor” uchun astoydil qayg‘uradi, asosiy jamoadan tortib, yoshlargacha e’tibor qaratmoqda, har taraflama qo‘llab-quvvatlamoqda. Hozir klubda yo‘lga qo‘yilgan tizim bosqichma-bosqich samara keltirishiga ishonaman. Nafaqat “Navbahor”, umuman, viloyatda bolalar-o‘smirlar futboli rivoji yo‘lida o‘ziga yarasha poydevor qo‘yilgan.

- “Navbahor”ning bronza medallarini qo‘lga kiritish borasidagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Nafaqat bronza, balki kumush medallar uchun ham imkoniyat bor. Turnir jadvalidagi jamoalar to‘plagan ochkolarga qarasangiz, farq katta emasligini ko‘rishingiz mumkin. Ketma-ket ikki o‘yinda g‘alaba qozonganimiz uchun deylik, 4-o‘rindagi jamoa bilan farqni sezilarli kamaytirishga erishdik. Men uchun asosiysi, jamoa o‘yini sifatli bo‘lsin, shundagina natijalarimiz yaxshilanaveradi.

- Samvel Babayanning ham jamoaga yordami tegyaptimi?
- Albatta. U bilan birinchi marta birga ishlayotganim yo‘q. Natijalar va jamoaning o‘yini ham uning yordami tegayotganini ko‘rsatib turibdi, ijobiy o‘zgarishlar bor, “Navbahor” oldinga qadam tashlamoqda.

- Mutaxassis sifatida ayting-chi, bugun “Nasaf”ga g‘alaba qozonish uchun nima yetishmadi?
- Omad yetishmadi. Qolaversa, O‘tkir Yusupov bugun ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Albatta, qisqa muddatda ketma-ket o‘yin o‘tkazishgani uchun biroz charchoq ham pand berdi, deb o‘ylayman.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Viktor Jalilov: "Natijalar va jamoa o‘yinida Babayanning yordami tegyapti"