17:37 / 30.08.2021
2 482

"Nasaf" cho‘kmayapti — CHO‘KTIRILYAPTI! Aybdorlar kema ichida

"Nasaf" cho‘kmayapti — CHO‘KTIRILYAPTI! Aybdorlar kema ichida
Mazkur o‘yindan keyin "ajdarlar" ustozi Ro‘ziqul Berdiyev "yorildi". Bu bizning e’tiborimiz beixtiyor Qarshiga qaratalishiga sabab bo‘ldi. Rostan ham klub rahbariyati va murabbiylar shtabi o‘rtasida kelishmovchilik bormi, futbolchilarga kerakli sharoitlar yaratib berilmayaptimi? Quyida shu haqda.

"Ahal"ga qarshi OFK kubogi doirasidagi o‘yinni yoritish mening chekimga tushgani bois 24-25 avgust kunlari Qarshida bo‘lib qaytdim. Ashxobod klubi bilan o‘yin yakuniga yetgach, kasbimiz taqozosi tufayli tungi 00:30 larga qadar stadionda qolishga majbur bo‘ldik.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev bahsni O‘FA mutasaddilari va Srechko Katanes bilan birgalikda kuzatganidan xabaringiz bor. O‘yindan keyin "Nasaf" rahbariyati martabali mehmonlarni kuzatayotganini ko‘rib, intervyu olish maqsadida ularga yaqinlashdim. Ammo imkoni bo‘lmadi. Ermatov, Isoqov, Haydarov, Katanes singari poytaxtdan kelgan martabali mehmonlar ketganidan keyin "ajdarlar" bosh menejeri Sergey Kucherenko asabiy holatda baqira boshladi. Hayron qoldim. G‘alaba bor, "Nasaf" keyingi bosqichga yo‘llanma olgan bo‘lsa, Sergey Petrovich jamoa a’zolaridan nega norozi bo‘lishi mumkin?

Hayratim uzoqqa cho‘zilmadi. Birozdan keyin stadion ishchilari orasida pichir-pichir boshlanib ketdi: "Yo‘q, prezident o‘ynashni istamaganlar ketaveringlar, debdi".

Ma’lum bo‘lishicha, g‘alabadan keyin futbolchilar kiyinish xonasida jamoa rahbariyatini uzoq kutib qolishgan. Klub prezidenti kirib kelgach esa o‘yinchilar maosh va mukofot pullari bilan bog‘liq muammolar, sharoitlarning yomonligidan noligan. Shunda prezident kimga hozirgi sharoitlar yoqmayotgan bo‘lsa, bemalol erkin agent sifatida ketishi mumkinligini bildirgan. Bu o‘z-o‘zidan klub a’zolarining kayfiyatini tushirib yubordi va "Navbahor" bilan o‘yindan keyin Berdiyevning "tilga kirishiga" sababchi bo‘ldi. Mazkur mutaxassis bunday bayonotni birinchi marta berayotgani yo‘q. Xo‘sh, Berdiyevni faqat moliyaviy muammolar bezovta qilyaptimi?

2 qo‘chqorning kallasi 1 qozonda qaynamaydi
Barchasi 2018 yilning 15 mayida boshlangan edi. O‘sha kuni jamoa bosh menejeri bo‘lib kelgan Shamil Yarulinning o‘rnini "Nasaf" akademiyasi rahbari sifatida ishlab kelayotgan Sergey Kucherenko egalladi. Bu esa jamoa ustozi Ro‘ziqul Berdiyevning vakolatlarini keskin qisqartirdi. Ushbu mutaxassis xuddi Mirjalol Qosimov AGMKda, Shota Arveladze "Paxtakor"da, Hamidjon Aktamov "Qizilqum"da bo‘lgani kabi nisbatan kengroq vakolatga ega bo‘lishni istaydi. Sport jurnalistlari bu juftlik o‘rtasidagi nizoli holatdan xabardor. Yanada aniqroq ma’lumot olish maqsadida bugun klub atrofidagi kishilardan biri bilan bog‘lanib ko‘rdik. Afsuski, u barcha gumonlarimizni tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda klubdagi ichki muhitga umuman havas qilib bo‘lmaydi. "Nasaf" ayni paytda 2 lagerga bo‘linib ketgan: bir tomonda Berdiyev va uning futbolchilari bo‘lsa, narigi tomonda jamoa rahbariyati. Ikki tomon ham narigisining klubdan ketishini istaydi. Ammo...

Otish uchun o‘q yo‘q (Har 2 tomonda ham)
Ro‘ziqul akaning fikricha, jamoa rivojlanishi uchun Kucherenko "Nasaf"dan ketishi kerak. Biroq klub prezidenti Sergey Petrovichni qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘z navbatida rahbariyat ham Berdiyevning ketishini istaydi. Ammo mutaxassisning jamoa muxlislari orasidagi mavqeyi bunga yo‘l qo‘ymaydi.

Chetlatish operatsiyasi ish bermadi
Yodingizda bo‘lsa, joriy mavsum startidan avval "Nasaf"da yana tushunarsiz voqeliklar sodir bo‘lgandi. Rahbariyat futbolchilar va murabbiy bilan shartnoma imzolash masalasini maksimal ravishda kechiktirdi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, bu orqali Berdiyevni jamoadan chetlatib, boshqa mutaxassis olib kelish ko‘zlangan. Hattoki, "Nasaf" rahbariyati Aleksandr Xomyakov bilan og‘zaki kelishuvga ham erishgan. Lekin Ro‘ziqul Berdiyev jamoani shug‘ullantirishda davom etgan. Garchi shartnomasi bo‘lmasa ham. Shundan keyin rahbariyat unga yangi bitim taklif qilishga majbur bo‘ladi.

Navbat murabbiyga
Ro‘ziqul Berdiyev vaziyatdan foydalanib qolishga harakat qilyapti. U bugun klub rahbariyati bilan jiddiy gaplashib olishini aytdi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, Berdiyevning klub siyosatiga ta’sir o‘tkazishga urinishi mutlaqo xato. Afsuski, o‘zbek futbolidagi aksar jamoalarda ob-u havoni, siyosatni bosh murabbiylar hal qiladi. Kucherenko esa boshqa klublarda bo‘lgani kabi qo‘g‘irchoq direktor bo‘lib qolishni istamaydi. Bu borada Sergey Petrovich tutayotgan yo‘l to‘g‘ri. Ammo uning o‘zi vazifalarini ko‘ngildagidek bajarib qo‘ysa, balki Berdiyev bugun e’tiroz bildirolmasdi. Xabaringiz bor, "Nasaf" o‘tgan mavsum kumush medallarga ega chiqqan bo‘lsa-da OCHL emas, OFK kubogida ishtirok etishga majbur bo‘lmoqda. Litsenziyalash talablarining bajarilmaganiga aynan Kucherenko javobgar.

Xullas, "Nasaf"dagi ichki muhit juda achinarli holatda. Klub 2 qutbga bo‘linib ketgan. Rahbariyat Berdiyevning iznisiz futbolchilar istiqomat qiladigan bazaga kirolmayapti. Vaziyatni yumshatishning aniq yo‘li bor: yo Berdiyev, yoki rahbariyat klubni tark etishi kerak. Aks holda, o‘rtadagi nizodan faqat klub va uning muxlislari jabr chekishda davom etadi.

p.s. Aravaga 1 juft ot qo‘shilgan. Ular turli tomonlarga yugurishmoqchi. Bu yerda faqat aravakashning mahorati barchani qutqarib qolishi mumkin.

Faxriddin Ro‘ziyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf" cho‘kmayapti — CHO‘KTIRILYAPTI! Aybdorlar kema ichida