18:36 / 11.09.2021
1 827

Armonga chap bergan Messi (video)

Armonga chap bergan Messi (video)
Lionel Messi yana bir bor o‘z nomini baralla aytilishiga sabab bo‘ldi. Argentina terma jamoasi Braziliya bilan janjalli o‘yindan so‘ng, Boliviyaga tashrif buyurdi. Tarkibda Angliyaga yo‘l olgan 4 futbolchi bo‘lishiga qaramay, bu natijaga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Bugungi Argentina guruhidagi barcha jamoalardan har jabhada bir bosh baland ekanligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

O‘zi shundoq ham Boliviyadan kuchliroq bo‘lgan "albiseleste" o‘yinni Messi bilan boshladi. O‘yinning 14-daqiqasidayoq sharhlovchi argentinalik daho nomini tilga olishga majbur bo‘ldi. Bu Leoning futbol tarixidan o‘rin egallash uchun tashlagan ilk qadamiga aylandi. Aynan shu pallada qahramonimiz afsonaviy Pele o‘rnatgan rekordni yangiladi! Ikkinchi bo‘limda Messi yana ikki bor gol kiritib Janubiy Amerikaliklar orasida terma safida eng ko‘p gol kiritgan futbolchiga aylandi! Faoliyatidagi 55-xet-trik sababli Messi JCH saralashlaridagi o‘zining gollari sonini 26 taga yetkazib oldi. Shu tariqa, Messi do‘sti Luis Suaresning rekordini "tortib oldi".

Boliviya darvozasiga kiritilgan gollardan so‘ng, boshqa raqamlar ham chiroyliroq ko‘rinishni boshladi. Endi uning faoliyati davomida urgan gollari soni 750 ni tashkil etadi. Buning uchun qahramonimizga 932 o‘yin kifoya bo‘ldi. Hakamning hushtagi chalingach, Messi bu rekordlarning birortasini ham o‘ylamagani aniq. O‘sha oqshom Argentina stadionda muxlislari bilan "Kopa Amerika"dagi g‘alabani nishonladi. O‘yin yakunlangach, musobaqa sovrini stadionga olib chiqildi. Argentina so‘nggi bor 1993 yilda kubokni o‘z uyiga olib kelganini inobatga olsak, muxlislarning holatini tasavvur qilish mumkin. Boz ustiga, terma jamoa safidagi finallarini boy beraverib charchagan Leo katta sahnaga va nihoyat chiqdi. Juda ko‘p tanqid qilingan terma jamoadagi sovrinsiz yillar o‘z yakuniga yetdi.

U faoliyatida armon bo‘lib qolishidan juda qo‘rqqan ishni uddalay oldi. O‘yindan so‘ng, Messi o‘zini ushlab tura olmadi. Sovrinni qabul qilib olish jarayoni yakuniga yetguncha, ko‘z yoshlari yuzini yuvib turdi. Uchrashuvdan so‘ng, Lionel bergan intervyusida hissiyotlarini yashirib o‘tirmadi.

"Men niyatimga erishib, bu yil Amerika kubogini qo‘lga kiritdim. Bu sovrinni uzoq kutdim. Bu yutuqni nishonlash uchun bugun o‘yin bo‘lgan o‘z maydonimizdan yaxshiroq joy yo‘q. Bugun onam va akam ham shu yerda. Ular men uchun ancha jon koyitdi, endi esa birga bayram qilamiz. Men baxtiyorman".

Shunga qaramay, hozir Argentina jahon chempionati saralashida Braziliyadan keyingi o‘rinni egallab turibdi. To‘g‘ri, ikkinchi o‘rin ham JCH yo‘llanmasini taqdim etadi, ammo Janubiy Amerikadagi birinchi raqamli kuch kim ekanligni aniqlash muhim! Oldinda hali 10 ta tur mavjud. Sikl yakunida, Janubiy Amerikaning eng kuchli terma jamoasi nomini bilib olishimiz mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Armonga chap bergan Messi (video)