Eldor Shomurodov A Seriyaning uchinchi turida “Sassuolo”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda “soyada qolgan qahramon” rolini bajargan edi. Mourino faoliyatidagi minginchi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida hamyurtimiz yo‘q joydan to‘pni olib, Stefan El-Shaaraviga qulay tarzda tashlab berdi. Bu ikki futbolchi harakati evaziga Jozening yubileyi g‘alaba bilan bezaldi.
Portugaliyalik murabbiy qarzdor bo‘lib qolmadi. UYEFA Konferensiyalar ligasi guruh bosqichi birinchi turida har ikki futbolchini ham boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirdi.
Bolgariya sharafini himoya qilayotgan SSKA uchun “Olimpiko”dagi uchrashuv favqulodda omadli boshlandi. Sofiyaliklar 10-daqiqa hisobni ochdi. O‘z maydonida o‘ynagan rimliklar tezda hammasini joy-joyiga qo‘ydi.
Shu kuni maydonda eng faol o‘yin ko‘rsatgan Shomurodov ikki marta golli pas oshirdi. Dastlab, birinchi bo‘lim oxirlab qolgan pallada Stefan El-Shaaravini yana gol muallifiga aylantirdi. Bu gol torozi pallasini rimliklar tomoniga og‘dirgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
SSKA qarshi uchrashuvda to‘liq harakat qilgan legionerimiz 84-daqiqada rimliklarning angliyalik yulduzi Temmi Abraxamga ham gol urishi uchun imkoniyat yaratib berdi.
“Roma”ning qolgan gollaridan ikkitasini Lorenso Pellegrini, bittasini Janluka Manchini kiritdi. Uchrashuvdan so‘ng, bosh murabbiy Joze Mourino o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, jamoasidan to‘liq ko‘ngli to‘lmayotganini yashirmadi.
- Yaxshi o‘ynay olmadik. Guruhimiz kuchli, biz endi jamoa sifatida shakllanyapmiz. G‘alaba qozonganimizda bir jamoa ekanmiz, mag‘lubiyatda ham shundayligicha qolishimiz kerak bo‘ladi. O‘yinda yarim himoyaga og‘irlik tushmadi, himoyachilar esa raqibga yetarli darajada bosim qila olmadi va himoyalanishda yakkakurashlarni boy berdik. Eldor Shomurodov va Lorenso Pellegrini hujumni kuchaytirib, faol harakat qildi.
Lekin o‘yin sifati menga yoqmadi. Biz 5:1 hisobidagi g‘alabaga loyiq emasdik. Bu raqib uchun og‘ir natija bo‘ldi.
Hammamiz birgalikda o‘syapmiz, hatto men ham. Pellegrini katta salohiyatga ega futbolchi. Muxlislar xotirjam bo‘lsin, u menga tez kunlarda “Roma” bilan yangi shartnoma tuzayotganini aytdi. U zo‘r o‘yinchi bo‘lish bilan birga jamoamiz sardori hamdir.
Oltita g‘alaba – oltmishda degani emas. Biz o‘zimizni yo‘qotib qo‘ymasligimiz kerak. Jamoaviy ruhiyatni kuchaytiryapmiz va yanada rivojlanishimiz shart. Jamoa va muxlislar o‘rtasidagi munosabat juda yaxshi, - dedi Joze Mourino.
“Roma” portugaliyalik mutaxassis qo‘l ostida UYEFA Konferensiyalar ligasi va A Seriyada ketma-ket oltita uchrashuvda zafar quchdi. Rimliklar “Trabzonspor”ni 2:1, 3:0, “Fiorentina”ni 3:1, “Salernitana”ni 4:0, “Sassuolo”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Bu uchrashuvlarda 19 ta gol urib, to‘rtta o‘tkazib yubordi. Mutaxassislar “Roma” bellashuvlarning aksariyatida gol o‘tkazayotganini tanqid qilmoqda.
Eldor Shomurodovning statistikasi esa ijobiy ko‘rinish olgan. “Roma”da garchi asosan zaxiradan o‘yinga qo‘shilayotgan bo‘lsa-da, o‘zbek futbolchisi bitta gol va to‘rtta golli pas bilan oltita uchrashuvda “gol+pas” tizimida 5 ochko to‘pladi. U boshlang‘ich tarkibga loyiq o‘yinchi ekanini muntazam isbotlab kelmoqda. Biroq, Joze Mourino o‘yinchi tanlashda boshqalarning fikrini inobatga olmasligi hammaga ma’lum.
Konferensiyalar ligasidagi g‘alabadan so‘ng, “Roma” to‘plar nisbatiga ko‘ra, “S” guruhi peshqadamiga aylandi. Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda Norvegiyaning “Bude-Glimt” jamoasi “Zarya” (Ukraina) futbolchilarini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
“Roma” ikkinchi turda “Zarya” mehmoni bo‘ladi va bu bahs 30 sentabrga belgilangan. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”