21:23 / 29.09.2021
4 139

Xarakteri juda og‘ir Yaxshiboyev nega katta pullardan voz kechgan yoxud uni Shomurodovga tenglashtirsa bo‘ladimi?

Xarakteri juda og‘ir Yaxshiboyev nega katta pullardan voz kechgan yoxud uni Shomurodovga tenglashtirsa bo‘ladimi?
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi Jasur Yaxshiboyev “Real” darvozasiga supergol urganidan keyin Rossiya ommaviy axborot vositalari “Paxtakor” klubi sport direktori Ja’far Irismetovdan intervyu oldi.

- Jasur Yaxshiboyev bir paytlar siz “Spartak”da qila olmagan ish – Chempionlar ligasida gol urishni uddaladi. Nimalarni his qilyapsiz?
- “Real”ga o‘zbek futbolchisi gol urganidan juda xursandman. Men Chempionlar ligasida gol urgan-urmaganim haqida umuman o‘ylaganim yo‘q. Bugun “Paxtakor” bayram qilyapti, hamma bir-birini tabriklayapti. Bu umumiy g‘alabamiz. O‘z vaqtida Yaxshiboyev “Paxtakor”da o‘ynagan, lekin raqobat kuchliligi uchun ijaralarga jo‘natilgan. U bizda asosiy tarkibga kira olmadi. Har doim uni yaxshi futbolchi, deb bilganman va kun kelib o‘zini ko‘rsatishiga amin edim. Hozir tinchlanib, bu vaziyatni o‘tkazib yuborish kerak. Barqaror o‘yin ko‘rsatish kerak, Madridda “Real”ga gol urganidan keyin yo‘qolib qolmasin.

- Nega u “Paxtakor”ga kerak bo‘lmay qolgan?
- To‘g‘risini aytsam, o‘zbekistonlik futbolchilar orasida undan yaxshi vingerni ko‘rmadim, lekin Jasurning maishiy muammolari bor edi. Men uni o‘rinbosarlar tarkibidan olib chiqa boshlaganimda xarakteri juda og‘irligini bilgandim. U avval aqlini yig‘ib olishi kerak. U o‘z olamida yashaydi va tanqidni ko‘tara olmaydi. Balki, hozir ancha ulg‘ayib qolgandir. Unda o‘zini ko‘rsatish va top-klubga o‘tish imkoni paydo bo‘ldi. “Sherif” Jasurga tramplin bo‘lishi kerak. “Sherif” yaxshi klub. Men o‘z vaqtida bu klubga ko‘rikka borgan edim. Hozir ham prezidenti o‘zgarmagan ekan.

- Yaxshiboyev berib yuborilganiga afsuslanmaysizmi?
- Nega endi? U avval asosiy tarkib o‘yinchisi edi, keyin zaxiraga o‘tirib qoldi. Biz bu darajadagi futbolchi asosiy tarkibda bo‘lishini istardik. Uning tajribasini oshirib, qaytishini kutgandik, lekin sotib yuborishimizga to‘g‘ri keldi. Bu ikki tomon uchun manfaatli qaror bo‘ldi. “Paxtakor”dagi faoliyati o‘xshamadi, lekin Belarusda “bir oyoqda o‘ynab” eng yaxshi futbolchilardan bo‘ldi, kuchliroq klub hisoblangan “Legiya”ga o‘tdi va yana to‘xtab qoldi. “Sherif” transferi uning foydasiga ishladi.

- Jasur Yaxshiboyevni Eldor Shomurodovga tenglashtirsa bo‘ladimi?
- Hali erta. Shomurodov bir necha mavsum “Rostov”da pishgan. Unga yuqori darajada o‘ynash ancha oson. Yaxshiboyev hali yo‘lning boshida. Shunga qaramay, 24 yosh futbolchining ayni kuchga to‘lgan payti. U juda iste’dodli yigit. Shomurodov kabi pulni emas, karerani tanladi. Ko‘p futbolchilarimiz Rossiya yoki Yevropadan ancha ko‘p to‘laydigan BAA yoki Qatar kabi Osiyo mamlakatlari chempionatlariga ketmoqda. Jasur “Paxtakor”ga tegishli bo‘lgan paytlarda ham Osiyo klublari unga dahshatli summalarni taklif qilardi. U hammasini rad etgan.

Darhaqiqat, Jasur Yaxshiboyev o‘z tarixida ilk marotaba UYEFA Chempionlar ligasining guruh bosqichda qatnashayotgan “Sherif”ning muvaffaqiyatlariga ulkan hissa qo‘shmoqda. Moldova klubi “D” guruhidagi dastlabki ikkita uchrashuvda Ukrainaning “Shaxtyor” va Ispaniyaning, “Real” jamoasini mag‘lubiyatga uchratib, olti ochko bilan birinchi o‘rinda bormoqda.

Endi Jasur Yaxshiboyev jamoasi guruhdagi uchinchi uchrashuvini 19 oktabr kuni Milanda Italiya chempioni “Inter”ga qarshi o‘tkazadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xarakteri juda og‘ir Yaxshiboyev nega katta pullardan voz kechgan yoxud uni Shomurodovga tenglashtirsa bo‘ladimi?