19:36 / 10.10.2021
1 928

Messi: bunaqasi menda birinchi marotaba sodir bo‘ldi!

Messi: bunaqasi menda birinchi marotaba sodir bo‘ldi!
Avgust oyida "Barselona"ni tark etib, butun futbol olamini hayratda qoldirgan Leo Parijga ko‘chib o‘tdi. Ayni damda, u Neymar va Mbappe bilan hujum uchligini shakllantirgan. Shu hafta boshida qahramonimiz "France Football" nashri uchun kattagina intervyu berdi.

"Barselona" bilan xayrlashuv:
"Umuman kutilmagan voqealar sodir bo‘ldi. Rejamga ko‘ra, yangi shartnoma imzolashimiz va darrov klub bilan mashg‘ulotlarni boshlashim lozim edi. Hammasi joyida ekaniga ishonchim komil bo‘lishiga qaramay, menga o‘zim uchun boshqa klub qidirishim kerakligini aytishdi. "Barselona"da men bilan yangi shartnoma imzolash uchun moliyaviy imkoniyat yo‘q ekan. Natijada, o‘ylagan barcha rejalarim barbod bo‘ldi. Hammasini qabul qilish oson bo‘lmadi, lekin vaziyat shuni taqozo qildi. Oilam bilan birgalikda Parijda yangi hayot boshlashga majbur bo‘ldim. Men ilk bor "Barselona"ni tark etdim. Afsuski, ketishdan boshqa choram yo‘q edi.

PSJga o‘tgani haqida:
Menda bir nechta takliflar bor edi, biroq vaqt juda qisqa bo‘lgani uchun uzoq o‘ylashning imkoni bo‘lmadi. Parijliklar meni o‘z rejalari va ambitsiyalari bilan tanishtirdi. PSJda bir nechta do‘stlarim to‘p surgani bois ham uzoq o‘ylab o‘tirganim yo‘q. Buning uchun menda imkon ham yo‘q edi.

YECHL haqida:
Parijdagi barcha bu sovrinni qo‘lga kiritishni orzu qiladi. Rahbariyat buni amalga oshirish yo‘lida qo‘lidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirmoqda. Mehnatlar samara berayotgani aniq. Klub tobora g‘oliblikka yaqin kelmoqda. Shaxsan o‘zim YECHL sovrinini yana bir bor boshim uzra ko‘tarishni niyat qilganman. Bu yutuqni yangi jamoam bilan birgalikda qo‘lga kiritishimiz kerak. Buning uchun barcha birdek g‘alaba qozonishni istashi shart!

"Oltin to‘p" haqida:
O‘zimni asosiy favorit, deb hisoblamayman. To‘g‘risi, bunday narsalar haqida g‘olib nomi e’lon qilinmaguniga qadar fikr bildirishni xush ko‘rmayman. Albatta, yangi sovringa ega chiqish yoqimli. Yozda Argentina terma jamoasi bilan qit’a birinchiligida chempionlikni nishonladim. Endi, yana bir bor "Oltin to‘p"ga loyiq ko‘rishlari ajoyib, ammo bu haqda o‘ylagim yo‘q. Mening jamoamda bu sovringa yuz foiz loyiq bo‘lgan Mbappe va Neymar bor. Shuningdek, Levandovski va Benzema ham ajoyib mavsumlarni o‘tkazdi.

Kilian Mbappe haqida:
"Kilian singari futbolchilar bilan til topishib ketish juda oson. Quvonarlisi shundaki, u ispan tilida bemalol so‘zlasha oladi. Men endi kelganimda, hali Mbappe haqida tasavvurga ega emas edim. Yaqindan tanishgach, uning klubda qolgani meni xursand qildi. U top darajadagi ijrochi.

Mbappe va Suaresning farqi haqida:
"Ular umuman o‘zgacha uslubdagi futbolchilar. Luis chinakam klassik hujumchi. U raqib jarima maydonchasi ichida qotillardek harakat qiladi. Kilian esa, butun maydon bo‘ylab to‘p bilan harakat qilishni xush ko‘radi. Bundan tashqari, qanotda tezlik olsa, Mbappe yo‘lidan chiqqan istalgan himoyachini dog‘da qoldirib ketadi. Shunchaki maydonda ularni solishtirishning imkoni yo‘q. Ikkisi ham o‘z ishining ustasi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Messi: bunaqasi menda birinchi marotaba sodir bo‘ldi!