18:48 / 25.10.2021
2 012

"Golimizni bekor qilish uchun qoida buzilganini qayerdan topdi? Yigitlarim bugun yuta olmaymiz deyishdi" - Ro‘ziqul Berdiyev

"Golimizni bekor qilish uchun qoida buzilganini qayerdan topdi? Yigitlarim bugun yuta olmaymiz deyishdi" - Ro‘ziqul Berdiyev
“Andijon” o‘z maydonida “Nasaf” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynaganidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Bugun raqib bilan ham, maydon bilan ham ancha kurashdik. Yigitlarga kurashni boy bermasligimiz haqida ko‘rsatma bergandik. Raqib jamoa standartlarga ko‘proq e’tibor qaratishini ham bilardik. E’tiborliroq bo‘lishimiz kerak edi. Lekin standart vaziyatdan gol o‘tkazdik. Ikkinchi bo‘limda o‘yinga qaytdik. 1:1 bo‘lib turganida ham bizda ikkita qulay vaziyat bo‘ldi, Kaluderovich va G‘aybullayevda, ammo golga aylantira olmadik. Gol urgan vaziyatimizda hakam nima uchun bunday qaror qabul qilganini bilmadim, goldan bizni mahrum qildi.

Albatta, o‘yin paytidagi qiziqqon holatimizni ham so‘raysizlar. Men bu narsani sezib turgandimki, bugun markaziy hakam “Andijon”ning g‘alabasi uchun ko‘p harakat qilardi va buni amalda o‘zlaring ham ko‘rdinglar. Toza golimizni hisoblamadi. Penalti belgilangan vaziyatda ham menimcha yo‘q edi. Birinchi penalti tepilgandan keyin urilgan golda o‘yinchi ofsayd holatida edi. Nimagadir boshqatdan tepdi. Bu narsalar hakamning vijdoniga havola.

- Bosh hakam “Andijon”ning g‘alabasiga harakat qildi deb aytib o‘tdingiz. Agar “Andijon” uchun bo‘lishganida ularning darvozasiga penalti belgilamagan bo‘lardi...
- Shuning uchun Asimov oldimga kelganida aytdim, bor narsani hakamlik qilgin deb. Men uni xaqorat qilganim yo‘q. Penalti bo‘lsa ber, gol bo‘lsa hisobga ol! Golimizni bekor qilganidan keyin unga e’tiroz bildirdim. Tushunyapsizmi, borini hakamlik qilinglar dedim. Biz yordam so‘ramayapmiz yoki golni hisobga olmagin demayapmiz. O‘zlaring aytinglar, golimizni bekor qilish uchun qoida buzilganini qayerdan topdi? Penalti belgilanida esa qanday qilib bunga norozichilik bildirmasligimiz kerak. To‘g‘rimi? Biz unda noto‘g‘ri hakamlik qilgin yoki bizga yordam bergin demayapmiz. Shuning uchun men o‘yinning oxirigacha nimadir bo‘lishini sezgandim. Yigitlarim menga baribir bugun yuta olmaymiz deyishdi. Shuning uchun biz o‘yinni to‘xtatishga majbur bo‘ldik. Balki bu narsa kerak edi.

- “Nasaf” jamoasini Respublikada hamma hurmat qiladi. Xalqaro miqyosida ham butun O‘zbekiston “Nasaf”ga muxlislik qilyapti. Lekin birgina noto‘g‘ri qarorni deb murabbiy sifatida minglab muxlislar, rasmiy shaxslar oldida futbolchilarni chaqirib olganingizdan hamma o‘yinni to‘xtatib qo‘yganingizni tushunishdi.
- Siz savol bering. Bizni muhokama qilmang, savol bering.

- Shunga qanday qaraysiz?
- Sizga aytaman: mehrni o‘z mehnatimiz, o‘yinimiz bilan qozondik. Bizga mehrni hech kim berib qo‘ygani yo‘q, to‘g‘rimi? Haqiqatan Osiyoda ham, O‘zbekistonda ham mehrli jamoamiz. Bunga mehnatimiz bilan erishdik, birov topshirgani yo‘q. O‘zimizni nega bunday tutganimizni sizga guvohi bilan va o‘zingiz ko‘rgan holda aytib berdim. Bunga albatta chidash qiyin. Yana qaytaraman: biz shunaqa vaziyat bo‘lishini, bizni jazolashini sezgandik. Yigitlarimiz ham, men ham bunga norozi bo‘ldik. Savolingizga javob berdimmi? Keyingi savol!

- Ro‘ziqul aka, “Nasaf” OFK Kubogi finaliga chiqqani uchun bugungi uchrashuvda futbolchilarning xayolida baribir ushbu o‘yin bormidi?
- Bu haqda o‘ylaganimiz yo‘q. Ungacha vaqt bor. Yana Kubok o‘yinimiz bor. To‘g‘ri, bugun bir qator o‘yinchilarga dam berishga harakat qildik. Ko‘p o‘yinlar o‘tkazib charchoq alomatlari bor edi. Lekin bugun bu jamoa bilan kurashishimiz kerak edi. Ularga ham, bizga ham ochko kerak edi. Oldimizda o‘rin olish maqsadi turibdi. Shuning uchun borimizni berib harakat qilyapmiz. Charchoq holati bo‘lsa ham bugun maydonda maksimal o‘ynashga harakat qildik. Faqat o‘zlaring ham ko‘rdinglar, o‘z o‘yinimizni o‘ynamadik. Kechirasizlar-u, bu maydonda bizni futbolni o‘ynab bo‘lmaydi. Men bahona qilmoqchi emasman. “Nasaf”ning o‘yinini bu yerda o‘ynab bo‘lmaydi. Shu bois oddiyroq, uzun paslar bilan harakat qildik.

- Dastlab Sekeyra, keyin Xyuistra maydonlar haqida salbiy fikrlar bildirdi. O‘zbek futboli “o‘lyapti”, degan fikrlarni ham eshityapmiz. Mahalliy murabbiy sifatida bunga qanday qaraysiz?
- To‘g‘risini aytish kerak, kecha maydonga chiqib, uning holatini ko‘rib achindim. Birinchi kelganimizda maydon yaxshi holatda edi. Ikki yil ichida bunday holatga tushib qolishi noto‘g‘ri. Sharoitlarni to‘g‘rilashimiz kerak. To‘g‘ri bo‘lmasa, qayerdadir kimdir bahona qilib gapirishi mumkin. Lekin Sekeyra yoki Xyuistraning gaplarini muhokama qilmoqchi emasman. Menga ham qayerdadir noto‘g‘ri gaplarni gapirgandek tuyuldi. Chunki sharoitlarni gapirish kerak-u, lekin misol keltirish noto‘g‘ri deb o‘ylayman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Golimizni bekor qilish uchun qoida buzilganini qayerdan topdi? Yigitlarim bugun yuta olmaymiz deyishdi" - Ro‘ziqul Berdiyev