15:55 / 29.10.2021
2 025

Anatoliy Demyanenko: "O‘shanda "Nasaf"ni xalqaro sahnada ko‘pchilik yaxshi bilmasdi. Finalni albatta ko‘raman"

Anatoliy Demyanenko: "O‘shanda "Nasaf"ni xalqaro sahnada ko‘pchilik yaxshi bilmasdi. Finalni albatta ko‘raman"
“Nasaf”ning 2011 yili Osiyo sahnasida muvaffaqiyat qozonishida shubhasiz Anatoliy Demyanenkoning mehnati katta bo‘lgan. Ukrainalik taniqli mutaxassis Qarshidagi faoliyati orqali o‘zbek futbolida ham iz qoldirib ketdi.

Haligacha muxlislar Anatoliy Vasilevichni yaxshi xotiralar bilan eslashadi. Ayni paytda Ukraina futbol federatsiyasida ishlayotgan mutaxassis bilan bog‘landik. Buning asosiy sababi “Nasaf”ning OFK Kubogidagi g‘alabasi bilan bog‘liq edi. Chunki o‘sha finalga 10 yil to‘ldi. Shu boisdan Sports.uz muxbiri Demyanenko bilan aloqa o‘rnatdi. Suhbat esa juda ochiq va samimiy ruhda kechdi.

- Anatoliy Vasilevich, sobiq klubingiz “Nasaf”ning OFK Kubogi finaliga chiqqanidan xabaringiz bormi?
- Yo‘q, ammo klubning finalga chiqqanini sizdan eshitib turibman va bundan xursandman.

- “Nasaf” yarim finalda Gonkongning “Li Man” klubini katta mashaqqatlar evaziga yutdi.
- Barakalla, qarshiliklarni yana bir bor tabriklab qolaman. To‘g‘risi, bundan bexabar ekanman...Chunki bizda bu xususida ma’lumotlar kam.

- Bundan 10 yil muqaddam, 29 oktabr kuni qo‘l ostingizdagi “Nasaf”ning OFK Kubogini yutganini eslab turasizmi?
- Albatta, eslab turaman. Har qanday yutuq, ayniqsa, xalqaro maydondagisi juda boshqacha bo‘ladi. Boz ustiga o‘shanda “Nasaf”ni xalqaro sahnada ko‘pchilik yaxshi bilmasdi. Biz o‘shanda o‘zbek jamoalari orasida birinchi bo‘lib ushbu turnirda g‘alaba qozonishga erishgandik. Adashmasam, Quvayt klubini o‘shanda 2:1 hisobida mag‘lub etib, bosh sovringa ega chiqqandik. Ayting-chi, “Nasaf” finalda kimga qarshi o‘ynaydi? U qayerdan va uchrashuv qaysi davlatda o‘tadi?

- Bu Bahrayning “Al-Muharraq” jamoasidir. 5 noyabr kuni “Nasaf” aynan Bahraynda shu klubga qarshi maydonga tushadi. Sizning bo‘lajak final oldidan taxminingiz qanday?
- Klubga bo‘lajak o‘yinda omad yor bo‘lishini tilab qolaman. “Al-Muharraq” klubining qanday kuchga ega ekanligidan bexabarman. Agar bu jamoa xususida biroz bo‘lsa ham ma’lumotga ega bo‘lganimdami, uchrashuv xususida taxminimni aytgan bo‘lardim. Umid qilamanki, “Nasaf” 10 yil oldingi muvaffaqiyatni takrorlay oladi. Klubga omad tilab qolaman. Agar o‘zbek jamoasi yana bir bor OFK Kubogini yutadigan bo‘lsa, bu juda zo‘r ish bo‘lardi!

- “Nasaf”ni boshqarib yurgan kezlaringizda Ro‘ziqul Berdiyev yordamchingiz sifatida sizga ko‘maklashgan. Endi u 10 yil oldingi muvaffaqiyatingizni takrorlashga juda yaqin turibdi. Ayting-chi, birga ishlab yurgan kezlaringizda Berdiyevdan yaxshi murabbiy chiqishiga ishonarmidingiz? Axir u “Nasaf” bilan ancha muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda...
- Albatta, undan yaxshi murabbiy chiqishiga ishonardim. Qolaversa, “Nasaf”dan ketishim arafasida klub prezidenti Ro‘ziqulni sizga voris bo‘ladi, undan albatta ko‘p narsani kutib qolamiz, degan gaplarni ta’kidlab aytgandi. Uning qo‘l ostida jamoa yana o‘sdi. Agar u 10 yil oldingi muvaffaqiyatni takrorlay olsa, bundan faqat xursand bo‘laman xolos. Ro‘ziqul Berdiyevga fursatdan foydalangan holda siz orqali salom yo‘llayman va unga omad tilayman.

- Bilasizmi, “Nasaf”da menejer sifatida vatandoshingiz Sergey Kucherenko faoliyat yuritib kelmoqda...
- Ha, uni yaxshi bilaman.

- U holda Kucherenko bilan aloqangiz bormi?
- Ha, ba’zi-ba’zida qo‘ng‘iroqlashib turamiz. Ushbu suhbatimizdan keyin unga albatta qo‘ng‘iroq qilishga va’da beraman.

- “Nasaf”ning final o‘yinini tomosha qilish xohishingiz bormi?
- Bo‘lmasam-chi! Internet orqali finalni qaysi telekanaldan qidirib topish mumkinligini ko‘rib chiqaman va o‘yinni o‘tkazib yubormaslik payida bo‘laman. Demak, 5 noyabr, shundaymi?

- Ha. Agar adashmayotgan bo‘lsam, Ukraina futbol federatsiyasida ishlayotgandingiz. Hozir ham o‘sha tashkilotdamisiz?
- Ha, UFF prezidentining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlayapman.

- Faol murabbiylik faoliyatiga qaytish rejangiz bormi?
- (Kuladi) Ehtimol, endi qaytmasam kerak. Yaxshisi, yoshlar murabbiy bo‘lib ishlasinlar.

- O‘zbekiston va Ukraina terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etish imkoni bormi?
- Albatta, mumkin! Axir bu muammo emas. Faqat shart-sharoit shunga mos tushsa va ikki tomon o‘zaro kelishgan holda FIFA kunlaridan birini tanlab olsa kifoya.

- O‘zbek futboli va terma jamoasini kuzatib turasizmi?
- Yo‘q. Chunki bizda chempionatingiz yoki terma jamoangiz ishtirokidagi o‘yinlarni namoyish etishmaydi. Internet orqali faqat natijalardan xabardor bo‘lib turaman xolos. Chunki Ukraina televideniyesi chempionatingiz doirasidagi o‘yinlarni uzatmaydi. Yuqorida aytganimdek, internet orqali natijalar bilan qiziqib turaman.

- Ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasini Srechko Katanes boshqaryapti...
- Ha, uni bilaman. Sloveniyalik yaxshi mutaxassis. Demak, Katanes terma jamoangizda yaqindan beri ishlayotgan ekan-da...

- Qo‘l ostingizda “Nasaf”da to‘p surgan hujumchi Ilhom Shomurodovni eslay olasizmi? Hozir “Roma” sharafini himoya qilayotgan Eldor Shomurodov esa uning qarindoshi hisoblanadi. Buni bilasizmi?
- Ilhomni yaxshi eslayman, albatta. Lekin Eldor unga qanaqa qarindosh bo‘ladi, buni bilmasdim.

- Ilhom Shomurodov Eldorga amaki hisoblanadi.
- Sizni tushundim. Eldor juda yaxshi futbolchi. Bejizga endi u Italiya A seriyasida o‘ynamayapti. Unga ham omad tilab qolaman, albatta. Shuningdek, yana bir bor Ro‘ziqul Berdiyevga bo‘lajak finalda omad yor bo‘lishini istayman. Agar 5 noyabr kungi finalni internet orqali qaysi kanaldan topish mumkinligi haqida menga ma’lumot yuboradigan bo‘lsangiz, sizdan minnatdor bo‘lardim.

- Men ham shuni o‘ylab turibman. Agar bu xususida ma’lumot oladigan bo‘lsam, shu zahoti sizga manzilini yuboraman.
- Rahmat. Meni xursand qildingiz. Ro‘ziqulga nomimdan alangali salom yo‘llab qo‘ying!

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Anatoliy Demyanenko: "O‘shanda "Nasaf"ni xalqaro sahnada ko‘pchilik yaxshi bilmasdi. Finalni albatta ko‘raman"