2 167
Katanetsni o‘ylantirib qo‘ygan muammo! Tarkibdagi yo‘qotishlar rejalarni o‘zgartirib yubordi...mi?
Hozir barcha qit’alarda FIFA kunlari boshlangan bo‘lib, ichki chempionatlarda biroz tanaffus e’lon qilindi va hamma joyda terma jamoalar rasmiy ravishdagi uchrashuvlarda maydonga tushishyapti. Hamma qatori bizda ham milliy terma jamoamiz FIFA kunlaridan foydalanib navbatdagi yig‘inini tashkil qilgan va 15 noyabr kuni Tbilisida Gruziya termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.
Ayni paytda Osiyo qit’amizda terma jamoalar jahon chempionati uchinchi saralash bosqichidagi o‘yinlarini o‘tkazishyapti. Afsuski, biz jahon chempionati saralashida qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘lganimiz sababli FIFA kunlarida o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish bilan cheklanib turamiz. Yangi bosh murabbiy Srechko Katanetsning bu terma jamoamizdagi uchinchi yig‘ini hisoblanadi. Shuningdek, milliy termamiz ustozi sifatida bo‘lajak to‘rtinchi o‘yinga tayyorlanyapti. Dastlab Shvetsiyaga qarshi uchrashuvda maydonga tushib 2:1 hisobida yutqazdik. Keyin Malayziya yirik hisobda dog‘da qoldirilgan bo‘lsa, Iordaniyadan javobsiz uchta gol o‘tkazib yuborganimiz yodimizda turibdi.
Navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvi esa Katanes va terma jamoamiz uchun yana bir tayyorgarlik vazifasini bajaradi. Lekin bo‘lajak o‘yin oldidan Srechko Katanes Toshkentdagi mashg‘ulotlardayoq turli muammolar bilan ham duch kelishiga to‘g‘ri kelyapti. Shu sababli bosh murabbiy o‘zi istagan tarkib bilan shug‘ullanyapti deya olamizmi? Yodingizda bo‘lsa, murabbiy ushbu yig‘in uchun ilk tarkibni e’lon qilganidayoq majburiy o‘zgarish bo‘lgani aytildi. Janubiy Koreya chempionatida to‘p surayotgan himoyachi Rustam Ashurmatov viza masalasi bilan bog‘liq muammo sababli mazkur yig‘inda ishtirok eta olmasligi ma’lum bo‘ldi. Natijada Katanes uning o‘rniga “Paxtakor”dan Marlen Chobanovni qo‘shib qo‘ydi. Yosh o‘yinchi ilk bor milliy termadan chaqiruv oldi. Shunday ekan, bu uning uchun yangi chorlov va o‘zini ko‘rsatish uchun katta imkoniyat.
Shuningdek, o‘tgan safargi yig‘inga ilk bor taklif qilingan BATE futbolchisi Shahboz Umarovni Katanes bu gal ham tarkibga kiritdi va ko‘rinib turibdiki, unga yana imkoniyat taqdim etmoqchi edi. Biroq terma jamoamizning ilk mashg‘ulotida Katanes OAVga shuni ma’lum qildiki, Umarov koronavirusga chalingani sababli mazkur yig‘inga kela olmaydigan bo‘ldi. Lekin sloveniyalik murabbiy Umarovning o‘rniga kimni chaqirarkin deb turganimizda “Qizilqum”dan Islom Kenjaboyev terma jamoa yig‘inida paydo bo‘ldi. Oxirgi paytlarda navoiyliklar safida faol harakat qilayotgan futbolchi Umarovning o‘rnini egalladi. Bu borada O‘FA matbuot xizmati shunday xabar qildi: “Xabaringiz bor, Shahboz Umarov Covid-19 infeksiyasi bilan kasallanganligi sababli O‘zbekiston milliy terma jamoasining bu galgi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida ishtirok etolmaydi. Murabbiylar shtabining qaroriga ko‘ra, Umarov o‘rniga terma jamoaga “Qizilqum” klubi futbolchisi Islom Kenjaboyev jalb etiladigan bo‘ldi”.
Xitoyning “Chunsin Lifan” jamoasi sharafini himoya qilayotgan Doston Tursunov nihoyat Katanes terma jamoada ish boshlagach, yana asosiy jamoamizga chaqirila boshlandi. Ko‘rinishidan bosh murabbiyga Tursunovning harakatlari manzur kelayotgandi. Biroq uning jarohati ham bosh murabbiyning rejalarini o‘zgartirdi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Oqibatda murabbiylar shtabi tomonidan Tursunovning o‘rniga AGMKdan Abbos Otaxonovni taklif qilish qarori qabul qilindi. Ma’lumotlarga qaraganda, Doston Tursunov eski jarohati bezovta qila boshlagan va shu bois operatsiya stoliga yotishi kutilmoqda. Otaxonov esa Katanes boshchiligidagi terma jamoamiz yig‘iniga ilk bor taklif etilganini ham qo‘shimcha qilib qo‘yish kerak.
Navbatdagi yo‘qotish esa Jasur Yaxshiboyev bo‘lib chiqdi. “Real”ga gol urgan hujumchimiz aslida o‘tgan safargi yig‘inga taklif qilingandi. Ammo Madriddagi o‘yinda jarohatga yo‘liqqanidan keyin futbolchi ancha vaqt davolanishiga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, Yaxshiboyev jarohatidan qutuldi va terma jamoaning ushbu yig‘iniga taklif qilindi. To‘g‘risi, bu kutilayotgan chaqiruv edi. Lekin Katanes navbatdagi yo‘qotish sifatida aynan Jasur bo‘lishini umuman kutmagan bo‘lsa kerak. “Sherif” futbolchisi terma jamoa ixtiyoriga keldi va bir kun mashg‘ulotda qatnashdi. Ertasidan esa jamoa lagerini tark etdi. Bu borada O‘FA matbuot xizmati shunday xabar qildi: “Xabaringiz bor, kecha Jasurbek Yaxshiboyev terma jamoa mashg‘ulotlariga kelib qo‘shilgan edi. U yig‘inga eski jarohati bilan kelgan va o‘zini noqulay his qilgan. Tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, uning Gruziyaga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘ldi”.
Xullas, yuqorida keltirilgan sabablar tufayli Yaxshiboyev ham terma jamoa ixtiyorini tark etdi. Ochig‘i, uning Gruziya bilan o‘yinni o‘tkazib yuborishi kutilmagan xabar bo‘ldi. Chunki hamma futbolchini jarohatidan forig‘ bo‘lgan deb o‘ylagandilar va shu jumladan biz ham. Qolaversa, o‘zini nega noqulay his qilgani ham biz uchun qorong‘u. Balki bu Katanes uchun ham jumboq bo‘lsa kerak-a? Afsuski, sloveniyalik murabbiy “Real”ga gol urgan futbolchimizni hamon o‘z jamoasida sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘la olmayapti. Ochig‘i, Ashurmatov, Umarov, Tursunov va Yaxshiboyevning o‘ziyoq biz uchun jiddiy yo‘qotishga aylanib ulgurgan bir paytda bu hali hammasi emas ekan. Chunki kecha terma jamoamizning yana bir himoyachisi, “Paxtakor” yetakchilaridan biri Hojiakbar Alijonov ham jarohati tufayli Gruziyaga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborishi e’lon qilindi. Katanes Yaxshiboyev va Alijonovning o‘rniga boshqa futbolchilarni taklif qilishga ulgurmadi deb o‘ylaymiz, chunki bugun terma jamoamiz Tbilisiga jo‘nab ketadi.
Rosti, to‘rt kun ichida terma jamoamiz safida shuncha yo‘qotishning yuz bergani bizni o‘ylantirib qo‘ydi. Shubhasiz, Katanes uchun ham bu o‘ylantiriladigan muammoga aylangan. Nima uchun termaga kerakli futbolchilar jarohat sababli yig‘inni tark etishyapti? Ya’ni, ularning jarohatlari shu qadar jiddiymi? Nima sababdan o‘zlarini noqulay his qilishadi? Yoki ularga shifokorlar tarafidan kerakli muolajalar ko‘rsatilmagandir? Balki mana shunday paytda terma jamoaning oldingi shifokori – Abror Pirriyevning yo‘qligi yaqqol sezilib qolayotgandir?! Xullas, bu masalada savollar bisyor. Katanes esa ushbu yig‘inda hali Gruziya bilan o‘yin boshlanmasidanoq tarkib masalasida o‘zi istamagan holda rejalarini o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelyapti.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Sirdaryoda YTH sodir etgan haydovchidan pul olgan YPX xodimi qamaldi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?