23:30 / 13.11.2021
2 468

Jaloliddin Masharipov: "Gruziyaga g‘alaba qozonish uchun keldik"

Jaloliddin Masharipov: "Gruziyaga g‘alaba qozonish uchun keldik"
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Gruziyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish uchun Tbilisiga yetib kelgan holda u yerdagi mashg‘ulotlarini ham boshlab yubordi.

O‘FA matbuot xizmati terma jamoamiz yetakchilaridan biri Jaloliddin Masharipovning klubidagi faoliyati hamda Gruziyaga qarshi o‘yin oldidan termamizning imkoniyatlari haqida bildirgan fikrlarini havola etdi.

- Klubimizda hozir hammasini yaxshi deya olmayman. Oxirgi bir-ikkita o‘yinda yutqazib qo‘ydik. Saudiya Arabistoni chempionati kuchli. Buni O‘zbekistonda hamma ham bilmaydi. U yerga borib, o‘ynab Saudiya chempionati kuchliligini tushunib yetdim. Oxirgi o‘rindagi jamoa ham 1-2 – o‘rinlardagi klublarni mag‘lub etib qo‘yishini ko‘rdim. Saudiya chempionati kuchli va qiziqarli. Klubimiz bilan keyingi o‘yinlarga yaxshilab tayyorgarlik ko‘ramiz.

Terma jamoada yangi murabbiy bilan uchinchi yig‘inimiz. Baribir hozir o‘rganish jarayoni. Nimani xohlayotganini bizga tushuntiryapti. Futbolchilar uning nimani xohlayotganini tushunib, o‘yinlarda ko‘rsatmoqchimiz. Bundan buyog‘iga o‘rtoqlik o‘yini ekan deb yutqazaverish kerak emas. Milliy terma jamoa o‘yinlarini hamma tomosha qiladi. Gruziya bilan uchrashuvga faqat chiroyli o‘yinga emas, g‘alaba qozonish uchun keldik. Bundan oldingi yig‘inda o‘zimizdan past darajada bo‘lgan terma jamoaga yirik hisobda yutqazib qo‘ydik.

Gruziya Shvetsiya bilan o‘ynab g‘alaba qozondi. To‘g‘ri, Shvetsiya ko‘p imkoniyatlardan foydalana olmadi. Lekin Gruziya bilan uchrashuvda g‘alaba qozonishimizga ko‘zim yetyapti. Hamma yigitlar o‘ziga ishonib o‘ynasa va murabbiyning ko‘rsatmalarini 100 foizga bajarsa, Gruziya terma jamoasini yutsak bo‘ladi deb o‘ylayman, - deya fikrini yakunladi Masharipov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jaloliddin Masharipov: "Gruziyaga g‘alaba qozonish uchun keldik"