3 284
Eldor Shomurodov: "Arzimagan narsalar sababli JCHdan tashqarida qolishga majbur bo‘ldik."
"Sport TV" kanali Rimning "Roma" jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov bilan katta intervyu tashkil qildi. Suhbat davomida futbolchi "Nasaf" va "Paxtakor" taklifini rad etgani, Abraxam bilan raqobati, Italiyadagi hayoti haqidagi barchani qiziqtirgan savollarga javob berib o‘tdi.
Nega "Paxtakor" yoki "Nasaf"ni emas, "Bunyodkor"ni tanlagan?
- Darhaqiqat, menda "Bunyodkor"dan boshqalardan ham takliflar bor edi. "Qaldirg‘ochlar" safiga Sergey Lushan borligi sababli o‘tganman. U bilan avval yoshlar jamoasida ishlaganim bois, imkoniyatlari qay darajada ekanligidan xabarim bor edi.
Agentlarim bilan "Rostov"ga ko‘chib o‘tishimdan bir yil avval shartnoma imzolaganman. Yaratganga shukur, bu borada menga omad kulib boqdi. Biz ular bilan katta yo‘l avvalida barcha rejalarimizni birga tuzganmiz. Hozir, ularning hammasi amalga oshmoqda.
Terma jamoa Babayan va Abramov davridagi ikki xil natijasi haqida
- Meni MTJdagi debyutim Samvel Babayan davriga to‘g‘ri keladi. Haqiqatan ham, o‘sha yilgi saralash bosqichida juda yaxshi ishtirok etgan edik. Yakunda esa, arzimagan narsalar sababli JCHdan tashqarida qolishga majbur bo‘ldik.
Ektor Kuper bilan Osiyo Kubogida to‘p surdik. Afsuski, Avstraliyaga qarshi pley-off bahsida penaltilar seriyasida yengildik. Agar, lotereyada omad kelganida, turnirda uzoqroqqa borishimiz aniq edi.
Keyin, Vadim Abramov jamoa postini qabul qilib oldi. Bu davrga kelib, shu kunga qadar termaning suyagi hisoblangan barcha faoliyatini yakunlagan edi. Natijada, jamoaviy o‘yinimiz yo‘qolib qoldi. Bu esa, natijalarga ta’sir ko‘rsatdi.
Abramovning ikkinchi bor terma jamoa postini qabul qilishini xato qaror, deb hisoblamayman. Agar saralashning 3-bosqichiga yo‘l olganimizda, menga bu savolni bermagan bo‘lar edingiz. Pandemiya ham voqealarga ta’sir ko‘rsatdi.
Hozirgi murabbiyimiz Srechko Katanes esa, o‘zgacha uslubga ega. Uning mashg‘ulot o‘tkazish uslubi yevropalik murabbiylarnikiga o‘xshab ketadi. Shunga qaramay, hozirgi terma jamoa qaytadan tuzilmoqda. Shu bois, unga vaqt kerak, deb hisoblayman.
Terma jamoa hujum chizig‘idagi raqobat haqida
- Bu yerda barchadan bir xil narsa talab qilinadi. Jamoaga chaqirilayotgan futbolchilarning har doim har xil ekanligini hisobga olsak, hech kimni alohida ko‘rsata olmayman. Murabbiy o‘zi istagan o‘yinni qurishi uchun ko‘plab yangi qarorlar qabul qilishi mumkin. Biz bir oila bo‘lib, uni hurmat qilishimiz kerak. Natija uchun barcha javob berishi lozim.
"Roma"dagi asosiy tarkib uchun kurash haqida
- Abraxam kuchli hujumchi. U "Roma"ga qadar "Chelsi"da ham ishonchli to‘p tepgan. U bilan mashg‘ulotlarda birga ishlash zavq beryapti.
"Venetsiya" bilan o‘yinda ikkimiz asosiy tarkibda to‘p surdik. Shunga qaramay, buni kutilmagan qaror, demagan bo‘lar edim. Murabbiy har bir uchrashuvga o‘zgacha yondashadi. Bu ham uning sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan sxemalaridan biri.
Raqobatchim bo‘lishiga qaramay, u bilan tandemda yaxshi harakat qildik. Aslida, bu muhim emas. Asosiysi, jamoamizning g‘alabasi. "Roma" sovrin yutishi biz uchun asosiy maqsad. Barcha o‘z menini ko‘rsatmasligi shart.
Mourino boshqacha murabbiymi?
Darhaqiqat, Joze boshqa mutaxassislardan keskin farq qiladi. U hissiyotlarini yashirib o‘tirmaydi. Uchrashuv davomida va undan keyin keskin harakat qilishi hamda fikr bildirishi normal holat. U bilan maydondan tashqarida ko‘p gaplashmasam ham, mashg‘ulotlarda suhbatlashib turaman.
"Roma"ning bu mavsumdagi maqsadi haqida
- Birinchi navbatda, ichki birinchilikda muvaffaqiyatli ishtirok etish. Rejaga ko‘ra, ligani kuchli to‘rtlikda yakunlashimiz shart. Buning uchun bizda barcha imkoniyat mavjud. Bu haqda Mourinoning o‘zi ham bir necha bor ta’kidlab o‘tdi.
Blis-savollarga Eldor Shomurodovning javobi:
- Spagettimi yoki osh?
- Osh.
- Rostovmi yoki Genuya shahri?
- Genuya.
- Muborak yoki Jarqo‘rg‘on?
- Jarqo‘rg‘on.
- "Roma" yoki "Chelsi"?
- "Roma".
- Torres yoki Drogba?
- Drogba.
- 3ta assist yoki bitta gol?
- Gol.
- Kino yoki kitob?
- Kino.
- Ijtimoiy tarmoqlar yoki uyqu?
- Uyqu.
- Xet-trik, ammo mag‘lubiyat yoki golsiz o‘yin va jamoa g‘alabasi?
- G‘alaba.
- Valeriy Karpin yoki Joze Mourino?
- Ikkalasi.
- Murabbiy sifatida Abraxam yoki Shomurodov?
- Shomurodov. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Sirdaryoda YTH sodir etgan haydovchidan pul olgan YPX xodimi qamaldi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?