08:23 / 30.11.2021
2 269

Shomurodov “Barselona” to‘purari bilan raqobatga qodirmi?

Shomurodov “Barselona” to‘purari bilan raqobatga qodirmi?
Joze Mourino “Roma”ni superjamoalar qatoriga qo‘shish bo‘yicha oldiga qo‘yilgan vazifani uddalash uchun qator yangi o‘yinchilarni olishni rejalashtirmoqda. Klub rahbariyati ham o‘z maqsadi yo‘lida portugaliyalik mutaxassis tanlagan o‘yinchilarni olib berishda davom etadi.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Joze Mourino “Barselona”dagi o‘zgarishlardan unumli foydalanib qolmoqchi. Kataloniya jamoasini qabul qilib olgan Xavi Ernandes avvalgi murabbiy Ronald Kuman olib kelgan niderlandiyalik o‘yinchilarning ketishini istayapti. Xususan, “Lion”dan olib kelingan Memfis Depay ham “Barselona”da to‘purarlik mahoratini namoyish qilayotganiga qaramay, Kataloniyadan ketadigan bo‘ldi. O‘yinchining o‘zi ham Kumandan keyin bu jamoada uzoq muddat qololmasligini tushunib turganini ma’lum qildi.

Xullas, “Barselona” yanvarda Depayni sotib yubormoqchi. Aslida uning shartnomasi 2023 yilning yozigacha tuzilgan. “Roma” ustozi klub xo‘jayinlaridan 27 yoshli hujumchining transferini talab qilmoqda. Rimliklar Depay uchun kataloniyaliklarga 40 million yevro to‘lashga tayyor.

Depay “Manchester Yunayted”da o‘ynagan paytda unga aynan Joze Mourino ustozlik qilgan. Bu omil ham Memfisning tanloviga ta’sir o‘tkazadi va Rimga kelishga ko‘ndirishda kuchli vosita hisoblanadi.

Joriy mavsumda La Ligada 14 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga sakkizta to‘r kiritgan Depay “Barsa” to‘purariga aylandi. Agar u “Roma”ga keladigan bo‘lsa, Rim klubidagi legionerimiz Eldor Shomurodovning asosiy tarkibga kirishi yanada qiyinlashadi. Chunki, Joze Mourino hujum chizig‘ida asosan Temmi Abraxam va Stefan El-Shaaraviga ishonch bildirmoqda. Portugaliyalik mutaxassis kuni kecha “Torino”ga qarshi bahsda Eldorni umuman maydonga tushirmagani ham shundan dalolat beradi.

Tabiiyki, “Roma” Memfis Depay uchun ham 40 million yevro xarajat qiladigan bo‘lsa, niderlandiyalik hujumchiga ham boshlang‘ich tarkibdan joy kafolatlanadi.

Pellegrini tibbiy ko‘rikdan o‘tdi, natija yaxshi emas
“Roma” sardori Lorenso Pellegrini “Torino”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda jarohat olgan edi. Bellashuvdan keyin tibbiyot xodimlari futbolchini chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkazdi.

Manbalarning xabar berishicha, rimliklarning universal o‘yinchisi o‘ng oyoq son qismidan jiddiy shikastlangan. Uning bir necha haftaga safdan chiqqani aniq. Hozircha, mutaxassislar Pellegrinining davolanish muddati va qachon maydonga qaytishini hisoblab chiqishga harakat qilmoqda.

Bundan oldin Lorenso Pellegrini chap tizzasidagi og‘riqlardan shikoyat qilib, bir necha kun davolanishga majbur bo‘lgandi.

“Roma” yetakchisi joriy mavsumda barcha turnirlarda 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 8 marta ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga uchta golli pas oshirdi.

Mourino nishonidagi futbolchiga Angliya klubi e’tibor qaratdi
Joze Mourino “Roma”ga olinadigan futbolchilar ro‘yxatiga “Reynjers” futbolchisi Yanis Xadjini ham kiritgan edi.

Todofichajes.som saytining xabar berishicha, bu futbolchi Rimga ketib qolmasidan uni “Aston Villa”ga yangi tayinlangan Stiven Jerrard Angliyaga olib o‘tmoqchi. 21 yoshli futbolchi uchun kurashda villaliklarning imkoniyati yuqori hisoblanadi. Chunki Jerrard “Aston Villa”dan oldin “Reynjers”ni muvaffaqiyatli boshqargan va Xadji uning qo‘l ostida o‘ynagan.

Shotlandiya klubi ruminiyalik pleymeyker uchun 20 million yevro miqdorida badal puli talab qilyapti.

“Roma”ga baquvvat himoyachi kerak
Mourinoning rejasidan himoya chizig‘ini kuchaytiradigan futbolchi xarid qilish masalasi ham o‘rin olgan.

Rimlik skautlar Niderlandiya chempionatida “Feyenoord” sharafini himoya qilayotgan Markos Senesining o‘yinlarini kuzatib bormoqda. 24 yoshli argentinalik himoyachi jismonan baquvvatligi bilan Mourino e’tiborini tortdi.

Markosga anchadan beri “Inter”, “Milan” va “Napoli” kabi grand klublar ham qiziqish bildirib kelmoqda.

“Feyenoord” markaziy himoyachi bilan 2023 yilning yozigacha davom etadigan shartnomaga ega. Biroq, ular yaxshi taklif bo‘lsa, Markosni qo‘yib yuborishga qarshi emas.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov “Barselona” to‘purari bilan raqobatga qodirmi?