11:55 / 12.12.2021
2 219

Boks, og‘ir atletika va zamonaviy beshkurash Olimpiya o‘yinlari dasturidan olib tashlanadimi?

Boks, og‘ir atletika va zamonaviy beshkurash Olimpiya o‘yinlari dasturidan olib tashlanadimi?
Boks, og‘ir atletika va zamonaviy beshkurash Los-Anjeles (AQSH)da o‘tkaziladigan Olimpiada-2028 dasturiga hozircha kiritilmadi. Bu haqda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) saytida ma’lum qilindi.

XOQ boksni chiqarib yuborishi haqida o‘tgan yili ilk xabarlar paydo bo‘lgandi. Endi boks hamda yuqoridagi ikki sport turi xalqaro federatsiyalari bu o‘yinlar Olimpiada dasturida qolishi uchun muayyan talablarni bajarishiga to‘g‘ri keladi.

XOQ musobaqalar dasturiga kiritiladigan 28 sport turi ro‘yxatini e’lon qildi. Boks, og‘ir atletika va zamonaviy beshkurashning 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlari qatorida qolish-qolmasligi masalasiga XOQ ijroiya qo‘mitasi 2023 yilda oydinlik kiritadi.

Olimpiada yakuniy dasturiga kirish uchun ushbu sport turlari xalqaro federatsiyalari o‘z muammolarini hal etishganini Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga isbotlab berishlari shart.

Xususan, 2019 yil may oyida XOQning e’tirofidan vaqtincha mahrum etilgan Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) moliyaviy shaffoflik va hakamlik masalasidagi muammolarini hal etganiga XOQni ishontirishi lozim.

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi dopingga qarshi o‘z dasturi to‘kisligi, ishonchliligi va mustaqilligini ta’minlashi shart. Ushbu shartlar bajarilmasa, og‘ir atletika 2024 yilgi Parij olimpiadasidan ham quruq qolishi mumkin.

Xalqaro zamonaviy beshkurash ittifoqiga esa ot sportini boshqa sport turiga almashtirish bo‘yicha taklif kiritish, musobaqa turnirlari dasturida kamxarj, yoshlar va keng ommani ko‘proq qiziqtiradigan o‘zgarishlar qilish talabi qo‘yilgan.

Umuman olganda, XOQ yoshlarbop sport turlari tomon yuz burayotgani sezilib turibdi. Los-Anjeles-2028 dasturiga kiritish birinchi navbatda taklif etilayotgan 28 sport turi qatoridan skeytbording, sport alpinizmi va syorfing o‘rin olgani ham shunga ishora.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Boks, og‘ir atletika va zamonaviy beshkurash Olimpiya o‘yinlari dasturidan olib tashlanadimi?