22:40 / 22.12.2021
2 549

Vilyanueva «Bunyodkor»dagi maoshi, Skolarining adolatsizligi va nega ketgani haqida

Vilyanueva «Bunyodkor»dagi maoshi, Skolarining adolatsizligi va nega ketgani haqida
Foto: Bunyodkor
O‘zbek futbolini ko‘p yillardan beri kuzatib kelayotganlar «Bunyodkor»ning yulduzli davrlarini yaxshi eslashsa kerak. 2008-2010 yillarda Ziko va Skolari singari dunyoning eng mashhur murabbiylari bilan bir qatorda juda ko‘plab yuqori darajali legionerlar O‘zbekiston birinchiligida o‘ynashgan edi. «Qaldirg‘ochlar»ning ashaddiy muxlislari hamon chililik Xose Luis Vilyanuevani ajoyib to‘purar sifatida eslashadi. Tribuna.uz hozirda futbol sharhlovchisiga aylangan «Bunyodkor»ning sobiq futbolchisi bilan bog‘lanib, eksklyuziv intervyu tashkil qildi.

«O‘zbekiston fuqaroligini olib, milliy jamoasida o‘ynashni juda istagandim»

- Salom, janob Xose, O‘zbekistondan salomlar! Ushbu davlat nomini eshitganingizda eng avval nimalar ko‘z o‘ngingizdan o‘tadi?

- Sizga ham salomlar! O‘zbekiston haqida eshitganimda doim quvonchli damlarni eslayman. Yana o‘sha ajoyib mamlakatga qaytish istagi uyg‘onaveradi. Ha, hozirda u yerga borish men uchun anchayin mushkul. Lekin O‘zbekiston mening xotiramda juda yaxshi taassurotlar bilan qolgan.

Men Chili milliy jamoasi safida bir nechta uchrashuv o‘tkazganman. Ammo O‘zbekiston fuqaroligini olib, ushbu davlat milliy jamoasi safida o‘ynashni juda istagandim. O‘sha yillarda buni juda ham xohlar edim.

Foto: José Luis Villanueva
- O‘zbekistonga qay tariqa kelib qolgansiz?
- Men «Quruvchi» («Bunyodkor»)ning «Barselona» bilan hamkorlik loyihasi doirasida O‘zbekistonga kelganman. Kataloniyaliklarning Lotin Amerikasidagi vakili meni toshkentliklarga taklif qilgan va men shu tariqa O‘zbekiston chempionatiga kelib qolganman.

- Hozirda nimalar bilan bandsiz?
- Ayni paytda «ESPN Chile»da faoliyat olib boraman. Ushbu kanalda futbol bellashuvlarini sharhlayman. «Pauta» radiokanalida ham ekspert sifatida ishlayman. Bundan tashqari, sport musobaqalarini tashkillashtirish va transport xizmatlarini amalga oshiruvchi korxonam bor. Murabbiylik qilishim ham mumkin, lekin hozirda hech bir jamoada ishlamayman. Professional jamoalarni boshqarish niyatim kuchli.

«Qosimov o‘rniga Zikoning kelishi hammasini ostin-ustun qilib yuborgandi»

- «Bunyodkor»dagi jamoadoshlaringizdan qaysilarini eslab qolgansiz?

- Aziz (Haydarov), Kopa (Temur Kapadze), Server (Jeparov), Pardayev (Bahodir), Karpenko (Viktor), Jasur (Hasanov), G‘ofurov (Anvar), Karimov (Xayrulla) va yana ko‘pchilikni eslashim mumkin. Barchalari bilan juda ajoyib damlarni boshdan o‘tkazganman va barchasi haqida yoqimli xotiralarim bor.

Foto: HasanPirmuhamedovHP
O‘sha davrda men bilan to‘p tepgan juda ko‘plab futbolchilar yuqori sifatli ijrochilar bo‘lgan. Deyarli har bir jamoadoshim Yevropa klublarida muammosiz o‘ynab keta olgan bo‘lardi, nazarimda. Menga ayniqsa Jasurning o‘yini yoqardi. Juda tezkor va texnikasi kuchli edi. U mening juda ko‘plab gollarimga assistentlik qilardi.

- Hozir ham o‘zbek futbolini kuzatib turasizmi?
- «Bunyodkor»ning natijalari, o‘yinlarini doim kuzatib borishga harakat qilaman. Bundan avval aytib o‘tganimdek, u yerdagi do‘stlarimni juda ham yaxshi ko‘raman. Lekin bilishimcha, hozir ushbu klub O‘zbekiston chempionatining eng kuchli jamoalari qatoriga kirmaydi. Ayni vaqtda «Paxtakor», «Nasaf» va «So‘g‘diyona» eng yaxshi natijalarga erishayotganidan xabardorman.

- Osiyo Chempionlar Ligasi yarimfinali oldidan bosh murabbiy Mirjalol Qosimov o‘rniga Ziko bosh murabbiy etib tayinlangan va jamoa «Adelaida»ga mag‘lub bo‘lgandi. O‘shanda murabbiyning almashtirilishi qanchalik to‘g‘ri bo‘lgandi, deb o‘ylaysiz?
- Juda g‘alati holat bo‘lgandi. Rostdan ham, hal qiluvchi bosqichlardan biriga Qosimov bilan kelgandik va Zikoning kelishi barchamizni hayratda qoldirgandi. Menimcha, bu futbolchilarning ruhiy holatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Biz o‘z murabbiyimizga ishonardik. U jamoani qanday ruhlantirishni va qanday o‘ynatishni juda yaxshi bilardi. Ha, Ziko kuchli mutaxassis. Uning boshqaruvida futbol o‘ynash har qanday futbolchi uchun faxr tuyg‘usini baxsh etadi. Lekin aynan o‘sha vaziyatda uning jamoaga murabbiy etib tayinlanishi to‘g‘ri emasdi. Bu barchasini ostin-ustun qilib yuborgan.

Rivaldo bilan munosabati, O‘zbekistonga qaytish varianti va maoshi haqida

- Rivaldo bilan o‘rtangizda kelishmovchiliklar bo‘lgani haqida mish-mishlar yuradi…
- Yo‘q, bunday bo‘lmagan. Hech qachon Rivaldo bilan konfliktga bormaganman. U bilan juda yaxshi chiqishardik. Bir necha marotaba ta’til vaqtida uning uyida mehmon ham bo‘lganman. U bilan o‘rtamizda hech qanday muammo bo‘lishi mumkin emasdi.

- Bilamizki, «Bunyodkor» o‘sha vaqtlarda o‘z futbolchilariga juda katta pul to‘lagan. Toshkent klubida olgan maoshingiz faoliyatingizdagi eng kattasi bo‘lganmi?
- «Bunyodkor» menga juda ko‘p pul to‘lagan, demagan bo‘lardim. Bunday bo‘lmagan. Maosh masalasi shaxsiy sir, lekin ishontirib ayta olamanki, O‘zbekistonda ishlab topgan pulim faoliyatimdagi eng yaxshilari qatorida bo‘lmagan.

- Qaytish uchun imkon bo‘lmaganmi?
- Yo‘q, hech qachon O‘zbekistonga qaytish uchun aniq taklif bo‘lmadi. Agar shunday taklif berilganda, ikkilanib o‘tirmay, Toshkentga uchgan va bundan juda xursand bo‘lardim.

Skolarining kutilmagan qarori, Shomurodov va sharhlovchiga aylangani haqida

- Nega ketgandingiz? Qolish uchun imkoniyat bo‘lganmi?
- Ochig‘i, meni O‘zbekistonga borishga ham, bu yerdan ketishga ham majbur qilishgan (kuladi). Sobiq klubim rahbari agar «Bunyodkor»ga o‘tmasam, boshqa hech qaysi klubda o‘ynay olmasligimni aytgandi va men bu yerga kelganman. Lekin tez orada ushbu klub menga juda yoqib qoldi. Toshkentga kelgach, birinchi o‘yinim «Paxtakor»ga qarshi o‘tdi va gol urishga erishdim. O‘shanda tushunib yetdimki, bu klub men uchun atalgan. Ketishni ham xohlamagandim. Lekin Skolari o‘rnimga braziliyalik legioner olmoqchi bo‘lgan. O‘shanda juda hayratda qolganman. Chunki, Luis Felipe meni yaxshi ko‘radigan va «Bunyodkor»da ekanligimdan juda xursanddek ko‘rinardi.

Muxlislar ham meni juda yoqtirishardi, nazarimda. Menimcha, klub Luizao, Rivaldo va men bilan ancha kuchliroq bo‘lgan. Faqat 3ta legionerga ruxsat berilardi va jamoamizdagi ko‘plab mahalliy futbolchilar ham yuqori darajali ijrochilar bo‘lgan. O‘sha vaqtlarda biz OFK Chempionlar Ligasining favoritlari qatorida e’tirof etilardik. Eng hayratlanarli holat, Skolari meni 2009 yilgi OCHL uchun ro‘yxatga qo‘shmaganida sodir bo‘lgandi. Chunki, bundan oldingi mavsumda men jamoaning asosiy to‘purari bo‘lgandim. Gollarim jamoaning yarimfinalga yetib borishiga katta yordam bergandi, deb o‘ylayman. Mening o‘rnimga jamoaga olib kelingan himoyachi va loterallar «Bunyodkor»ga qanchalik kerak edi — bilmayman. Lekin legioner hujumchi o‘rniga himoyachi olib kelishdan hech qanday mantiq yo‘q edi.

Foto: Videodan kadr
- Janob Xose, Yevropa maydonlarida to‘p tepayotgan o‘zbek futbolchilarini bilasizmi?
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, «ESPN Chile»da futbol sharhlayman. A Seriya bellashuvlari vaqtida Eldor Shomurodov ishtirokidagi uchrashuvlarni juda ko‘p marotaba kuzatganman. U menga juda raqobatbardosh va golni sezadigan hujumchi sifatida yaxshi tanish. Eldorni «Jenoa»da o‘ynagan paytlaridan beri kuzataman.

Menimcha, u o‘zbek futbolchilari orasida eng ajoyib faoliyat o‘tkazayotganlaridan va o‘ziga bo‘lgan ishonchi orqali yana ko‘p narsalarga erishishi mumkin. Uning amakisini (Ilhom Shomurodov) juda yaxshi eslab qolganman. Menga yelkadosh bo‘lib futbol o‘ynagan insonning yaqini shunday kuchli futbolchi bo‘lib yetishganidan juda ham xursandman. Eldorni «Mash’al»da yurgan kezlarida ham bir marta ko‘rgandim.

«Temur Kapadze O‘zbekistonga taklif qilgandi»

- O‘zbekistondagi hayotingiz haqida yana nimalarni eslaysiz?
- Palov menga juda yoqib qolgandi. Chilida palovga o‘xshash mazali taomni uchrata olmaysiz. O‘zbekistonda faoliyat olib borgan kezlarim o‘ziga xos ratsion bilan bizga palov berishardi. Biz osh yeydigan kunimizni kutar edik.

Toshkent bozorlarini aylanish, oilam bilan meva-sabzavot xarid qilishni yoqtirardim. U yerda sotuvchilar bilan meva narxlarini talashishning o‘ziga xos gashti bor edi. Oilamdagilar ham o‘sha vaqtlarini juda xursandchilik bilan eslashadi. Toshkentda yashagan vaqtlarimiz biz uchun eng quvonchli damlar sifatida esda qolgan.

Foto: Bunyodkor
- Futbol mutaxassisi sifatida sizning fikringiz biz uchun qiziq: «Oltin to‘p»ning Messiga berilishi to‘g‘rimidi?
- Bu yilgi sovringa Robert Levandovski haqli edi. Lekin Lionel Messiga «Oltin to‘p»ning berilishi noto‘g‘ri bo‘lgani yo‘q. U ham yaxshi yilni o‘tkaza oldi.

- O‘zbekistonlik futbol muxlislariga tilaklaringiz…
- Futbol muxlislariga O‘zbekistonda birga o‘tkazgan ajoyib damlarimiz va har bir daqiqada meni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun rahmat aytib qolaman. Bir muddat avval, Kapadze bilan gaplashgandim. U meni afsonalar o‘rtoqlik uchrashuviga taklif etgandi. Meni qiziqtirayotgan narsalardan biri sevimli klubim «Bunyodkor»ning zamonaviy stadionini ko‘rish. O‘zim ko‘plab unutilmas gollarni urgan eski stadionimizni ham sog‘inganman. Qaytishni, qo‘llab-quvvatlashingizni yana bir bor tuyishni juda ham istagan bo‘lardim.

Abdulvosid Valixonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vilyanueva «Bunyodkor»dagi maoshi, Skolarining adolatsizligi va nega ketgani haqida