“Roma” keskin o‘zgarishlarga yuz tutmoqda. Joze Mourino bosh murabbiy sifatida o‘ziga yoqmagan futbolchilardan qutilishga harakat qilyapti. Bundan tashqari, sport direktori Tyagu Pinto portugaliyalik mutaxassis istagan yangi o‘yinchilarni olib kelishni uddalayotganini ham ko‘ryapmiz.
Qishki transferlar vaqtida poytaxt klubi ikki o‘yinchiga ega bo‘ldi. Dastlab, “Arsenal”dan Eynsli Meytlend-Nayls yarim mavsumga ijaraga olindi. Kuni kecha “bo‘rilar” yana bir nomdor futbolchi – “Portu” vakili Serjiu Oliveyraning transferini e’lon qildi. Universal futbolchi yarim yil ijarada o‘ynaganidan keyin “Roma” uni to‘liq transfer qilishi mumkin.
Har ikki o‘yinchi maydon markazini kuchaytirishi kerak bo‘ladi. Ular zimmasiga tushgan yukning og‘irligi va o‘zlaridan nima talab qilinayotganini yaxshi biladi.
- Men Serjiu Oliveyra ikkimiz jamoa bilan birga muvaffaqiyat qozonish uchun g‘oliblik mentalitetini olib kelganimizga aminman. Klub bizdan g‘alabalarga hissa qo‘shishni talab qilmoqda va biz buni uddalashimiz shart. Yuzimizda tabassum bo‘lib, o‘zimizni baxtiyor his qilishimiz uchun muvaffaqiyatlarga erishish yo‘lini topishimiz kerak bo‘ladi, - dedi Eynsli Meytlend-Nayls.
Kelganlardan ketganlar ko‘pligini ham ta’kidlash joiz. Mourinoga ma’qul kelmagan ispan futbolchilari – Borxa Mayoral va Gonsalo Vilyar o‘z yurtiga yo‘l oldi. Har ikkisi La Liga vakili “Xetafe”ga ijaraga jo‘natildi. Borxa endi Rimga umuman qaytmaydi. Chunki “Real”dan ijaraga olingan futbolchining rimliklar bilan shartnomasi mavsum oxirida yakunlanadi.
Himoya vakillari – Rikkardo Kalafori va Brayan Reynolds ham Rimni tark etdi. 19 yoshli Kalafori tajriba to‘plashi va o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun “Jenoa”ga ijaraga berildi va bu o‘yinchi yaqin kelajakda “Roma”ga qaytarilishi rejalashtirilgan.
Mourino jamoasida raqobatga dosh berolmagan amerikalik Reynolds Belgiya chempionatidan qo‘nim topadigan bo‘lyapti. Unga “Anderlext” ish beradi.
Yana bir e’tiborga molik transfer rasmiylashtirilganini ham eslatib o‘tish darkor. Yaqinda “Marsel” klubi ijarada o‘ynayotgan darvozabon Pau Lopesni 12 million yevro evaziga “Roma”dan to‘liq sotib oldi.
Shuningdek, Rim klubiga tegishli bo‘lib, ijarada o‘ynayotgan Jengiz Under (“Marsel”), Jastin Klyuyvert (“Nitssa”), Alessandro Florensi (“Milan”), Ante Chorich (“Syurix”), Robin Olsen (“Sheffild Yunayted”) kabi bir necha o‘yinchilar ham ortga qaytmoqchi emas. “Roma” imkon bo‘lishi bilan ularni sotib, transfer pullarini boshqa ijrochilarga sarflaydi.
Tarkibdagi o‘zgarishlar hali davom etadi. Mourino yanvar oyi yakuniga qadar yana bir guruh futbolchilar bilan xayrlashmoqchi. Navbat afrikalik tayanch yarim himoyachilari – Amadu Diavara va Ebrima Darbo, shuningdek, Albaniya terma jamoasi himoyachisi Marash Kumbullaga kelgani aytilmoqda.
Ular orasida Marash Kumbullaning xaridori ko‘p. Iste’dodli yosh himoyachiga A Seriya va Angliya premer-ligasidan takliflar bor.
Ta’kidlash lozimki, ketgan va ketishi kutilayotgan futbolchilarning deyarli barchasi Joze Mourinoning qahriga uchragan va bosh murabbiy tomonidan bir necha bor tanqid qilingan.
A Seriyaning “Yuventus”ga qarshi o‘tkazilgan oxirgi bahsida portugaliyalik mutaxassis Eldor Shomurodovni tanqid ostiga oldi. U hamyurtimizni alamli mag‘lubiyatda aybladi. Shundan bo‘lsa-da, qishda “Roma”ni tark etadigan o‘yinchilar ro‘yxatida hozircha Shomurodovning nomi yo‘q. Mourino o‘zi tanlagan hujumchiga ishonch bildirishda davom etadi. Chunki Eldorning omadsiz uchrashuvlaridan jamoasiga foyda keltirgan o‘yinlari soni ancha ko‘p. Xato va kamchiliklar esa hammada bo‘ladi. Hatto, garchi o‘zi tan olmasa-da, Joze Mourinoning o‘zidan ham.
“Roma” mutasaddilari yangi o‘yinchilarni qidirishdan to‘xtamaydi. Joze Mourino ilgari o‘zi chiqisha olmagan Tangi Ndombeleni ham Rimga kelishini istayapti. “Tottenxem” o‘z tarixidagi eng qimmat transferni egasini boshqa klubga qo‘yib yuborishga qarshi emas.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash kerakki, Mourino “Roma”ni grand klublar safiga qaytarish vazifasini o‘ziga yoqadigan usul – kuchli futbolchilarni transfer qilish orqali hal qilmoqchi. Chunki portugaliyalik murabbiy o‘zi erishgan 25 ta sovrinning aksariyatini yulduzli tarkibga ega jamoalarda qo‘lga kiritgan. Shunday ekan, “Roma”da ham yangi nomlar paydo bo‘laveradi va bu raqobatni oshishiga olib keladi.
Otni tezroq qamchila, Eldor! “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Google'ning Gemini chatboti foydalanuvchiga o‘lim tiladi