23:27 / 27.01.2022
2 150

“Roma”da katta tozalash davom etadi va Shomurodovga yangi raqobatchi keladi

“Roma”da katta tozalash davom etadi va Shomurodovga yangi raqobatchi keladi
“Roma” qishda bosh murabbiy Joze Mourinoga kerak bo‘lmagan to‘rt nafar futbolchini boshqa jamoalarga o‘tkazib yuborishga muvaffaq bo‘ldi. Sport direktori Tyagu Pinto xatti-harakatlari bilar ispan futboli tarbiyalanuvchilari – hujumchi Borxa Mayoral va yarim himoyachi Gonsalo Vilyar “Xetafe”ga, amerikalik legioner Brayan Reynolds Belgiya chempionati vakili “Kortveyk”ga, himoyachi Rikkardo Kalafori “Jenoa”ga ijaraga jo‘natildi.

La Gazzetta dello Sport nashrining ma’lum qilishicha, bu transferlar rimliklarga mavsumning ikkinchi qismi uchun jami 4,8 million yevro maoshni tejash imkonini berdi. Bu tejamkorlik orqali “Roma” qishda ijaraga olingan Eynsli Meytlend-Nayls va Serjiu Oliveyraning maoshini to‘liq qoplashga yetadigan pulga ega bo‘ldi.

Ayni paytda poytaxtliklar yana bir necha futbolchilarning muddatidan avval klubni tark etishi evaziga 5,7 million yevroni tejashni rejalashtirmoqda. Ketadigan navbatdagi guruhga Federiko Fatsio, Davide Santon, Amadu Diavara va Alessio Rikkardi kiritilgan

Klub sport direktori Tyagu Pinto hozir bu o‘yinchilarga yangi ish joyi topish borasida bosh qotirmoqda. Aytish joizki, Amadu Diavara, Davide Santon va Federiko Fatsioga aniq xaridorlar bor. Ko‘p narsa futbolchilarning roziligiga bog‘liq.

Joze Mourino tomonidan hatto birinchi jamoa mashg‘ulotlariga jalb qilinmagan Federiko Fatsio taqdirga tan berdi va tezroq boshqa jamoaga o‘tishni o‘ylayapti. Hozircha, bu futbolchi A Seriya autsayderi “Salernitana” safiga qo‘shilishga yaqin turibdi.

Argentinalik himoyachi avval “Sevilya” va “Tottenxem”da to‘p tepgan. 2017 yildan 2020 yilga qadar “Roma”ning asosiy tarkib o‘yinchilari qatoriga kirardi. Biroq, o‘tgan mavsumda boshlang‘ich tarkibdagi joyini yo‘qotgan Fatsio Mourino kelganidan keyin jamoadan umuman chetlatildi.

Portugaliyalik bosh murabbiy ishonchi bildirmagan Davide Santon shartnomasi oxirigacha o‘ynamay maosh olishni ma’qul ko‘rmoqda. Zaxira maydonida yolg‘iz shug‘ullanib yurgan italiyalik himoyachiga Turkiya va Gretsiya jamoalaridan chorlov bo‘lyapti. Biroq, 31 yoshli o‘yinchi bu takliflarni qabul qilmadi. U yozda shartnomasini tugatib, erkin agent sifatida o‘ziga yangi ish joyi qidiradi.

Amadu Diavaraning masalasi ancha chigal. Gvineyalik tayanch yarim himoyachisiga ham xaridor ko‘p. Biroq, yarim himoyachi Afrika Millatlari kubogida ishtirok etish uchun Yevropani tark etgani yangi klublar bilan muzokara olib borish ishlariga xalaqit bermoqda.

Qishki transferlar vaqti qisqaligini inobatga olib, Diavaraga qiziqish bildirgan “Venetsiya”, “Torino”, “Kalyari”, “Sampdoriya” va “Valensiya” kabi klublar e’tiborini boshqa o‘yinchilarga qaratishni ma’qul topdi.

Amadu Diavaraning o‘zi ham “Roma”dan ketishga shoshilmayapti. U asosiy tarkibga kirish uchun kurashib, Joze Mourino va murabbiylar shtabi vakillarini o‘z iqtidoriga ishontirishni mo‘ljallagan.

Xo‘sh, “Roma”ga olinib kelinadigan o‘yinchilar bormi?

Hozircha, Joze Mourino orzusidagi ikki yarim himoyachini qo‘lga kiritib bo‘ldi. Portugaliyalik mutaxassis jamoa hujumkorligini oshirishga e’tibor qaratmoqda. Tyagu Pintu bosh murabbiyga ikki hujumchi nomzodini tavsiya qilyapti.

Ulardan birinchisi ancha jiddiy nomzod. Angliyalik Stefi Mavididi joriy mavsumda “Monpele” yetakchisi va to‘purari vazifasini ajoyib tarzda uddalamoqda. 23 yoshli futbolchi Fransiya chempionatida 21 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qilgan.

“Arsenal” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Mavididi Eldor Shomurodov bilan bir xil pozitsiyada o‘ynaydi. U hujum markazida va chap qanotida samarali o‘ynay oladi, ikkinchi hujumchi vazifasini ham uddalaydi.

Katta iste’dod egasining transferini 9 million yevroga hal qilish imkoni “Roma”ga qo‘shimcha umid beryapti.

Ikkinchi nomzod – Benjamin Sheshko 18 yosh bo‘lishiga qaramay, ancha yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etyapti. Sloveniyalik hujumchi Avstriyaning “Zalsburg” jamoasi sharafini himoya qilmoqda. U milliy chempionat, mamlakat kubogi, Yevropa Chempionlar ligasi saralashi va guruh bosqichida jami 24 marotaba maydonga tushib, yettita gol va oltita golli pas muallifi bo‘ldi. Uning transfer summasi 8 million yevroga baholangan.

Mourino talabiga ko‘ra, “Roma” hujumidagi raqobatni yanada kuchaytirishni maqsad qilgan sport direktori Tyagu Pinto har ikki to‘purar agentlari va klublari bilan muzokara boshlashga tayyorlanmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma”da katta tozalash davom etadi va Shomurodovga yangi raqobatchi keladi