O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni kunlarda Dubayda xorij yig‘ini o‘tkazmoqda. Vakillarimiz mashg‘ulotlar davomida o‘rtoqlik o‘yinlari ham o‘tkazishdi.
O‘FA matbuot xizmati terma jamoa himoyachisi, Rossiyaning "Nijniy Novgorod" klubi a’zosi Ibrohimhalil Yo‘ldoshev bilan intervyu tashkil qildi. Unda himoyachi futbolga kirib kelishi, dastlab taekvondo bilan shug‘ullangani, hujumda o‘ynagani, terma jamoadagi raqobat haqida gapirdi. Quyida intervyuning birinchi qismi bilan tanishing:
- Futbolga qanday kirib keldingiz? Unga qiziqishingizda asosiy sababchi kim? Bu sohadagi ilk qadamlaringizni qayerda tashlagansiz?
- Futbolga ilk qadamimni 12 yoshligimda tashlaganman. 7-8 yoshligimda futbolga qiziqib yurganman. Lekin u paytda men boshqa sport, ya’ni taekvando bilan shug‘ullanardim. Bu sportga meni dadam olib kelganlar. 5 yoki 6 yoshligimdan shug‘ullanishni boshlaganman. Keyin menda futbolga bo‘lgan qiziqish uyg‘ondi. Unga bo‘lgan e’tiborim tobora ortib bordi. Taekvondoda ham futbol o‘ynab yurardik. Shunday qilib, 12 yoshimda taekvondo bilan shug‘ullanishni tamomladim va futbolga o‘tdim. O‘sha payt Yangiyerda Ikrom Davlatov birinchi murabbiyim bo‘lgan. Ertalab mashg‘ulotga qatnardim. Keyin 6-sinfda maktab internatiga kirdim. U yerda 1 yil o‘qidim.
O‘sha paytlar Yangiyerda turnir bo‘lgan. Biz unda 1-o‘rinni olganmiz. Bu turnirga Toshkentdan seleksionerlar kelgandi. Ular meni o‘yindan keyin chaqirdi va mendan "8-raqamda sen o‘ynaysanmi?", - deyishdi. So‘ng "Seni "Paxtakor"ga chaqirmoqchimiz. Kelasanmi?", - deb so‘rashdi. Albatta, men rozi bo‘ldim. Juda xursand edim, ammo rosti ishonmaganman. Ota-onamga bu xaqda aytib, ertasi kuni murabbiyim bilan birga "Paxtakor"ga borganman. 6-sinfda o‘qirdim u vaqtlar. Keyin Toshkentga bordik. Ertalab Stanislav Kudryashov qo‘l ostida mashg‘ulot o‘tkazilgan va men ham unda qatnashganman. U mening o‘yinimni ko‘rib, olib qolishga qaror qilgan. Shu bilan o‘sha yerda qolganman. 7-sinfda o‘sha yerdagi akademiyaga o‘qishga kirganman.
- Ko‘pchilikning o‘ylashicha, futbol bilan 7-8 yoshdan boshlab shug‘ullanish kerak. Siz 12 yoshda futbolga kirib kelganingizda, sizdan oldin shug‘ullangan yigitlar bilan kirishib ketishda muammo bo‘lmaganmi?
- To‘g‘ri, qiyinchilik bo‘lgan. Mashg‘ulotlarda ham ancha farq sezilgan. U yerdagilar bilan til topishib ketishda oz bo‘lsa-da, qiynalganman. Biroq keyin o‘zim harakat qilganman. Bu murabbiyga ham ma’qul kelgan. Umumiy olib aytganda, bu borada menda jiddiy muammo bo‘lmagan.
- Hozirgi kunda chap qanot himoyasida o‘ynaysiz. Bu pozitsiyada sizni kim birinchi bo‘lib kashf qilgan? Ya’ni sizning jismoniy holatingiz, texnika va tezligingizni inodatga olib, ushbu chiziqda o‘ynab keta olishingizga ishongan inson kim bo‘lgan?
- Dastlabki o‘yinlarda men hujumda o‘ynardim. Yangiyerda hujumchi bo‘lib maktab internatiga o‘tganimda, meni yarim himoyaga qo‘yishdi. Hatto Toshkentga kelganimda ham markaz futbolchisi edim. Keyin Kudryashov meni chap qanot yarim himoyasiga o‘tkazdi. Vaqt o‘tib, o‘ng qanot himoyasi, undan so‘ng esa chap qanot himoyasi menga topshirilgan. Shu tariqa, chap qanot himoyachisi bo‘lib qolganman.
- Milliy terma jamoada o‘ynayotganingizga ham ancha bo‘ldi. Ya’ni yangi kelganlardan emassiz. Terma jamoaga chaqirilish jarayonini eslay olasizmi?
- Eslayman, albatta. "Bunyodkor"da edim. U yerga Vadim Abramov tomonidan chaqirilgan vaqtlarim. Yoz fasli edi. Qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Termaga chaqirilganimni aytishgan. Judayam xursand bo‘lganman. Chunki hammaga ham milliy terma jamoaga chaqirilish nasib etmaydi. Bu barcha futbolchilarning orzusi.
Toshkentdagi yig‘inda ishtirok etganman. Debyut o‘yinim o‘rtoqlik bahsida bo‘lgan. Tojikiston bilan to‘qnash kelganmiz. Shu bahsda Abramov meni asosiy tarkibda tushirgandi.
- Sizning pozitsiyangizda xarakter kuchli bo‘lishi kerak, menimcha. Sababi bu chiziqda bizning terma jamoada boshqa jamoalarga qaraganda raqobat juda kuchli. Tajribali Farrux Sayfiyev, "Nasaf"da zo‘r mavsum o‘tkazgan Sherzod Nasrullayev va Rossiya chempionatida o‘ynab yurgan sizni "bir-biriga munosib raqobatchilar", - deyishimiz mumkin. Sizda raqobatni yengib o‘tishda qandaydir qiyinchilik bo‘lmayaptimi?
- O‘ylashimcha, sog‘lom raqobat bo‘lishi kerak. Bu chiziqda 3 ta futbolchi chaqirilgan, ammo menimcha, bu menga qiyinchilik tug‘dirmaydi. Faqat murabbiyning aytganini bajarishim kerak, deb o‘ylayman. Futbolchi uchrashuvlarda o‘zini ko‘rsatishi kerak. Shu kifoya.
Davomi bor...
Bekzod Isayev
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar