23:35 / 28.02.2022
965

FIFA Rossiya terma jamoalarini xalqaro musobaqalardan chetlatmoqchi

FIFA Rossiya terma jamoalarini xalqaro musobaqalardan chetlatmoqchi
FIFA Rossiya terma jamoalarini (barcha yosh toifadagi) xalqaro musobaqalarda qatnashishdan chetlatmoqchi.

Reuters xabariga koʻra, Xalqaro futbol federatsiyasi UEFA bilan Rossiya jamoalariga nisbatan sanktsiyalarni kuchaytirish masalasida muzokaralar olib bormoqda.

Shu nuqtai nazardan Rossiyani «keyingi ogohlantirishgacha» musobaqadan chiqarib yuborish imkoniyati koʻrib chiqilmoqda.

UEFA 28 fevral kuni Rossiya futboliga oid bir qator masalalarni hal qilish uchun yigʻilish oʻtkazishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Xalqaro professional futbolchilar assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFPro) ham FIFAni Rossiya futboliga nisbatan qattiq choralar koʻrishga chaqirdi.

FIFPro Rossiyaga nisbatan qoʻllanilgan sanktsiyalarning «engil» va «futbolchilarni himoya qilmasligi»ni ta'kidladi.

«FIFPro ushbu tashvishli vaziyatda Rossiya jamoalariga qarshi oʻynamaslikka qaror qilgan futbolchilar va dunyoning barcha futbol federatsiyalarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Koʻplab oʻyinchilar va kasaba uyushmalari Polsha, Shvetsiya va Chexiya oʻyinchilariga oʻz yordamlarini bildirishdi.

Shuning uchun biz xavfsizlik tiklanmaguncha Rossiya futbol ittifoqi faoliyatini zudlik bilan toʻxtatishga chaqiramiz
», — deyiladi tashkilot bayonotida.

Avvalroq Polsha, Shvetsiya va Chexiya Rossiyaga qarshi oʻyinda ishtirok etishdan bosh tortgandi. Uchala tomon ham bunga Ukrainadagi jangovar harakatlarni sabab qilib koʻrsatgan. Shuningdek, Angliya futbol assotsiatsiyasi ham mamlakat terma jamoalarining Rossiya terma jamoalari bilan oʻynamasligini ma'lum qilgandi.

Bundan tashqari, koʻplab futbol assosiatsiyalari tomonidan Rossiya terma jamoasining JCh—2022 oʻtish oʻyinlaridan chetlashtirish fikri ham ilgari surildi.

24 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e'lon qildi. Ayni vaqtda Ukrainaning qator hududlarida harbiy harakatlar davom etmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport