
Oʻng tomonda, «Surxon» sardori
Fargʻonaning «Neftchi» va Termizning «Surxon» klublaridagi oʻyini bilan tanilgan yarimhimoyachi Husniddin Gʻofurovning ismi va yoshi oʻzgartirilgan boʻlib chiqdi. Bu haqda Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi xabar berdi.
Ma'lum boʻlishicha, futbolchining ismi Husniddin emas, Anvarjon. U avval qayd etilganidek 1997 yil emas, 1995 yilda tugʻilgan.
OʻFA bayonotida aytilishicha, futbolchi ukasining nomiga rasmiylashtirilgan pasport bilan futbol oʻynab yurgan. Bu ishni qilganini oʻzi tan olgani va uning futboldagi iqtidorini inobatga olgan OʻFA futbolchiga yangi nom bilan mehnat shartnomasi tuzishga ruxsat bergan.
«Oʻzbekiston futbolchilari uyushmasining OʻFA Futbolchilarning maqomi va oʻtishi boʻyicha qoʻmitasiga yuborgan xatiga muvofiq futbolchi Gʻofurov Anvarjon Husanboy oʻgʻlining haqiqiy shaxsiy ma'lumotlari va ism-familiyasi boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirilishi bilan bogʻliq masala koʻrib chiqilgan.
Qoʻmita yigʻilishida futbolchi Gʻofurov Anvarjon Husanboy oʻgʻlining vakili sifatida ishtirok etgan Oʻzbekiston futbolchilari uyushmasi raisi Kamoliddin Murzoev futbolchi haqiqatda ham bundan bir necha yil avval, oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablar tufayli oʻzining ma'lumotlarini, aniqrogʻi pasportidagi ismi va familiyasini ukasi Gʻofurov Husniddin Husanboy oʻgʻli nomiga rasmiylashtirgani va aynan ushbu ism-familiya ostida faoliyatini davom ettirganini ta'kidlab oʻtdi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyati Buvayda tuman sudining 2020 yil 3 mart kunidagi hukmiga koʻra, Gʻofurov Anvarjon Husanboy oʻgʻlini ukasi Gʻofurov Husniddin Husanboy oʻgʻli bilan bir-birlarining shaxsiy ma'lumotlari va ism-familiyalarini almashtirgan holda rasmiylashtirilgan fuqarolik pasportlari belgilangan tartibda yoʻq qilinib, ularning haqiqiy shaxsiy ma'lumotlari va ism-familiyalari boʻyicha fuqarolik pasportlari rasmiylashtirilishi ta'minlangan.
Qoʻmita ushbu vaziyatni oʻrganish davomida futbolchi haqiqatda ham bunga oʻzi istamagan holda oʻsha vaqt faoliyatini boshlagan murabbiylari va ota-onasi qistovi bilan rozilik bergan, degan xulosaga keldi.
Futbolchilarning maqomi va oʻtishi boʻyicha qoʻmitasi futbolchini oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablar tufayli hujjatlarini ukasining shaxsiy ma'lumotlari asosida rasmiylashtirgani, bu vaziyatdan chiqish uchun yordam soʻrab murojaat qilayotgani, uning futboldagi iqtidor va qobiliyatini inobatga olgan holda uning oʻziga tegishli shaxsiy ma'lumotlari asosida rasmiylashtirilgan mehnat shartnomasi va boshqa hujjatlarini Oʻzbekiston Professional futbol ligasidan roʻyxatdan oʻtkazishga ruxsat berishni hamda Gʻofurov Anvarjon Husanboy oʻgʻliga jarima intizomiy jazo chorasini qoʻllash masalasini koʻrib chiqishni Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qoʻmitasiga havola etishni lozim topdi», deyilgan OʻFA bayonotida.
Ma'lumot uchun, haqiqiy ismi-sharifi Anvarjon Gʻofurov boʻlgan futbolchi 2018 yil Xitoy maydonlarida oʻtkazilgan Osiyo chempionati U-23 bahslarida ishtirok etgan va Oʻzbekiston safida oltin medalni qoʻlga kiritgan. Saralashda va musobaqa davomida birorta oʻyinda ishtirok etmagan futbolchi yakunda barcha futbolchilar qatorida davlat tomonidan «Malibu» avtomobili bilan taqdirlangan. Musobaqada Husniddin Gʻofurov nomi bilan roʻyxatga olingan futbolchi 1997 yilda tugʻilgani qayd etilgan.

Foto: Wikipedia
Hozir esa «Neftchi» safida Anvar Gʻofurov sifatida PFL qaydnomasiga kiritilgan futbolchi 1995 yilda tugʻilgani koʻrsatilgan. Qizigʻi, u «Neftchi» safida mavsum avvalida Husniddin Gʻofurov sifatida tanishtirilgan, Superliga 1-turida esa Anvar Gʻofurov sifatida maydonga tushgan.

Foto: PFL
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev futbolchining ismi va yoshi oʻzgartirilgani 2020 yil sud tomonidan aniqlanganiga qaramay, u 2021 va 2022 yilgi mavsumlarda ham Husniddin Gʻofurov sifatida maydonga tushganiga e'tibor qaratgan.
FutbolchiAnvarjon GʻofurovIsm OʻzgartirishFargʻona NeftchiOʻFA BayonotiSuperliga MavsumPasport Masalalari O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar