“Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino keyingi paytda Eldor Shomurodovga yetarlichi o‘yin amaliyoti bermayapti. Legionerimiz zaxira hujumchisi maqomini 18 yoshli Feliks Afena-Gyanga boy berdi. Albatta, bunda portugaliyalik mutaxassisning tanlovi asosiy sabab bo‘lib xizmat qilmoqda. Mahorat va tajriba bobida Eldorning ustunligini hamma biladi.
Endi Rim klubi Shomurodov pishgan chempionat – Rossiya premer-ligasidan o‘yinchi olishga harakat qilmoqda.
Corriere dello Sport nashrining xabar berishicha, “Roma” qisqa muddatga bo‘lsa ham SSKA yarim himoyachisi Jan-Filipp Gbamenni o‘z safida o‘ynatmoqchi. Manbaning ma’lum qilishicha, Mourinoga 26 yoshli o‘yinchining yarim himoya va himoya markazida ishonchli o‘ynay olish qobiliyati ma’qul kelgan. Bundan tashqari, Kot-d’Ivuarda tug‘ilgan futbolchida Fransiya pasporti borligi uning kuchli beshlik chempionatlarida o‘ynashga imkon beradi. Chunki bu chempionatlarning aksariyatida Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan davlatlardan kelgan o‘yinchilar soniga cheklov qo‘yilgan.
“Roma”ning bu o‘yinchiga e’tibor qaratishi FIFAning Rossiya chempionatida o‘ynayotgan legionerlarga amaldagi shartnomalarini vaqtincha to‘xtatib, boshqa jamoalarda o‘ynash huquqini bergani sabab bo‘ldi.
Gbamen SSKAga shu yilning fevral oyida qo‘shilgan edi. Yarim himoyachi moskvaliklar tomonidan mavsum oxirigacha “Everton”dan ijaraga olingan. “Roma” FIFAning qaroridan foydalanib, uni 30 iyungacha Rimda o‘ynashiga erishmoqchi.
Mourino fikridan qaytgani yo‘q
Joze Mourino “Roma”ga Angliya chempionatining ikki vakili – Granit Jaka va Diogu Dalotni olib kelish fikridan qaytgani yo‘q.
Italiya matbuotining yozishicha, portugaliyalik mutaxassis klub sport direktori Tyagu Pintodan bu ikki transferni uddalashni so‘ramoqda.
Diogu Dalot “Manchester Yunayted”dagi debyutini aynan Mourino qo‘l ostida o‘tkazgan. Garchi manchesterliklar bir yildan keyin tugaydigan shartnomani uzaytirishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, portugaliyalik himoyachi doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun boshqa jamoaga o‘tishga tayyor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Dalot Mourinoning jamoasiga o‘tishga moyil bo‘lib turibdi. Rimliklar bu transferni 10-12 million yevroga amalga oshirishi mumkin.
Granit Jaka transferi biroz murakkab bo‘ladi. O‘tgan yozda “Roma” taklifini rad etgan shveysariyalik yarim himoyachi “Arsenal” bilan yangi bitim tuzgandi. Biroq, tajribali o‘yinchi jamoa bosh murabbiyi Mikel Arteta bilan chiqisha olmayotgani rimliklarga qo‘l kelishi mumkin.
“Arsenal” bilan hamkorligi 2024 yilning yozigacha tuzilgan 29 yoshli o‘yinchini olish uchun “Roma” 20 million yevro sarflashiga to‘g‘ri keladi.
U ishonchni oqlamadi
Qishki transferlar vaqtida Rim klubi ikki tajribali o‘yinchi – “Arsenal” vakili Eynsli Meytlend-Nayls va “Portu” yarim himoyachisi Serjiu Oliveyrani mavsum oxiriga qadar ijaraga olgandi. “Roma”da har ikki futbolchini yozgi transferlar vaqtida to‘liq transfer qilish huquqi bor.
Klub mutasaddilari bu o‘yinchilar bo‘yicha hozirdan bir qarorga kelib bo‘lgan. Unga ko‘ra, klub mavsum yakunlanishi bilan Meytlend-Naylsni “Arsenal”ga qaytarib yuboradi. Aslida bu yarim himoyachi “kanonirlar” safida asosiy tarkibga kira olmagani uchun ijaraga yuborilgandi.
Eynsli o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalana olmadi. Uning xatti-harakatlari Joze Mourino va uning shtabidagi murabbiylarga yoqmagani aytilmoqda.
Serjiu masalasida muammo yo‘q. U jamoaga muhim g‘alabalar keltirishda davom etmoqda. Rimliklar yozda uni “Portu”dan 15 million yevro atrofidagi mablag‘ evaziga to‘liq transfer qilishni rejalashtirgan.
Mourino shogirdini himoya qildi
Konferensiyalar ligasi doirasida “Vitess”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvning 66-daqiqasida Joze Mourino 100-uchrashuvini o‘tkazayotgan Nikolo Dzanoloni zaxiraga olib, o‘rniga Lorenso Pellegrinini tushirdi.
22 yoshli hujumkor futbolchi zaxira o‘rindig‘iga bormasdan, to‘g‘ri kiyim almashtirish xonasiga ketdi. Odatda, o‘yindan olinganiga norozi bo‘lgan o‘yinchilar shunday qiladi. Jurnalistlar bu holatga e’tibor qaratdi. Biroq, Mourino o‘z shogirdini himoya qildi.
- Ichkariga kirib ketishini unga men tayinladim. Chunki havo xarorati ancha sovuq edi va u terlab ketgani ko‘rinib turardi. U yaxshi o‘ynadi, sizlar esa faqat yomon tomonini qidirasizlar. Har doim men va Nikolo o‘rtasiga sovuqchilik solmoqchi bo‘lasizlar, - dedi Joze Mourino. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi