08:30 / 17.03.2022
1 339

Ro‘ziqul Berdiyev: "Mehnatimiz uchun kimdandir alohida tabrik kutayotganimiz yo‘q"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Mehnatimiz uchun kimdandir alohida tabrik kutayotganimiz yo‘q"
“Nasaf” Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida mehmonda BAAning “Baniyas” klubini ishonchli tarzda yengib qaytganidan hammamiz juda quvondik. Chunki “Paxtakor” singari “Nasaf” ham endi guruh bosqichida yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Qarshiliklarning g‘alabasi esa o‘z navbatida “So‘g‘diyona”ga OFK Kubogi eshiklarini ochib berdi. Demak, bu yil 3 ta jamoamiz xalqaro maydonda ishtirok etadi. “Nasaf” safardan qaytib kelgach, jamoa ustozi Ro‘ziqul Berdiyevni tabriklagan holda ayrim savollarni o‘rtaga tashladik.

- Ro‘ziqul Sa’dullayevich, raqibni yaxshi o‘rganib chiqqaningiz o‘yin davomida isbotini topdi. Qo‘l ostingizdagi futbolchilarga qanday motivatsiya berdingiz?

- Bu narsaga ko‘proq e’tibor qaratdik. Oldindan bizning ham, yigitlarning ham niyati Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichida qatnashish edi. Shuning uchun barcha kerakli so‘zlarni topib berdik. O‘zlaring ko‘rdinglar, futbolchilar ruhiy tomondan tayyor edi. Bunday turnir, bunday o‘yinlarda ruhiy tayyorgarlik birinchi o‘ringa chiqadi. Hozirgi darajamiz, texnik-taktik holatimiz bo‘yicha raqibnikidan kam emasmiz. Lekin ruhiy ishonch birinchi o‘ringa chiqqani sababli futbolchilarimiz erkin va qo‘rqmasdan harakat qilishdi. Oldinlari xalqaro uchrashuvlarda ruhiy tayyorgarlik joyida bo‘lmasdan osongina mag‘lubiyatga uchrardik. Bu safar yigitlarda o‘ziga bo‘lgan ishonch, ishtiyoq, raqibdan cho‘chimaslik - g‘alabamizga asosiy omillar sifatida aytish mumkin.

- “Nasaf” “Ye” guruhidan joy oldi. U yerda “Al-Sadd”, “Al-Faysali” va “Al-Vihdat” kabi klublar bor. Bu guruh borasida fikringiz qanday? Barcha raqiblar teng kuchlimi yoki “Al-Sadd” yaqqol favoritmi?

- “Al-Sadd”ni o‘zimiz yaxshi bilamiz. Butun Osiyo ham biladi. Bu jamoaga qarshi ikki marta o‘ynaganmiz. Qolgan ikki jamoani o‘rganishda davom etamiz. Lekin pley-off o‘yinidan oldin hali bu haqda bosh qotirmagandik. Aniq shuni bilamizki, guruh bosqichida hech qanday bosimsiz, erkin o‘ynashga harakat qilamiz. Bu jihat juda muhim bo‘ladi. Asosiysi, birinchi vazifamizni bajardik. Ikkinchi vazifamiz esa imkon qadar turnirda yaxshiroq qatnashishimiz kerak. Tarkibimizdagi bir qancha o‘yinchilar Osiyo Chempionlar ligasida ilk bor qatnashishadi. Bu ular uchun katta maktab bo‘ladi. Osiyo Chempionlar ligasida o‘zini ko‘rsatish bo‘yicha ishtiyoq ham, motivatsiya ham yigitlarimizda yuqori darajada bo‘ladi.

- Guruh bosqichining taqvimini kuzatganimizda barcha olti uchrashuv aprelda bo‘lib o‘tadi. Masalan, 8-kuni safarda o‘yin, 11-kuni esa Qarshida. O‘yinlar mana shunday tarzda tig‘iz ekan. Bu noqulayliklar tug‘dirmaydimi?

- Albatta, qiyinchiliklar bo‘ladi. Aytaylik, tarkibimiz juda boy emas. Bu ham albatta ta’sir qilishi mumkin. Bundan tashqari, ob-havoning ham noqulayligi bo‘lishi mumkin. Balki o‘sha paytga kelib yanada issiq havoga aylanishi hech gap emas. Lekin hozirgi sharoitimizda bor imkoniyatimizdan foydalanamiz.

- “Nasaf”ning g‘alabasi tufayli “So‘g‘diyona” OFK Kubogida qatnashish imkoniga ega bo‘ldi va tabiiyki, o‘zbek klublarining xalqaro maydondagi reytingini oshirishda hissa qo‘shyapsizlar. Qiziq, pley-off o‘yinidan so‘ng, shu paytgacha “So‘g‘diyona”dan kimdir sizni tabrikladimi?

- Yo‘q, hech kim minnatdorchilik bildirmadi, bu muhim emas. Bu mehnatimiz uchun kimdandir alohida tabrik kutayotganimiz yo‘q. Biz o‘z ishimizni, o‘z vazifamizni bajaryapmiz xolos. Bilaman, “So‘g‘diyona” jamoasi ham, muxlislari ham bundan xursand. To‘g‘risi, o‘zimiz ham bu vaziyatdan mamnun bo‘ldik. Chunki xalqaro maydonlarda jamoalarimiz qancha ko‘paysa, bu futbolimiz uchun ham yaxshi. Mana shunday litsenziyalarni ko‘paytirishda hissa qo‘shayotganimizdan jamoamiz bilan birga juda xursandmiz. O‘tgan yili OFK Kubogidagi o‘yinlarimiz ham bizga o‘rinlar berdi. Bu yil ikkita o‘zbek klubini OCHL guruh bosqichida qatnashishi ham bizga ochkolar keltiradi. O‘ylaymanki, “So‘g‘diyona” klubi OFK Kubogida o‘z oldiga yuqori maqsadni qo‘ysa kerak.

- Oldinda jamoangizni Olmaliqda AGMKga qarshi yana bir jiddiy bahs kutyapti. Safardagi bellashuvdan so‘ng tiklanish qiyin kechmaydimi?

- O‘yinlar 5 kun oralig‘ida bo‘lyapti, menimcha, bu normal holat. Jamoamiz bemalol o‘ziga kelib, tiklanishga ulguradi. Tiklanish jarayonlarini kechadan boshladik. O‘ylaymanki, yigitlarimiz AGMK bilan bo‘ladigan uchrashuvga normal holatda bo‘lishadi. Jismoniy tarafdan barchasi joyida bo‘ladi, deb umid qilaman.

- “Nasaf”ga xalqaro maydonda barcha o‘zbekistonliklar muxlislik qilishyapti. Ularga nima degan bo‘lardingiz?

- Albatta, biz muxlislar uchun o‘ynaymiz. Pley-off uchrashuvida aniq bildik va aniq his qildikki, butun o‘zbekistonlik ishqibozlar biz uchun qayg‘urishdi, qo‘llab-quvvatlashdi. Jamoamizdan g‘alaba kutishdi, barcha ishqibozlarning ishonchini oqlaganimizdan xursandmiz. Har doim futbolimiz muxlislar uchun. Futbolimiz darajasi BAA klublarinikidan kam emasligini kechagi uchrashuvda isbotladik. Bizda eng zo‘r muxlislar bor, ular futbolni yaxshi ko‘rishadi. Barchamiz birgalashib futbolimiz darajasini ko‘taraylik. Har bir stadionda o‘yinlar bayram darajasiga chiqsin.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Mehnatimiz uchun kimdandir alohida tabrik kutayotganimiz yo‘q"