14:20 / 11.04.2022
2 323

Shomurodov gol urolmagan o‘yindan so‘ng Mourino nega uzr so‘radi?

Shomurodov gol urolmagan o‘yindan so‘ng Mourino nega uzr so‘radi?
“Roma” A Seriyaning 32-turida “Olimpiko”da chempionat autsayderi “Salernitana” jamoasini qabul qilib, o‘ta qiyin g‘alabaga erishdi. Rimliklarning Yevrokuboklar uchun kurashdagi raqiblari – “Atalanta” va “Fiorentina” o‘zaro kurash olib bordi va bu to‘qnashuvda florensiyaliklarning g‘alabasi “Rom”ga qo‘l keldi. Hozirgi holatga ko‘ra, “Roma” bergamoliklardan olti ochkoga ilgarilab ketdi. “Fiorentina” esa to‘rt ochko ortda qolmoqda.

Ko‘pchilik bu uchrashuvda “Roma”ning osonlikcha g‘alaba qozonishini kutgandi. Biroq, birinchi bo‘lim o‘rtalarida raqiblardan Ivan Radovanovich hisobni ochdi. Qolgan daqiqalarda “Salernitana” juda mustahkam himoyalandi.

Mourino ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida beshta o‘zgarish qilgani samara berdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Karles Peres 82-daqiqada ajoyib zarba bilan hisobni tenglashtirdi. Bu “Barselona” tarbiyalanuvchisining joriy chempionatdagi birinchi goli bo‘ldi. Oradan uch daqiqa o‘tib, Kris Smolling raqibni “nokaut”ga tushirib, g‘alaba to‘pini kiritdi.

Mazkur bahsda 68-daqiqada maydonga tushgan Eldor Shomurodov jamoasining uchinchi golini kiritishga juda yaqin kelgandi. Lekin katta tezlikda jarima maydonchasiga kirib, murakkab vaziyatdan bergan zarbasini Luidji Sepe qaytarib qoldi.

“Roma”ning ketma-ket ikkinchi o‘yinida mojaroli vaziyat yuzaga kelgani qiziq bo‘ldi. Konferensiyalar ligasida “Bude-Glimt” bosh murabbiyi va “Roma” darvozabonlari murabbiyi o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqandi va bu borada surishtiruv ishlari davom etmoqda.

“Salernitana” bilan bo‘lgan o‘yindan keyin ham shunga o‘xshash holat kuzatildi. Raqib jamoa sport direktori Valter Sabatini rimlik futbolchilar va murabbiylarning o‘zini tutishini keskin tanqid qildi.

- “Roma”ning hurmatini saqlagan holda, ular o‘zlarini chidab bo‘lmas darajada tutganini aytishim kerak. Haqiqiy sportchilar bunday bo‘lmaydi. Hakamning maydondagi har bir qaroridan keyin unga e’tiroz bildirishdi. Ular hakam va raqib jamoa sha’niga to‘g‘ri kelmaydigan gaplarni gapiryapti.

Men klubimizga nisbatan hurmatsizlik qilishlariga jimgina qarab turolmayman. Ha, biz ligada jon saqlash uchun kurashyapmiz, shunga qaramay, hurmatga loyiqmiz
, - dedi Valter Sabatini.

Darhaqiqat, o‘yin yakunlanishi arafasida Joze Mourino murabbiylar shtabi vakillaridan biri ham “Salernitana” zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan raqib jamoa vakillariga noloyiq gaplarni aytdi.

Joze Mourino uchrashuvdan keyin bu holat bo‘yicha uzr so‘radi.

- Biz payshanba kuni ham uchrashuv o‘tkazganmiz va jamoa charchab qoldi. O‘yinchilarni almashtirganimizdan keyingina tashabbusni o‘z tomonimizga og‘dira oldik.

“Salernitana” juda yaxshi himoyalandi va bizga juda ko‘p muammo tug‘dirdi. Biz uch ochkoga loyiqmiz, deb hisoblayman. Raqib jiddiy qarshilik ko‘rsatgan og‘ir uchrashuvda muhim g‘alabaga erishdik.

O‘yin oxirida xunuk holat yuz berdi. Men buning uchun uzr so‘rayman. Chunki murabbiylar shtabimga men mas’ulman
, - dedi Joze Mourino.

Ushbu g‘alabadan so‘ng, poytaxt klubi ochkolari sonini 57 taga yetkazib, beshinchi pog‘onadagi o‘rnini mustahkam oldi. Endi “Roma” oldida A Seriyada ikkita qiyin uchrashuv turibdi. Joze Mourino shogirdlari aprel oyining oxiriga qadar ikki grand – “Napoli” va “Inter” mehmoni bo‘ladi. Birinchi davra uchrashuvlarida neapolliklar Rimdan bir ochko olib ketgan bo‘lsa, milanliklar yirik hisobdagi g‘alaba bilan ortga qaytgan.

Ungacha, “Roma” futbolchilari 14 aprel kuni Konferensiyalar ligasi chorak finalining javob o‘yinida “Budyo-Glimt” bilan kuch sinashadi. Bo‘lajak to‘qnashuvda rimliklarni har qanday hisobdagi g‘alaba qoniqtiradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov gol urolmagan o‘yindan so‘ng Mourino nega uzr so‘radi?