09:21 / 26.04.2022
1 174

"Nasaf"ning raqibi "Al-Vehdat"ning o‘yinini tahlil qilamiz! Uning kuchli va kuchsiz tomonlari nimada?

"Nasaf"ning raqibi "Al-Vehdat"ning o‘yinini tahlil qilamiz! Uning kuchli va kuchsiz tomonlari nimada?
"Ajdarlar" OCHL guruh bosqichida yaxshi natija ko‘rsatishni uddalamoqda, ammo barcha mehnatni yuzaga chiqarish uchun 6-turda "Al-Vehdat"ni yana bir bor mag‘lubiyatga uchratish shart! Xo‘sh, Iordaniya klubi bizga qanday xavf tug‘diradi? Qaysi aspektlarda "Nasaf" kuchliroq? Qanday omil yakunda bizga 3 ochko taqdim etishi mumkin? Ushbu uchrashuv oldidan raqib jamoa o‘yiniga baho berishga qaror qildik. Katta, ammo juda foydali material "ajdarlar" muxlislarini befarq qoldirmasligi aniq.

"Al-Vehdat"ning o‘yin uslubi qanday?

Bosh murabbiy klassik 4-2-3-1dan foydalanadi. Bu zamonaviy futboldagi eng urfga kirgan sxema. Shunday bo‘lsada, iordaniyalik futbolchilar undan 100 foiz foydalanadi, deb bo‘lmaydi. Sababi, tarkibdagi ijrochilarning mahorati bunga imkon bermaydi. Birinchi navbatda, kuchli pressing uyushtirish borasida ularda muammolar yetarlicha. "Nasaf" asosan raqib jarima maydonchasi ichida bosimni boshlasa, "Al-Vehdat" raqibni maydon markazida kutib olishga o‘rgangan.

Bu ularga qarshi o‘yinda Berdiyev shogirdlariga to‘p nazoratini ortiqcha muammosiz qo‘lga olish imkonini beradi. Bundan tashqari, "Al-Vehdat" kuchli bosim uyushtiruvchi jamoalar bilan o‘yinda oldindagi yagona hujumchisiga ikkinchi qavatdan uzatmalar amalga oshirishni afzal ko‘radi. O‘z jarima maydonchasida xatoga yo‘l qo‘ygandan ko‘ra shunisi ma’quldek. Aynan shu vaj sababli "Al-Sadd" to‘p nazoratini o‘z qo‘liga olib, ularni 5:2 hisobida taslim etgan edi.

Yodingizda bo‘lsa, bu jamoalar o‘rtasidagi birinchi o‘yinda aynan to‘p nazorati hal qiluvchi omilga aylangandi. Ikkinchi bo‘limda mobilroq harakat qilgan "ajdarlar" yakunda so‘nggi 20 daqiqalikda ikkita gol urib, 3 ochko ishlagan. Oldindagi o‘yinda ham bu faktor tablodagi hisobga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Pressingda faol bo‘lmagani bois "Nasaf" ortiqcha muammosiz qanot kuchlarini o‘yinga tashlashi, kerakli pallada markazdagi futbolchilarni oldinroq surishi mumkin.

Ojiz nuqtasi qayer?
"Al-Vehdat"ning eng ojiz nuqtasi bu - tayanch yarim himoyasi. Murabbiy bu "zona"ni berkitish uchun 2 futbolchini o‘yinga tashlaganiga qaramay, barchasi samarasiz yakunlangandi. Keling, Stanoyevichning birinchi golini yodga olamiz:


Ushbu suratda "Nasaf"ning serbiyalik legioneri hech qanday qarshiliksiz zarba yo‘llaydigan pozitsiyaga chiqib borganini ko‘rish mumkin. Ba’zan, jamoa to‘psiz qolib ketganida pressing uyushtiradi, biroq qarshi hujum yo‘lga qo‘yilgan "Nasaf" uchun bu ayni muddao. Raqib futbolchilari qisqa muddat ichida o‘z pozitsiyasiga yetib kelishda oqsaydi. Tayanch yarim himoyachilari esa, "Nasaf"dagi kabi intensiv futbol ko‘rsatmaydi. Oldinga chiqsa, qaytishi qiyin. Qolsa, hujumga qo‘shilmaydi. Juda ko‘p vaziyatlarda o‘z hududini ochiq tashlab ketadi.

Bu Akmal Mozgovoy, Marko Stanoyevich va Sharof Muhitddinov uchun qo‘shimcha imkoniyat. Ularning uchalasi ham kerakli pallada pleymeykerga aylanishi mumkin. Bosh "zona" paydo bo‘lishi bilan oldinga o‘tishi va zarba yo‘llash imkoniyatiga ega. Umuman olganda, raqib taktik jihatdan "Nasaf"dan orqada. Yo‘lga qo‘yilgan o‘yin mexanizmi sababli qarshiliklar "sovuq miya" bilan harakat qilsa, yirik hisobda ham g‘alaba qozonishi mumkin.

Xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan aspektlar
Iordaniyaliklar, asosan har bir epizodni oxirigacha o‘ynab qo‘yishga odatlangan, ammo asosiy ustunligi unda emas. Ular standart vaziyatlardan foydalanish va kamroq kuch sarflashga urinadi. 60-daqiqaga qadar himoyaga urg‘u bergan holda, o‘yinning so‘nggi qismida katta kuch bilan oldinga boradi. "Al-Sadd" darvozasi ham aynan 61 va 75-daqiqada ishg‘ol etilgani so‘zimizga isbot bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, "Al-Vehdat" musobaqadagi gollarining 80 foizini ikkinchi bo‘limda kiritgan. Juda sodda va futbolchilar uchun qulay o‘yin qurishga uringan Rayed Assaf maqsadiga yeta oldi. To‘g‘ri, bunday futbol bilan katta marralarni zabt etish murakkab, lekin kuchlilar orasida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslik uchun kifoya qiladi. Ayni damdagi guruh jadvaliga nazar solsak, "Al-Vehdat"da nazariy jihatdan imkon bor.

Buning uchun ular "Nasaf" ustidan g‘alaba qozonishi va to‘plar nisbatini yaxshiroq holatga keltirishi talab etiladi. G‘alati eshitilishi mumkin, ammo bu qarshiliklarga katta plyus bo‘ladi. Shunchaki 90 daqiqani o‘tkazish uchun maydonga chiqib kelgan raqibni yengishdan ko‘ra, ochiq futbol o‘ynab, oldinga intiladigan jamoaga qarshi to‘p tepish Berdiyev shogirdlari uchun osonroq. 4-turda "Al-Faysali" chuqur himoyaga ketganida, "Nasaf" deyarli 70 daqiqa hujum qilib, gol kirita olmagani yodingizdami? Saudiya klubini durang qanoatlantirgani bois, ular "ekonom" rejimda harakat qilgan edi. Bu safar ham shunday bo‘lmasligi uchun raqibga ham natija muhim ekanligi qaysidir ma’noda bizga qo‘l kelishi mumkin.

"Nasaf"dan nima talab etiladi?
Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yinda sovuqqon harakat qilsa bo‘ldi. Ularga ortiqcha bosim umuman kerakmas. Xuddi superliga bahsida ishtirok etgandek yengil, oddiy harakatlar kifoya. Raqibni shoshirib qo‘yadigan qandaydir sxema, futbolchilarning kutilmagan rokirovkasi va boshqa detallar ortiqcha. "Ajdarlar" shunchaki maydonga chiqishi va o‘zidan kuchsiz bo‘lgan raqib bilan o‘yin o‘tkazishi lozim. Hozir futbolchilarga ortiqcha hayajonlanish ham mumkin emas. Ha, mumkin emas! "Ortingizda vatan turibdi!", "Xalq uchun o‘ynang!", "Bayrog‘imizni balandga ko‘taring!" Shu va shunga o‘xshash balandparvoz so‘zlarni aytmasligimiz shart. Yigitlar o‘z kuchiga ishonadi va uni chamalay oladi.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf"ning raqibi "Al-Vehdat"ning o‘yinini tahlil qilamiz! Uning kuchli va kuchsiz tomonlari nimada?