13:23 / 20.03.2023
336

Vafot etsak, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimizga nima bo‘ladi?

Vafot etsak, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimizga nima bo‘ladi?

Har kuni kimdir vafot etadi, biz ham bu dunyoni tark etamiz. Shunda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga nima bo‘ladi?

Oxford universiteti akademiklari tadqiqotiga ko‘ra, 2018yilgi ma’lumotlardan kelib chiqilsa, Facebook’da sahifasiga ega foydalanuvchilarning 1,4 milliardi 2100 yilgacha vafot etgan bo‘ladi. Ammo agarda ushbu tarmoq hozirgidek o‘sishda davom etsa, asr so‘ngiga borib vafot etgan foydalanuvchilar soni 4,9 milliardga yetishi mumkin. Osiyo va Afrika yaqin yillarda Facebook’da eng ko‘p vafot etgan foydalanuvchilarga ega bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda ham dunyodagi kabi raqamlashuv tendensiyasi tez davom etyapti. Yildan yilga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni ko‘payyapti.

2022 yilgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ko‘rsatkichi quyidagicha:

  • Telegram’dan 18 million,
  •  “Odnoklassniki”dan 16,7 million,
  • Facebook’dan 4,7 million,
  • Instagram’dan 3,7 million,
  • “VKontakte”dan 2,6 million,
  • Linkedinʼdan 288 ming,
  • Twitter’dan 51,6 ming nafar kishi foydalanadi.

Xo‘sh, biz dunyoda o‘tsak, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga nima bo‘ladi?

Facebook

Facebook bir nechta profillarga ega foydalanuvchilarga asosiy profillarni saqlab qolib, boshqalarini o‘chirib tashlashni maslahat beradi. Chunki foydalanuvchi vafot etganidan keyin uning asosiy profiliga xotira maqomi beriladi. Bu qanday ishlaydi? 

Xotira maqomi berilgan profillar

Facebook “yordam markazi”ning tushuntirishicha, xotira maqomi berilgan profillar – do‘stlar va oila a’zolari uchun odam vafotidan keyin xotiralarini baham ko‘rishlari mumkin bo‘lgan joy. Buning uchun vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshi Facebook’ka so‘rov yuborishi kerak. 

“Xotira” profillari quyidagi asosiy xususiyatlarga ega:

  • “Xotirlash” (Remembering) so‘zi shaxsning profilidagi ismi yonida paydo bo‘ladi;
  • Do‘stlar o‘z profilining “maxfiylik” sozlamalariga qarab, [vafot etgan do‘sti bilan] xotiralarini baham ko‘rishlari mumkin.
  •  Foydalanuvchi tomonidan ulashilgan kontent (masalan, fotosuratlar, xabarlar) Facebook’da qoladi va u baham ko‘rilgan auditoriyaga ko‘rinadi;
  • Xotira profillari “siz tanishingiz mumkin bo‘lgan odamlar” takliflari, reklamalar yoki tug‘ilgan kun eslatmalarida ko‘rinmaydi;
  • Hech kim xotira maqomi berilgan profili hisobiga kira olmaydi;
  • Eski kontaktga ega bo‘lmagan xotira profillarini tahrirlash mumkin emas.
Foto:  Facebook

Agar Facebook to‘g‘ri so‘rov olsa, xotira maqomi berilgan yagona administratorga ega sahifalar Facebook’dan o‘chirib tashlanadi.

Instagram

Instagram ham vafot etgan foydalanuvchilarning sahifalariga xuddi Facebook kabi xotira maqomini berishi mumkin. Bunda Instagram sahifasiga hech kim o‘zgartirish kirita olmaydi, hisobga kira olmaydi.

Aytish kerakki, agar marhumning yaqinlari Instagram yoki Facebook’ka uning o‘limi haqida xabar bermasa, uning profili oldingidek, o‘zgarishsiz saqlab qolinadi.

Aktyor Sushant Singh Rajputning instagram sahifasiga «xotira» maqomi berilgan. Foto: India TV

Twitter

Twitter foydalanuvchisi vafot etgan taqdirda, Twitter profil egasi nomidan harakat qilishga vakolatli shaxs yoki marhumning yaqin qarindoshi bilan akkauntni o‘chirish uchun ish olib boradi.

Bunda yaqin qarindosh vafot etgan foydalanuvchining hisobini o‘chirish uchun so‘rov yuboradi.

So‘rov yuborilgandan so‘ng Twitter marhum haqidagi ma’lumotlarni, jumladan, shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi va uning o‘limi haqidagi guvohnomaning nusxasini yuborishni so‘raydi. Bu noto‘g‘ri yoki ruxsatsiz hisobotlarning oldini olish uchun zarur qadamdir. Twitter u ma’lumotlar maxfiy bo‘lib qolishini ta’minlaydi va ular ko‘rib chiqilgandan keyin o‘chirib tashlanadi.

Biroq Twitter hech kimga, marhum bilan munosabatlaridan qat’i nazar, uning hisobiga kirish huquqini bermaydi. 

Google

Google o‘z foydalanuvchilariga hisob uchun rejalar tuzishni taklif qiladi. Masalan, “Nofaol akkaunt menejyeri” funksiyasi orqali kim sizning hisobingizga kirishi va uni o‘chirishiga ruxsat berishingizni belgilab qo‘yishingiz mumkin. Ya’ni oldinda siz merosxo‘r tayinlab qo‘ysangiz bo‘ladi.

Biroq Google ko‘p odamlar o‘zlarining onlayn hisoblarini boshqarish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalarni kiritmaslikni hisobga olib, marhumning akkauntini o‘chirish uchun qarindoshlar va vakillar bilan hamkorlik qiladi.

Ammo Twitter kabi Google ham parollar yoki boshqa kirish ma’lumotlarini hech kimga bermaydi. Vafot etgan foydalanuvchi uchun so‘rovni amalga oshirish borasida har qanday qaror faqat diqqat bilan ko‘rib chiqilgandan keyin qabul qilinadi.

YouTube

YouTube Google bilan aloqadorligi sababli, vafot etgan shaxsning oila a’zosi yoki mulk vakili hisobni yopish uchun Google bilan bog‘lanib, hisobidagi mablag‘ni olish uchun so‘rov yuborishi mumkin. (Ma’lumki, YouTube kanal adminstratorlariga kanalda ko‘rilgan reklamalar soniga qarab pul to‘laydi. Ammo bu O‘zbekiston uchun amal qilmaydi).

Telegram

Boshqa ijtimoiy tarmoqlar kabi telegram foydalanuvchisi vafotidan keyin uning akkaunti qanday saqlab qolinishi yoki o‘chirilishi borasida aniq ma’lumotlar bermaydi.

Foto: Telegram

Biroq foydalanuvchilar “sozlamalar” bo‘limidan “6 oy davomida hisobga kirmagan taqdirda uni o‘chirish” funksiyasini tanlashi mumkin.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Vafot etsak, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimizga nima bo‘ladi?