21:18 / 02.04.2024
140

Telegram O‘zbekistonda nega mashhur? Telegram-kanallar qanday rivojlantiriladi?

Telegram O‘zbekistonda nega mashhur? Telegram-kanallar qanday rivojlantiriladi?
Bugungi kunda Telegram O‘zbekistonda eng mashhur messenjer hisoblanadi. O‘zaro muloqotdagi afzalliklaridan tashqari, ko‘plab o‘zbekistonliklar aynan Telegram ortidan pul ishlashmoqda.

Xo‘sh, Telegram O‘zbekistonda nega mashhur? Telegram-kanallarni rivojlantirish nega qiyin? Telegram Premium nega O‘zbekistonda tez sur’atda ommalashmayapti? Telegram bo‘yicha o‘n yillik ish tajribasiga ega ekspert, «Social active» kompaniyasi bosh direktori Temur Bakiyev Kiro Altman bilan suhbatda shunday savollarga javob qaytardi.

Nega Telegram O‘zbekistonda eng ommabop messenjer?

Telegram ilk bor 2013 yilda ishga tushirilgan bo‘lsa, u O‘zbekistonda 2015 yildan ommalasha boshladi. Unda matndan tashqari, juda katta hajmdagi video va audiolarni yuborish mumkin edi va bu foydalanuvchilarni o‘ziga tez jalb etdi.

Ko‘p o‘tmay Telegram'ning o‘zbek segmentida guruhlar tashkil etish va kanallar ochish avj oladi. So‘ng ularda reklama joylashtirish yoki o‘z xizmatlari va mahsulotlari haqida ma’lumot berib pul ishlash boshlanadi.

Shu tariqa, bir necha yilda Telegram butun O‘zbekistonni qamrab oldi va mamlakatdagi asosiy messenjerga aylandi. Eng qizig‘i, Telegram bilan rasmiy shartnoma tuzib hamkorlik qila boshlagan 4 ta kompaniyaning barchasi O‘zbekistonda ochilgan edi.

Hozirgi paytda O‘zbekistonda Telegram'dan foydalanuvchilar soni 25 million atrofida ekani aytiladi. Boshqa ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar bu borada Telegram bilan mutlaqo raqobatlasha olmaydi.

2023 yil boshlarida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 120 mingdan oshiq Telegram-kanal, 18 mingta turli guruhlar va chatlar mavjud edi. Bu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston Rossiyadan keyingi 2-o‘rinni egallaydi (Rossiyada Telegram taqiqlangan paytlarda 1-o‘rinda bo‘lgan).

O‘zbekistonda ochilgan Telegram-kanallarning umumiy auditoriyasi qariyb 800 millionga yetadi. Shuningdek, mamlakatda a’zolari soni 1 million kishidan oshgan Telegram-kanallar ham bor (Kun.uz birinchi bo‘lib shunday ko‘rsatkichga erishgandi).

Asosiy xabarlar manbasi

O‘zbekistonda turli xabarlarning birinchi manbasi Telegram hisoblanadi. Ya’ni mamlakatning turli hududlarida sodir bo‘lgan voqea va hodisalar dastlab Telegram orqali uzatiladi va undagi kanallarda, guruh va chatlarda tarqatiladi. So‘ng boshqa platformalar Telegram'dan olib berishadi.

O‘zi tarixga nazar tashlansa, bir paytlar asosiy xabarlar gazeta orqali tarqalardi. So‘ng televideniye rivojlandi va xabarlar ular orqali tarqala boshlaydi.

Internet rivojlanib, smartfonlar mukammallashgach, odamlar ma’lumotlarni gazeta va televideniyedan ko‘ra ko‘proq smartfonlardan olishyapti. O‘zbekistonda esa smartfon orqaluvchi ma’lumot tarqatuvchi eng ommabop ilova – bu Telegram.

Telegram-kanalni ommalashtirish nega qiyin?

Temur Bakiyev Telegram-kanallarni ommalashtirish qiyinligiga bir necha omillar bo‘lishini aytadi.

Birinchi faktor Telegram'da lenta, ya’ni xabarlarning avtomatik ravishda chiqib kelishi funksiyasi yo‘q. Shu sababli juda ko‘p blogerlar faqat ma’lumot tarqatish bilan shug‘ullanib qolyapti.

Uning aytishicha, hozirda Telegram kompaniyasi shu masala ustida izlanishlar olib bormoqda. Yaqin kelajakda o‘zgarishlar sodir bo‘lishi ham mumkin.

Avvallari adminlar o‘z kanallarini ommalashtirish uchun bir-biri bilan hamkorlik qilar, kanallarini birgalikda reklama qilardi. Hozir bu ancha kamaydi.

Orada adminlar bir necha kanallar manzillarini bitta postda jamlab bir vaqtda e’lon qiladigan bo‘lishdi. Bunday reklamaning birinchisi naf berishi mumkin. Bir kanal a’zosi o‘ziga qiziq tuyulgan kanalga a’zo bo‘lishi mumkin. Biroq keyingi safar shu ish takrorlansa effekti juda past bo‘ladi.

Kanallarni ommalashtirishning yana bir yo‘li – auditoriyasi katta kanallarga pul to‘lab reklama qildirish. Biroq bunda ham yetarli muammolar bor. Yirik auditoriyali kanallar reklama uchun salmoqli mablag‘ so‘raydi. Kichik auditoriyali kanallarda reklama qildirishning esa foydasi yo‘q.

Telegram'da reklama tarqatish

Telegram ommalashar ekan, keyinchalik undan reklama tarqatishda ham faol foydalana boshlashdi. Umuman olganda, ko‘chada ulkan bannerlarga ilingan reklamadan ko‘ra, smartfon orqali tarqatilgan reklama ko‘proq samara beradi.

Smartfon orqali ko‘rilayotgan rekalamalarning ma’lum bir qismi Telegram'da tarqatilayotgan reklamalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Masalan, odamlar ulkan bannerga ilingan reklamani bir kunda 5-6 marta ko‘rishi mumkin. Biroq smartfon har doim ularning yonida va aksariyat hollarda u aktiv holda bo‘ladi.

Shu nuqtayi nazardan kelib chiqilsa smartfon ishlatuvchilarga har doim reklama hamroh bo‘ladi. Mubolag‘a qilib aytganda hatto 24 soat davomida.

Telegram Premium

Telegram Premium'dan foydalanish hozircha O‘zbekistonda uncha ommalashmadi. Telegram'dan foydalanuvchilarning umumiy soniga hisoblaganda juda kam foiz odamlar uni ishlatmoqda.

Telegram Premium'ning ommalashmaganiga asosiy sabab Telegram foydalanuvchilarining bir qismi u haqda umuman ma’lumotga ega emas. Boshqalar esa shunchaki Telegram Premium'dan foydalanishga hojat yo‘q deb hisoblaydi.

Yana bir qism odamlar Telegram Premium'ni ishlatish uchun pul to‘lash lozimligi uchun ham undan foydalanishni xohlashmaydi.

Chunki Telegram Premium'ni ishlatish uchun avvalo xalqaro bank kartasi ochish kerak va to‘lovni o‘sha orqali bajarish kerak. Bu ish aslida qiyin ish emas, biroq ko‘pchilik xohlamaydi, vassalom.

Telegram Premium'ning oddiy versiyadan ustunliklari ko‘p, biroq hozircha ular ko‘pchilik o‘zbekistonliklarni o‘ziga jalb qila olmadi. Balki kelajakda vaziyat o‘zgarar.

Telegram orqali biznes

Ayrimlar Telegram orqali biznes qilish qiyinlashib qolganini aytishadi. Aslida esa bunday emas. Jarayon bir necha bosqichdan iborat.

Internetdagi reklama eng avval saytlardan boshlandi. Keyin yutub platformasida rivojlandi. So‘ng instagram va Telegram'ga o‘tdi.

Agar O‘zbekistondagi vaziyatga qaralsa, bu yerda ham vaziyat o‘zgacha ekanini ko‘rsa bo‘ladi. Bir tomondan, bundan bir necha yil oldingi barcha narsani Telegram orqali reklama qilish tendensiyasi susaydi.

Boshqa tomondan, turli biznes loyihalar o‘z Telegram-kanallarini ochib, u yerda turli ma’lumotlar, narxlar arzonlashtirilgani, yangi mahsulotlar haqida postlab qo‘yib, mijozlarni jalb qilishda davom etishyapti.

Temur Bakiyevga ko‘ra, biznes egalari Telegram'dagi kanallarida tinimsiz postlar qo‘yib borishi emas, kerakli vaqtda kerakli ma’lumotni qo‘yib borishsa yetarli bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Telegram O‘zbekistonda nega mashhur? Telegram-kanallar qanday rivojlantiriladi?