Meksikaning shimolidagi Monterrey shahrida sun’iy intellektga ega noyob robot-it ko‘chalarda sayr qilib, odamlarni hayvonlarga mehribon bo‘lishga undamoqda. Peopletalk xabariga ko‘ra, Valdog nomli ushbu robot hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik muammosiga jamoatchilik e’tiborini qaratish uchun yaratilgan.
Loyiha tashabbuskori, monterreylik federal senator Valdo Fernandes, robot uchun o‘z shaxsiy mablag‘idan to‘rt ming dollardan ortiq sarflagan. Qolaversa, u sun’iy intellektli itga o‘z nomini bergan. Valdog masofadan boshqariladi va unga doimiy kuzatuvchi hamroh bo‘lishi shart.
Robot-it shahar ko‘chalarida nafaqat sayr qiladi, balki atrofdagi axlatlarni qayd etadi hamda qarovsiz yurgan boshqa itlarni ro‘yxatga oladi. Fernandesning aytishicha, Valdogning ish jadvali juda tig‘iz: u maktablar, maydonlar va turli mahallalarga tashrif buyuradi, shu bilan birga, fuqarolar bilan ko‘plab selfilarga ham tushadi.
Mutaxassislar fikricha, bunday robot-itlar kelajakda tabiiy ofatlardan so‘ng qidiruv-qutqaruv ishlarida keng qo‘llanilishi mumkin. AQSh hukumati ham Meksika bilan chegarani qo‘riqlash uchun shunga o‘xshash qurilmalar ustida ish olib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!