Augmented Steam bahsli AI funksiyasini saqlab qoldi

Steam do‘konining imkoniyatlarini kengaytirib beradigan mashhur Augmented Steam brauzer kengaytmasi bu safar VaporLens servisi bilan integratsiya sabab e’tibor markaziga tushdi. Ushbu vosita generativ sun’iy intellekt va katta til modellari yordamida foydalanuvchi sharhlarini tahlil qilib, o‘yinlarning afzallik va kamchiliklarini qisqa xulosaga jamlaydi. Bu haqda playground.ru xabar beradi.
4.5.0 versiyada funksiya sukut bo‘yicha yoqilgan va oldindan ogohlantirishsiz ishga tushirilgani auditoriya orasida turlicha reaksiyani keltirib chiqardi. Ayrim foydalanuvchilar o‘z matnlari neyrotarmoqlar tomonidan qayta ishlanishidan norozi bo‘ldi, boshqalar esa AI yechimlari “majburiy” tarzda tiqishtirilayotganini tanqid qildi.
Bahslar fonida kengaytma muallifi GitHub’da ovoz berish o‘tkazib, VaporLens’ning taqdiri bo‘yicha hamjamiyat fikrini so‘radi. Natijada qatnashchilarning qariyb 66 foizi funksiya qolishini qo‘llab-quvvatladi.
Ko‘pchilik pozitsiyasiga tayangan holda 4.6.0 yangilanishi chiqarildi: integratsiya saqlab qolindi, biroq undan foydalanish tartibi murosa yo‘liga keltirildi. Endi neyrotarmoq xulosalari bloki avvalgidek yoqilgan bo‘lsa-da, dastlab yig‘ilgan (buklangan) holatda turadi — matnni ko‘rish uchun foydalanuvchi oynani o‘zi ochishi kerak.
AI texnologiyalariga qarshi bo‘lganlar uchun esa alohida sozlama qo‘shildi: u interfeysdagi sun’iy intellekt bilan bog‘liq elementlarni butunlay o‘chirib tashlaydi. Ishlab chiquvchi, shuningdek, tizim oldindan tayyorlab qo‘yilgan ma’lumotlardan foydalanishini va real vaqt rejimida kompyuterlarga qo‘shimcha yuk bermasligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, vaziyat tanqidchilarga tanish bo‘lgan ssenariyni eslatadi: avval yangilik “o‘zicha” yoqiladi, keyin norozi bo‘lganlarga qo‘lda o‘chirib qo‘yish taklif etiladi. Bunday tajriba keyinchalik alohida xizmat sifatida ham daromad keltirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!