Quyosh panellari o'rnini bosuvchi yangi texnologiya yaratildi

Singapur Milliy universiteti tadqiqotchilari atrof-muhitdagi havo va issiqlikdan foydalanib, tunu kun elektr energiyasi ishlab chiqaradigan yangi qurilmani yaratishdi. Ushbu ixtiro an'anaviy quyosh panellariga muqobil sifatida ko'rilmoqda va kelajakda uy xo'jaliklarining elektr energiyasi uchun to'laydigan xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirishi kutilmoqda. Bu haqda unian.net xabar beradi.
Mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qurilma qalinligi atigi 0,3 millimetr bo'lgan mato asosidagi texnologiyadir. U havodagi namlik va issiqlikni yutib, elektr energiyasiga aylantirish xususiyatiga ega. Sinovlar davomida qurilma 150 soatdan ortiq vaqt davomida 0,7 volt kuchlanish hosil qilishga muvaffaq bo'ldi. Qurilmaning asosiy tarkibiy qismi gigroskopik ionli gidrogel hisoblanadi. Hozirda texnologiya sinov bosqichida bo'lsa-da, u energetika sohasida katta o'zgarishlar yasashi mumkin.
Shu bilan birga, energetika bozorida muqobil yechimlar ko'payib bormoqda. Masalan, Kanadaning "Aurea Technologies" startapi tomonidan ishlab chiqilgan "Shine 2.0" portativ shamol turbinasi ham e'tiborga loyiq. U ixcham o'lchamga ega bo'lib, ryukzakka bemalol sig'adi. Ushbu turbina kuchsiz shamol yordamida 50 vattgacha quvvat ishlab chiqaradi va o'zining ichki batareyasida energiyani saqlab qoladi. Bu kabi innovatsiyalar kelajakda energiya ta'minotini yanada qulay va arzon qilishga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!