Xitoy olimlari stronsiy atomlari orqali yangi optik soat yaratdi

Foto: Getty images
Xitoy ilmiy-texnika universiteti tadqiqotchilari stronsiy atomlaridan foydalanib, zamonaviy optik soat ishlab chiqishdi. Ushbu asbob shunchalik yuqori aniqlikka ega bo‘ldiki, unda bir soniyalik xatolik 30 milliard yil davomida yuzaga kelishi mumkin, bu Koinotning yoshidan ham uzoqroq hisoblanadi. Ekspertlar fikricha, bu inqilobiy asbob sekundni aniqlash va vaqt o‘lchamini qayta ko‘rib chiqish zaruratini yaratishi mumkin.
Science Alert nashri ta’kidlashicha, ilgari soniya sutkaning 1/86400 qismi sifatida belgilangan bo‘lib, bu ta’rif hozirda yetarlicha yuqori aniqlikka ega emas deb topilgan. 1967 yildan beri Xalqaro birliklar tizimida sekund seziy-133 atomining asosiy holatining ikkita o‘ta nozik energetik darajasi o‘rtasidagi o‘tish davriga teng deb hisoblanadi — bu 9,192,631,770 nurlanish sikliga muvofiq keladi.
Stronsiy atomlari esa bir soniyada taxminan 700 milliard nurlanish siklini taklif qiladi va bu orqali sekundning yanada yuqori aniqlikdagi o‘lchovlari amalga oshiriladi. Bunday zamonaviy texnologiyalar sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi, telekommunikatsiya, aniq va yuqori sifatli o‘lchovlar uchun muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, stronsiy optik soati fizikaning fundamental nazariyalarini tekshirish, tortishish to‘lqinlarini aniqlash, qora materiyani qidirish va boshqa ilmiy tadqiqotlarda ham qo‘llanilishi mumkin. Ushbu kashfiyot kelgusi yillarda zamonaviy texnologiya va aniq fanlar sohasida yangi imkoniyatlar ochadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!