Telegram bir kunda 100 mingdan ortiq kanalni blokladi

Telegram messenjeri 27 aprel kuni platforma qoidalarini buzgan 105,5 mingdan ortiq kanal va guruhlarni o'chirib tashladi. Ushbu keng ko'lamli tozalash ishlari servisning rasmiy statistik ma'lumotlarida aks etgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yil boshidan buyon bloklangan resurslar soni 13,7 milliondan oshib ketdi. Faqatgina o'tgan haftaning o'zida 635 mingga yaqin hamjamiyat cheklovga uchradi, bu esa moderatsiya siyosati sezilarli darajada kuchaytirilganidan dalolat beradi.
Rossiyada messenjerdan foydalanish ko'rsatkichlari pasayishda davom etmoqda. Mart oyida mobil trafik 18 foizga kamaygan bo'lsa, fevralda 10 foizlik pasayish qayd etilgan edi.
Shu bilan birga, mahalliy biznes vakillari korporativ messenjerlarga o'tishni boshlagan.
Telegram asoschisi Pavel Durov platforma foydalanuvchilarning shaxsiy yozishmalarini hukumatga taqdim etishdan ko'ra, Fransiyadagi faoliyatini to'xtatishni afzal ko'rishini ma'lum qildi. Uning so'zlariga ko'ra, davlatning ma'lumotlar sohasidagi vakolatlari kengayishi suiiste'molchilik xavfini tug'diradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!