AQSh Adliya vazirligi: Karakurt xakerlik guruhi Rossiya davlat bazalaridan foydalangan

AQSh sudi latviyalik xaker Deniss Zolotarjovsni ransomware hujumlarini amalga oshirgani uchun sakkiz yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Adliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, u Rossiyaning Akira va Conti guruhlari sobiq rahbarlari tomonidan boshqariladigan Karakurt xakerlik guruhida faoliyat yuritgan. Ushbu guruh AQSh hukumat muassasalariga hujum qilib, 911 favqulodda xizmatlar tizimini ishdan chiqargan va bolalarning shaxsiy tibbiy maʼlumotlarini oʻgʻirlagan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Prokurorlar taʼkidlashicha, Karakurt guruhi oʻz qurbonlarini qoʻrqitish uchun Rossiya davlat maʼlumotlar bazalari va huquqni muhofaza qilish organlaridagi aloqalaridan foydalangan. Bu holat kiberjinoyatchilar va Rossiya davlati oʻrtasidagi yaqin aloqalarni yana bir bor tasdiqlaydi. Xavfsizlik boʻyicha tadqiqotchilar uzoq vaqtdan beri Rossiyani xakerlarni Gʻarb huquqni muhofaza qilish organlaridan yashirishda va ularni ekstraditsiya qilishdan bosh tortishda ayblab kelishadi.
AQSh Adliya vazirligi hisobotiga koʻra, Karakurt guruhi Rossiya hukumatidagi korrupsiyani kuchaytirgan. Guruh yetakchilari davlat amaldorlariga pora berish orqali soliq toʻlashdan qochgan va oʻz aʼzolarini Rossiya armiyasidagi majburiy harbiy xizmatdan ozod qildirgan. Guruh kamida 54 ta kompaniyaga hujum qilib, qurbonlardan 15 million dollardan ortiq toʻlov undirgan.
Deniss Zolotarjovs 2023-yilda Gruziyada hibsga olingan va 2024-yil avgustida AQShga ekstraditsiya qilingan. U oʻz aybiga iqror boʻlgan. Hozirgi kunda Karakurt guruhi faol emas deb hisoblanadi, chunki kiberjinoyatchilar sanksiyalardan qochish uchun tez-tez oʻz nomini va egalarini oʻzgartirib turishadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!