ChatGPT foydalanuvchilar uchun yangi xavfsizlik funksiyasini joriy qildi

OpenAI sunʼiy intellekt bilan muloqot chogʻida ruhiy tushkunlik yoki oʻziga zarar yetkazish xavfi aniqlanganda yordam beruvchi yangi Trusted Contact funksiyasini ishga tushirdi. Ushbu tizim foydalanuvchilarga oʻzlarining ishonchli vakillarini belgilash imkonini beradi, ular favqulodda vaziyatlarda xabardor qilinadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Foydalanuvchi oʻzining 18 yoshdan oshgan yaqinini tanlab, unga taklifnoma yuborishi mumkin. Agar tizim ChatGPT suhbatlarida xavfli holatlarni aniqlasa, dastlab foydalanuvchining oʻziga ogohlantirish beriladi. Agar xavf saqlanib qolsa, OpenAI moderatorlari vaziyatni baholaydi va tasdiqlangan taqdirda ishonchli vakilga SMS yoki elektron pochta orqali xabar yuboriladi.
Kompaniya maxfiylikni qatʼiy saqlaydi: ishonchli vakilga suhbat tarixi yoki tafsilotlari yuborilmaydi. Xabarda faqat foydalanuvchi bilan bogʻlanish zarurligi haqida umumiy maʼlumot boʻladi. Moderatorlar tomonidan vaziyatni tekshirish jarayoni bir soatdan kamroq vaqtni oladi.
Ushbu funksiya ruhiy salomatlik boʻyicha mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Shuni taʼkidlash kerakki, Trusted Contact shifokorlar yoki tez yordam xizmatlarini almashtirmaydi. ChatGPT hali ham foydalanuvchilarni professional yordam olish uchun tegishli manbalarga yoʻnaltirishda davom etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!