Galaxy S26 Ultra uchun One UI 9 beta-versiyasi chiqdi

Samsung kompaniyasi Galaxy S26 turkumi uchun One UI 9 dasturiy taʼminotining ilk beta-versiyasini taqdim etdi. Hozirda yangilanish Germaniya va AQShdagi foydalanuvchilar uchun ochiq boʻlib, dastlabki imtiyoz Galaxy S26 Ultra modeliga berildi. Galaxy S26 va Galaxy S26+ foydalanuvchilari esa yangilanishni biroz kechroq qabul qilib olishadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Android 17 bazasida qurilgan ushbu yangilanish hajmi 3,6 GB ni tashkil etadi va oʻz ichiga 2026-yil 5-may holatiga koʻra xavfsizlik yamoqlarini oladi. Yangi interfeys foydalanuvchilarga Quick Panel elementlarini yanada erkinroq sozlash, yorqinlik va ovoz balandligi slayderlarini oʻzgartirish imkonini beradi.
Samsung DeX tizimida ish stoli oldindan koʻrish funksiyalari yangilandi, Samsung Notes ilovasida esa yangi Tape funksiyasi hamda chizish uchun qoʻshimcha vositalar paydo boʻldi. Shuningdek, Game Booster imkoniyatlari kengaytirilib, oʻyin jarayonidan chiqmasdan turib sozlamalarni oʻzgartirish imkoniyati yaratildi.
Maxfiylik va qulaylik borasida ham muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi. Xususan, geolokatsiyaga kirish indikatori qoʻshildi, koʻrish qobiliyati cheklangan foydalanuvchilar uchun TalkBack funksiyasi va boshqa maxsus imkoniyatlar yanada takomillashtirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!