AQSH Xitoy kompaniyalariga NVIDIA H200 chiplarini sotib olishga ruxsat berdi

AQSH hukumati o‘nta xitoylik kompaniyaga sun’iy intellekt texnologiyalari uchun mo‘ljallangan, quvvati bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi NVIDIA H200 chiplarini xarid qilishga ruxsat berdi. Reuters agentligining xabar berishicha, hozircha yetkazib berish jarayonlari boshlanmagan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ruxsat berilgan kompaniyalar ro‘yxatiga Alibaba, Tencent, ByteDance va JD.com kabi texnologiya gigantlari, shuningdek, Lenovo va Foxconn kabi yirik distribyutorlar kiritilgan. Har bir kompaniya litsenziya doirasida 75 mingtagacha chip sotib olishi mumkin, biroq yakuniy natija regulyatorlarning keyingi qarorlari va logistikaga bog‘liq.
NVIDIA bosh direktori Jensen Huang AQSH prezidenti Donald Trump boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Xitoyga tashrif buyurdi. Manbalarga ko‘ra, uning ushbu safardagi asosiy maqsadi H200 chiplarini yetkazib berish bo‘yicha muzokaralarni jonlantirish va eksport cheklovlari tufayli yuzaga kelgan taranglikni yumshatishdan iborat.
Jensen Huang delegatsiya tarkibiga so‘nggi daqiqalarda kiritilgani uning ushbu bitimga qanchalik katta ahamiyat berayotganini ko‘rsatadi. Hozircha tomonlar yetkazib berish muddatlari va texnik tafsilotlar yuzasidan aniq kelishuvga erishgani haqida rasmiy bayonot berilmadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!