Evolute yangi i-Sky elektr krossoverini taqdim etdi

Rossiyaning Evolute elektr avtomobillar brendi o‘zining yangi C-segmentiga mansub i-Sky elektr krossoverini namoyish etdi. Ushbu model kompaniya qatorida ixcham i-Joy va flagman i-Space modellari o‘rtasidagi bo‘shliqni to‘ldirib, o‘lcham, dinamika va jihozlanish bo‘yicha muvozanatli yechim sifatida taqdim etilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi krossover 218 ot kuchiga ega elektr dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, 100 km/soat tezlikka 8 soniyada erishadi. 62 kW·soat sig‘imli litiy-temir-fosfat batareyasi bir marta quvvatlanganda 424 km masofani bosib o‘tish imkonini beradi. Tezkor quvvatlash tizimi batareyani 30 foizdan 80 foizgacha atigi 28 daqiqada to‘ldiradi.
Avtomobil tashqi ko‘rinishi zamonaviy LED optika, 19-dyuymli yengil qotishmali disklar va yashirin eshik tutqichlari bilan ajralib turadi. Salon qismida 14,6-dyuymli multimedia displeyi, 10,25-dyuymli raqamli asboblar paneli hamda panoramali tom mavjud. Shuningdek, avtomobilga 360 darajali kameralar, bagaj eshigining elektr yuritmasi va smartfonlar uchun simsiz quvvatlash moslamasi o‘rnatilgan.
Rossiya iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, model old o‘rindiqlar, rul chambaragi va oyna yuvish tizimi uchun isitish funksiyalari bilan ta’minlangan. Kuzov qismi korroziyaga qarshi maxsus ishlovdan o‘tkazilgan. Hozircha Evolute kompaniyasi i-Sky modelining narxi va sotuvga chiqish sanasini rasman e’lon qilmadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!