Xiaomi oʻzining ilk quloqchin-klipsalarini namoyish etdi

Xiaomi kompaniyasi prezidenti Lu Veybing oʻzining ilk quloqchin-klipsalarini (Open-Ear Clip-on) rasman taqdim etdi. Ushbu turdagi audio qurilmalar hozirda texnologiyalar olamida tez ommalashib borayotgan trend hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Anʼanaviy quloqchinlardan farqli oʻlaroq, ushbu model quloq kanaliga kiritilmaydi, balki quloq suprasining togʻay qismiga qisqich yordamida oʻrnatiladi. Kompaniya rahbari qurilmaning dizayniga alohida urgʻu berib, uning nafis koʻrinishini namoyish etdi.
Yangi quloqchinlar yaltiroq koʻzgusimon qoplama, yaxlit korpus va maxsus «shaffof tovush sferasi» texnologiyasi bilan jihozlangan. Xiaomi ishlab chiqaruvchilari foydalanuvchilarga yuqori sifatli va taʼsirchan ovoz imkoniyatlarini vaʼda qilmoqda.
Hozircha qurilmaning texnik xususiyatlari, aniq nomi va narxi oshkor etilmadi. Xiaomi mazkur mahsulotning toʻliq taqdimotini yaqin kunlarda boshqa yangi qurilmalar bilan birgalikda oʻtkazishni rejalashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!