Huawei smartfonlari 10000 mA/soatgacha sig‘imga ega akkumulyatorlar bilan chiqadi

Huawei kompaniyasi o‘zining flagman va o‘rta darajadagi smartfonlari uchun 7000 dan 10000 mA/soatgacha sig‘imga ega mutlaqo yangi akkumulyatorlarni sinovdan o‘tkazishni boshladi. Ushbu quvvat manbalari joriy yil oxirida taqdim etilishi kutilayotgan Mate 90 turkumidagi qurilmalarda qo‘llanilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Mashhur insayder Smart Pikachu ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy texnologiya giganti akkumulyator sig‘imini 10000 mA/soatdan ham oshirish imkonini beruvchi yangi texnologiyalar ustida ishlamoqda. Hozirgi kunda kompaniya Enjoy 90 Pro Max modelida 8500 mA/soat, Plus versiyasida esa 6620 mA/soat sig‘imli batareyalardan foydalanmoqda.
Shuningdek, subflagman darajasidagi Nova 16 turkumi ham 7000 mA/soatlik akkumulyatorlar bilan jihozlanishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, avvalgi Nova 15 Ultra va Pro modellari 6500 mA/soat, standart versiyasi esa 600W quvvatlash texnologiyasiga ega 6000 mA/soatlik batareyalar bilan ta’minlangan edi.
Smart Pikachu avval ham Xiaomi 13 Ultra hamda Xiaomi Pad 6 kabi qurilmalar haqidagi aniq ma’lumotlari bilan tanilgan. Huawei'ning bu qadami smartfonlar bozorida batareya quvvati bo‘yicha yangi standartlarni o‘rnatishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!