iPhone 18 seriyasi dizayni tasdiqlandi: Gʻiloflar suratlari tarqaldi

Taniqli insayder Majin Bu iPhone 18, iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max smartfonlari uchun moʻljallangan himoya gʻiloflarining sifatli suratlarini eʼlon qildi. Manbaning taʼkidlashicha, iPhone 18 modelining tashqi koʻrinishi deyarli oʻzgarmaydi, biroq iPhone 18 Pro va 18 Pro Max modellari kamera bloki sohasida biroz qalinlashadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kutilishicha, iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max korpusi yaxlit alyuminiy qotishmasidan tayyorlanadi va kamera qismi Ceramic Shield himoya oynasi bilan qoplanadi. Qurilmalarning umumiy qalinligi ortishi kutilmoqda: xususan, iPhone 18 Pro Max kamera boʻrtigʻi bilan birga 13,77 mm qalinlikka ega boʻladi (oldingi modelda 12,92 mm edi). Bu yanada massiv foto-modul va takomillashtirilgan optikadan darak beradi.
Yangi liniya toʻrtta rangda, jumladan, yangi Dark Cherry soyasida taqdim etiladi. Shuningdek, smartfonlarda TSMC kompaniyasining 2 nanometrli texnologik jarayoniga asoslangan ilk A20 Pro chipi debyut qilishi kutilmoqda.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max 2026-yilning kuzida sotuvga chiqadi, bazaviy iPhone 18 esa faqat 2027-yilning boshida namoyish etiladi. Maʼlumot oʻrnida, insayder Majin Bu avvalroq iPad mini, iPhone 12 ranglari va iPhone 16 maketlari haqida aniq maʼlumotlarni taqdim etgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!