Bir oy ichida Yer yaqinidan kamida 20 ta asteroid uchib oʻtadi

Yaqin bir oy ichida Yer sayyorasiga 20 ga yaqin asteroid yaqinlashishi kutilmoqda. Bu haqda Novosibirsk davlat universiteti “Vega” observatoriyasi muhandisi Mixail Maslov maʼlum qildi. Mutaxassisning taʼkidlashicha, bunday obʼyektlarning haqiqiy soni ularni aniqlash xususiyatlari tufayli koʻproq boʻlishi ham mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, koʻplab asteroidlar kuzatuv tizimlari tomonidan Yer yonidan oʼtib ketishidan bir necha kun oldin qayd etiladi. Misol tariqasida 19-maydan 24-maygacha boʻlgan davr keltirildi: oʻshanda Yer yaqinida 28 ta obʼyekt roʼyxatga olingan boʻlib, ularning barchasi yaqinlashish arafasida kashf etilgan.
Potensial xavfli osmon jismlarini qidirish uchun Pan-STARRS va ATLAS kabi avtomatlashtirilgan teleskopik tizimlardan foydalaniladi. Ushbu tizimlar muntazam ravishda osmonni skanerlaydi, yangi suratlarni arxiv maʼlumotlari bilan solishtiradi va ilgari nomaʼlum boʻlgan obʼyektlarni aniqlaydi.
Bunday texnologiyalar Yerga yaqin asteroidlar roʼyxatini doimiy ravishda toʼldirib borish imkonini beradi. Hozirda astronomlar koinotdagi harakatlarni kuzatish orqali sayyoramiz xavfsizligini taʼminlash ustida ish olib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!