EGE-2026 imtihonlarini 134 mingdan ortiq kamera va sunʼiy intellekt nazorat qiladi

«Rostelekom» 2026-yilgi davlat imtihonlari (EGE) jarayonini kuzatish uchun sunʼiy intellekt (SI) texnologiyalari bilan jihozlangan videokuzatuv tizimini tayyorladi. Provayder 6 mingdan ortiq imtihon topshirish punktlarida 134,4 mingdan ziyod videokameralarni oʻrnatib, barcha xonalarning toʻliq qamrab olinishini taʼminladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Imtihon jarayonining shaffofligi va xolisligini oshirish maqsadida neyrotarmoq asosidagi xulq-atvorni tahlil qilish texnologiyasi qoʻllanilmoqda. Tizim ishtirokchilarning shubhali harakatlarini, jumladan, aloqa vositalari va shpargalkalardan foydalanishni, shuningdek, imtihon materiallarini olib chiqib ketish holatlarini aniqlaydi.
Neyrotarmoq real vaqt rejimida kuniga 300 ta auditoriyadan kelayotgan maʼlumotlarni va 1000 ta sinfning arxiv yozuvlarini qayta ishlaydi. Videotranslyatsiyalar «Smotri EGE» portaliga uzatiladi va undan faqat akkreditatsiyadan oʻtgan mutaxassislar hamda jamoatchilik kuzatuvchilari foydalanishi mumkin boʻladi.
Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida barcha videoyozuvlar «Rostelekom» maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarida 2027-yil 1-martga qadar saqlanadi. Maʼlumotlar yoʻqolmasligi uchun har bir kameradagi qattiq disk yoki lokal xotira kartasiga ham nusxalanadi. Masofaviy hududlarda esa tasvirlar sunʼiy yoʻldosh aloqa kanallari orqali uzatiladi.
Tizim yuqori aniqlikdagi (IP) raqamli kameralar va himoyalangan aloqa kanallariga asoslangan. Ishlab chiquvchilarning taʼkidlashicha, kameralar faqat imtihon jarayonini qayd etadi, ishtirokchilarning shaxsiy maʼlumotlari yoki test javoblarini tasvirga olmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!