Xitoyda tarmoqqa bogʻlanmaydigan kuzatuv kameralari bozori yarimta ulushdan oshdi

Xitoyda Wi-Fi tarmoqlari va doimiy elektr ta'minotiga ehtiyoj sezmaydigan kuzatuv kameralari savdosi 2026-yilning birinchi yarmida umumiy bozorning 50,1 foizini egalladi. Umumiy kamera savdosi 8,9 foizga kamayganiga qaramay, ko'cha uchun mo'ljallangan 4G-qurilmalar ulushi o'tgan yilgi 35,7 foizdan oshdi. SIM-karta va mustaqil quvvat manbalari bilan ishlaydigan bu kameralarni elektr va simli tarmoqlar bo'lmagan hududlarga o'rnatish mumkin.
Xitoyning isteʼmolchilik videokuzatuv kameralari bozorida ilk bor tarixiy burilish yuz berdi. Runto Technology kompaniyasining 2026-yilning birinchi yarmi yakunlariga koʻra taqdim etgan maʼlumotiga tayanilsa, mamlakatda Wi-Fi tarmoqlari va doimiy elektr taʼminotiga ehtiyoj sezmaydigan kuzatuv moslamalari savdosi umumiy bozurning yarmidan koʻpini egalladi. Ushbu koʻrsatkich texnologiya olamida mustaqil qurilmalarga boʻlgan talab keskin oshganidan dalolat beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Maʼlum boʻlishicha, mamlakatdagi umumiy kamera savdosi 8,9 foizga kamayganiga qaramay, koʻcha uchun moʻljallangan 4G-qurilmalar segmenti oʻsishda davom etgan. Anʼanaviy elektron tijorat maydonchalarida bunday kameralarning ulushi 50,1 foizga yetib, ilk bor bozorning yarmidan oshgan. Taqqoslash uchun, oʻtgan yilning mos davrida bu koʻrsatkich atigi 35,7 foizni tashkil etgan edi.
Mazkur turdagi kameralarning asosiy ustunligi ularning uy interneti va simli tarmoqlardan butunlay mustaqilligidir. Ichiga oʻrnatilgan SIM-karta yordamida ishlaydigan bunday texnologiyalarni simi tortilmagan olis hududlarda, jumladan, dala hovlilarda, qurilish maydonchalarida, bogʻlarda, hovuz boʻylarida yoki shahar tashqarisidagi doʻkonlarda ham muammosiz oʻrnatish mumkin.
Mustaqil quvvat manbalari va qulay oʻrnatish
Qurilmalarning yanada ommalashishiga quyosh panellari bilan jihozlangan versiyalarining paydo boʻlgani ham sabab boʻldi. Quyosh panelli kameralar doimiy elektr tarmogʻiga ulanishni talab etmaydi. Ishlab chiqaruvchilarning hisob-kitoblariga koʻra, ustunga bunday kamerani oʻrnatish jarayoni atigi oʻn daqiqadan biroz koʻproq vaqtni oladi va ortiqcha kabellarni tortish mashaqqatidan xalos etadi.Bozorning bu qadar jadal rivojlanishi mahalliy brendlarning mazkur yoʻnalishga faol sarmoya kiritishi bilan izohlanadi. Xususan, ixbt.com xabar berishicha, Xiaomi mart oyida oʻzining ilk tashqi 4G-kamerasini omma eʼtiboriga havola qilgan boʻlsa, Hikvision ham shunday turdagi qurilmalar qatorini yanada kengaytirgan.
Sunʼiy intellekt va yangi imkoniyatlar
Bugungi kunda ishlab chiqaruvchilar faqatgina tasvir aniqligi boʻyicha emas, balki qurilmalarning funksional imkoniyatlari borasida ham oʻzaro qattiq raqobat olib bormoqda. Oʻrta narx segmentidagi kameralarga sunʼiy intellekt yordamida insonlarni tanib olish tizimlari, takomillashtirilgan tungi koʻrish rejimlari hamda koʻp kamerali panoramali tasvirga olish funksiyalari joriy etilmoqda.Mutaxassislarning fikricha, bunday texnologik yechimlar isteʼmolchilarga xavfsizlikni taʼminlashda mutlaqo yangi darajadagi qulayliklarni taqdim etadi. Tarmoq va elektr boʻlmagan joylarda ham uzluksiz ishlay oladigan kuzatuv kameralariga boʻlgan yuqori talab yaqin kelajakda boshqa mamlakatlar bozorlarida ham ushbu trendning ommalashishiga turtki boʻlishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…