Samsung flagmanlarida yana batareya muammosi: Galaxy S25 FE quvvatlash vaqtida portlab ketdi

Reddit foydalanuvchisi idgaf88__ oʻzining Samsung Galaxy S25 FE smartfoni tunda quvvat olayotgan vaqtda portlab ketgani haqida xabar berdi. Qurilma original kabel va 20 vattli USB-PD adapteri yordamida quvvatlanayotgan boʻlgan. Smartfon egasi va uning oʻgʻli yonidagi matras ustida yotgan, biroq yostiq ostida boʻlmagan. Foydalanuvchining soʻzlariga koʻra, u tunda qattiq qarsillagan ovozdan uygʻonib ketgan, shundan soʻng smartfondan metall va plastik parchalari sachrab, xonani tutun qoplagan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Voqea joyiga yetib kelgan oʻt oʻchiruvchilar yongʻinni bartaraf etishgan. Qurilma egasi boʻynidan yengil kuyish jarohati olganini, uning oʻgʻli esa qattiq qoʻrqib ketganini maʼlum qildi. Shuningdek, uy jihozlariga zarar yetgan va xonada uzoq vaqt davomida kuyindi hidi saqlanib qolgan. Smartfon olti oy avval Kanadada yangi holatda sotib olingan va charm gʻilofda boʻlgan. Hozirda Samsung qoʻllab-quvvatlash xizmati murojaatni roʻyxatga olgan, biroq kompaniya hali rasmiy javob bermadi.
Bu Samsung flagmanlari bilan bogʻliq soʻnggi vaqtlardagi uchinchi yirik hodisadir. Avvalroq Galaxy S25 Plus quvvatlash vaqtida, Galaxy S24 esa oddiy foydalanish jarayonida portlab ketgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Galaxy S24 bilan bogʻliq holat atigi ikki hafta oldin yuz bergan boʻlib, bu foydalanuvchilar orasida xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Ushbu voqealar 2016-yildagi Samsung Galaxy Note7 bilan bogʻliq yirik muvaffaqiyatsizlikni yodga solmoqda. Oʻshanda akkumulyator konstruksiyasidagi xatoliklar tufayli millionlab qurilmalar qaytarib olingan va modelni samolyotlarda olib yurish taqiqlangan edi. Oʻsha mojarodan soʻng kompaniya tekshiruv tizimini qatʼiylashtirgan boʻlsa-da, soʻnggi hodisalar flagman qurilmalarning xavfsizligi borasida yana savollar tugʻdirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!