Google muhandisi Polymarket orqali 1,2 mln dollar ishlab topgani uchun ayblandi

AQSH Adliya vazirligi Google kompaniyasining dasturiy taʼminot muhandisi Michele Spagnuoloni insayderlik savdosida aybladi. Maʼlumotlarga koʻra, xodim kompaniyaning maxfiy maʼlumotlaridan foydalanib, Polymarket bashoratlar platformasida 1,2 million dollar foyda koʻrgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
LinkedIn maʼlumotlariga koʻra, Spagnuolo Google kompaniyasida 12 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritgan va Polymarket platformasida “AlphaRaccoon” taxallusi ostida savdo qilgan. Nyu-York janubiy okrugi prokurori Jay Claytonning taʼkidlashicha, Spagnuolo oʻz ish beruvchisi oldidagi majburiyatlarini buzgan holda, noqonuniy boylik orttirish maqsadida ichki maʼlumotlardan foydalangan.
Ayblov xulosasiga koʻra, muhandis Google’ning “2025 Year in Search” marketing kampaniyasi bilan bogʻliq garovlarga 2,7 million dollardan ortiq mablagʻ tikkan. U Google Search tizimidagi eng koʻp qidirilgan mashhurlar haqidagi maxfiy maʼlumotlarni qoʻlga kiritib, ushbu maʼlumotlar asosida yutuqli garovlarni amalga oshirgan.
Polymarket vakilining TechCrunch nashriga maʼlum qilishicha, blokcheyn texnologiyasi shaffof va kuzatiluvchan boʻlgani sababli, qonunbuzarlar oʻzidan iz qoldiradi. Platforma ushbu ish boʻyicha huquq-tartibot idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilganini bildirdi.
Google kompaniyasi ham mazkur holat yuzasidan bayonot berib, xodim barcha ishchilar uchun ochiq boʻlgan marketing vositalaridan foydalanganini, biroq maxfiy maʼlumotlardan garov tikish maqsadida foydalanish kompaniya siyosatiga zid ekanini taʼkidladi. Hozirda muhandis ishdan chetlatilgan va unga nisbatan tegishli choralar koʻrilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!