Bayqoʻngʻirdan navbatdagi parvoz: Rossiya va AQSH ekipaji 14-iyulda uchadi

Roskosmos rahbari Dmitriy Bakanov Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) navbatdagi boshqariladigan parvoz 14-iyulga rejalashtirilganini maʼlum qildi. Parvoz Bayqoʻngʻir kosmodromidan amalga oshiriladi va Rossiya hamda AQSH ishtirokidagi navbatdagi davlatlararo missiyaga aylanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
XKS-75 missiyasining asosiy ekipaji tarkibidan rossiyalik kosmonavtlar Pyotr Dubrov va Anna Kikina, shuningdek, NASA astronavti Anil Menon joy olgan. Ushbu jamoa stansiyadagi ilmiy tadqiqotlar va texnik xizmat koʻrsatish ishlarini davom ettirishi kutilmoqda.
Zaxira ekipaji tarkibiga esa kosmonavtlar Dmitriy Petelin va Konstantin Borisov bilan birga NASA astronavti Deniz Bernxem kiritilgan. Ular asosiy ekipaj aʼzolarida kutilmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda parvozga tayyor turishadi.
Mazkur missiya Xalqaro kosmik stansiyadagi ekipajlarni rotatsiya qilish boʻyicha muntazam dasturning bir qismi hisoblanadi. Bu kabi hamkorlikdagi parvozlar stansiyaning barqaror ishlashini taʼminlash va koinotni oʻrganishda xalqaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!