Oy va Marsni zabt etish: RKK Energiya oʻzining strategik maqsadlarini e’lon qildi

Rossiyaning yetakchi raketa-kosmik korporatsiyasi — RKK Energiya boshqariladigan kosmonavtikani rivojlantirishning asosiy strategik vazifalarini belgilab oldi. Kompaniyaning 2025-yilgi hisobotiga koʻra, kelajakda Marsga va yaqin asteroidlarga parvoz qilish uchun texnologik zaxira yaratish eng muhim yoʻnalishlardan biri etib tayinlangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hujjatda qayd etilishicha, 2025-yilda korporatsiya boshqariladigan kosmonavtika yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish ustida ishlarni davom ettirgan. Sayyoralararo missiyalardan tashqari, Oyni oʻzlashtirish hamda past Yer orbitasidan kosmik fazoning yanada kengroq qismlaridan foydalanishga oʻtish ustuvor vazifalar qatoridan joy olgan.
Shuningdek, strategik maqsad sifatida Rossiya orbital stansiyasini (ROS) barpo etish alohida koʻrsatib oʻtilgan. Bu loyiha kelajakdagi uzoq koinot tadqiqotlari uchun asosiy baza boʻlib xizmat qilishi kutilmoqda.
RKK Energiya — Rossiyaning boshqariladigan kosmik kemalarini ishlab chiquvchi asosiy korporatsiya hisoblanadi. Sergey Korolyov asos solgan afsonaviy OKB-1 vorisi boʻlgan ushbu kompaniya oʻn yillar davomida Soyuz va Progress kemalarini, shuningdek, Salyut va Mir orbital stansiyalarini yaratish bilan shugʻullanib kelgan.
Bugungi kunda korporatsiya Xalqaro kosmik stansiyaning (XKS) Rossiya segmenti va boshqa koʻplab yirik kosmik loyihalarni boshqarib, sohadagi yetakchiligini saqlab qolishga intilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!